Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bugʻ-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 28-dekabrdagi PQ-4553-son va “Oʻzbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-yanvardagi PQ-4563-son qarorlariga muvofiq, shuningdek zamonaviy energiya samarador texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini yanada rivojlantirish, respublikaning yagona energetika tizimining shimoli-gʻarbiy qismida elektr tarmoqlarini rivojlantirish evaziga 2020 — 2026-yillarda yangi tashkil etiladigan sanoat obyektlarini hamda respublika aholisini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17 — 20-dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) oʻrtasida “Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bugʻ-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirish uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga quyidagi foiz stavkalarda 128 246,0 million yapon iyenasi miqdorida:
konsalting xizmatlari uchun yillik 0,01 foiz stavkada;
bugʻ-gaz qurilmasini qurish uchun yillik 0,5 foiz stavkada qarz bitimi imzolanganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalkaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-iyuldagi PQ-3857-son qaroriga muvofiq xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida soliq va bojxona imtiyozlari taqdim qilinishi;
v) investitsiya loyihasini amalga oshirish muddati 5 yil (2020 — 2024-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ investitsiya loyihasining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish yuzasidan masʼul ijrochi hisoblanadi;
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) qarz mablagʻlarini oʻzlashtirish investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangandan soʻng boshlanadi;
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ investitsiya loyihasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ajratgan qarzlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul tashabbuskor hisoblanadi;
investitsiya loyihasi uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ajratgan qarzlarni qaytarish, foiz hamda vositachilik va boshqa xarajatlar bilan bogʻliq toʻlovlarni toʻlash “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan ajratilgan qarzlardan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish yuzasidan “MUFG Bank, Ltd” (Yaponiya) banki bilan banklararo bitimni tuzish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (moliyaviy agent), “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ oʻrtasidagi qarzlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi agentlik bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
5. “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJga investitsiya loyihasi doirasida bosh pudratchini tanlab olish uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish, tender oʻtkazish va tender qatnashchilarining tender takliflarini baholash boʻyicha konsalting xizmatlari uchun, istisno tariqasida, tender oʻtkazmasdan “Tokyo Electric Power Services Co., Ltd” (Yaponiya) kompaniyami bilan 589,0 million yapon iyenasi miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat berilsin.
6. Mazkur karorning bajarilishini nazorat kilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iktisodiy alokalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-sentabr,
549-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2020-y., 09/20/549/1273-son)