Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasining qurilishi” investitssiya loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-martdagi PQ-1943-sonli “Namangan viloyatida 900 MVt quvvatga ega boʻlgan issiqlik elektr stansiyasini qurish toʻgʻrisida”gi hamda 2015-yil 1-maydagi PQ-2342-sonli “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasining qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, shuningdek zamonaviy generatsiya quvvatlarini joriy qilish hisobiga Fargʻona vodiysi viloyatlari isteʼmolchilari elektr taʼminoti ishonchliligini oshirish maqsadida:
1. “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasining qurilishi” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirish doirasida:
zimmasiga qurilish boʻyicha bosh buyurtmachi vazifasi yuklatilgan “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi tashkil qilinganligi;
Toʻraqoʻrgʻon IES obyektlari qurilishi uchun Namangan viloyati hokimligi tomonidan Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida yer uchastkalari ajratilganligi;
“Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi maʼmuriy-maishiy korpusi qurilishi boʻyicha ishlar yakunlanganligi, shuningdek Toʻraqoʻrgʻon IES yordamchi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarining qurilishi yakuniga yetayotganligi;
xalqaro tender savdolari oʻtkazilganligi hamda ularning natijalariga koʻra “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi hamda tender savdolari gʻolibi — “Mitsubishi orporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems, Ltd.” (keyingi oʻrinlarda — xorijiy kompaniyalar konsorsiumi) kompaniyalari konsorsiumi oʻrtasida 2016-yil 10-noyabrda qiymati 28,965 mlrd. yapon ieni, 47,46 mln. yevro va 427,219 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha UZB/TUR-002-sonli kontrakt (keyingi oʻrinlarda — kontrakt) imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzbekenergo” AJ va Namangan viloyati hokimligi belgilangan tartibda “Mitsubishi orporation”, “Mitsubishi Hitachi Power Systems, Ltd.” xorijiy kompaniyalariga va ularning subpudratchilariga, shuningdek ular tomonidan jalb qilinadigan loyiha, injiniring va subpudrat tashkilotlariga loyihalash va qurilish, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriluvchi jihozlar, butlovchi mahsulotlar, xom-ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, priborlar, asbob-uskunalar va maxsus transport vositalariga xizmatlar koʻrsatish va sertifikatsiyalash uchun oʻz vaqtida litsenziyalar va ruxsatnomalar berilishini taʼminlasinlar.
3. “Oʻzbekenergo” AJ “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasiga, istisno tariqasida, 2018-yil 31-dekabrgacha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan birgalikda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasidagi qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilsin.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xorijiy kompaniyalar konsorsiumi va uning subpudrat tashkilotlari manziliga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib keladigan yuklarning belgilangan stansiyalargacha yetib kelishi va yuklarni tushirish uchun vagonlarning oʻz vaqtida berilishini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin, bunda belgilangan tartibda yuk tashish uchun toʻlovlarni undirsin.
5. “Oʻzbekenergo” AJ “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi investitsiya loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab yirik oʻlchamli va ogʻir vaznli qurilmalarni transportirovka qilish jarayonida yoʻllar va koʻpriklarni mustahkamlash boʻyicha ishlarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, investitsiya loyihasi doirasida, tuzilgan kontraktning amalda boʻlishi davrida va kontraktda belgilangan kafolat muddatigacha:
“Oʻzbekenergo” AJ “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi, xorijiy kompaniyalar konsorsiumi va uning subpudrat tashkilotlari tomonidan olib kiriladigan, shu jumladan “vaqtinchalik olib kirish” rejimida olib kiriladigan, jihozlar, butlovchi mahsulotlar, xom-ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, priborlar, asbob-uskunalar va maxsus transport vositalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadilar;
mahalliy mahsulot yetkazib beruvchilar va subpudrat tashkilotlari tomonidan xorijiy kompaniyalar konsorsiumi va uning subpudrat tashkilotlariga Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi tashqarisiga haqiqatda chiqmagan holda realizatsiya qilinadigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) nol stavkasi boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻiga tortiladilar.
7. Investitsiya loyihasi doirasida, tuzilgan kontraktning amalda boʻlishi davrida va kontraktda belgilangan kafolat muddatigacha:
“Oʻzbekenergo” AJ “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajarilgan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovidan hamda yuridik shaxslar mulki soligʻidan;
“Oʻzbekenergo” AJ “Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi direksiyasi” unitar korxonasi, xorijiy kompaniyalar konsorsiumi va uning subpudrat tashkilotlari, ularning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari — koʻrsatiladigan xizmatlar, olib kiriladigan jihozlar, butlovchi mahsulotlar, xom-ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, priborlar, asbob-uskunalarni Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organlarida litsenziyalash va sertifikatlashtirish jarayonidagi yigʻimlar, davlat bojlari va toʻlovlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — xorijiy kompaniyalar konsorsiumi va uning subpudrat tashkilotlari — toʻlov manbasidan hamda doimiy muassasa orqali olinadigan yuridik shaxslar foydasi soligʻidan;
xorijiy jismoniy shaxslar — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan;
istisno tariqasida, respublikada tegishli akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalari mavjud boʻlmagan taqdirda, olib kiriladigan jihozlar, butlovchi mahsulotlar, xom-ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, priborlar, asbob-uskunalar va maxsus transport vositalarini majburiy sertifikatsiya qilish amaliyotidan;
xorijiy kompaniyalar konsorsiumi, uning subpudrat tashkilotlari va transport kompaniyalari — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirish uchun yigʻimlar toʻlovidan, ogʻir vaznli va yirik oʻlchamli transport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi umumiy foydalanishdagi yoʻllardan oʻtishi uchun toʻlovlardan ozod qilinsinlar.
8. Mazkur qarorning 6- va 7-bandlarida koʻzda tutilgan imtiyozlarning berilishi natijasida boʻshaydigan jami mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining mazkur investitsiya loyihasining amalga oshirilishiga ulushi sifatida belgilab qoʻyilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi ekspert kuzatuvi orqali loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida bajariladigan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 1-maydagi PQ-2342-sonli ““Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 7-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishi boʻyicha nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari G. Ibragimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 30-dekabr,
PQ-2709-son