Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan fotoelektrik stansiyani qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan fotoelektrik stansiyani qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 14-apreldagi PQ-4677-son qaroriga muvofiq hamda Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan fotoelektrik stansiyasini koʻrishni oʻz vaqtida boshlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Maxkamasi qaror qiladi:
1. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda investor oʻrtasida 2019-yil 8-noyabrda Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan fotoelektrik stansiyasini qurish investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirish boʻyicha investitsiya bitimi tuzilganligi va unga koʻra investor oʻz huquq va majburiyatlaridan loyiha kompaniyasi foydasiga voz kechganligi;
“Nur Navoi Solar” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga (keyingi oʻrinlarda — loyiha kompaniyasi) investor maqomi, huquqlari va majburiyatlari tatbiq etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan:
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning loyiha kompaniyasi oldidagi toʻlov majburiyatlari akkreditiv orqali bajarilgan taqdirda, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Natixis” banki bilan Jaxon banki tomonidan tayyorlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi “Natixis” banki xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning “Natixis” banki oldidagi toʻlov majburiyatlari Jaxon banki kafolati orqali bajarilgan taqdirda, Jaxon banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maqbul shakldagi Jaxon banki xarajatlarini qoplash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
3. Loyiha kompaniyasi investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovlaridan) istisno tariqasida ozod qilinsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-oktabr,
667-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 09/20/667/1434-son)