Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR ORGANLARINI MUSTAHKAMLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining, xalq xoʻjaligi obyektlarining ishonchli yongʻin xavfsizligini, “OʻzDEUavto” qoʻshma korxonasining temir yoʻl transportida tashiladigan mahsulotlari va boshqa qimmatli yuklarning saqlanishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga “OʻzDEUavto” qoʻshma korxonasining mahsulotlari va boshqa qimmatli yuklar ortilgan sostavlarni kuzatib borish boʻyicha Asaka stansiyasida ichki ishlar liniya boʻlimini va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transport ichki ishlar boshqarmasi maxsus militsiya batalonini tashkil etish uchun ilovaga muvofiq 226 nafardan iborat qoʻshimcha xodimlar ajratilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxiatosh, Qoʻngʻirot, Andijon viloyatining Asaka va Xorazm viloyatining Xiva shaharlarida harbiylashtirilgan yongʻin muhofazasi boʻlimlari tashkil etilsin. 1997-yil 1-yanvardan boshlab koʻrsatib oʻtilgan shaharlarda, tegishli ravishda 182 nafar xodimdan iborat professional yongʻin muhofazasi boʻlinmalari tugatilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar uchun 200 shtat birligi ajratilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi, “Oʻzdavneftmahsulot” davlat-aksionerlik birlashmasi mazkur qarordan kelib chiquvchi maqsadlar uchun qoʻshimcha xodimlar ajratilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligini moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoʻshimcha ajratilgan shtatlarni xodimlar bilan butlash yuzasidan zarur choralar koʻrsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 4-noyabr,
378-son
Respublika ichki ishlar organlarini mustahkamlash uchun qoʻshimcha ravishda ajratilgan xodimlar soni
| HAMMASI | — 226 nafar |
| shu jumladan: | |
| katta va oʻrta boshliqlar tarkibi | — 35 |
| kichik boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibi | — 189 |
| ishchi va xizmatchilar | — 2 |
| ulardan: | |
| Asaka stansiyasida ichki ishlarning liniya boʻlimini tashkil etish uchun | — 13 |
| “OʻzDEUavto” qoʻshma korxonasining mahsulotlari va boshqa qimmatli yuklar ortilgan sostavlarni kuzatib borish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport ichki ishlar boshqarmasi maxsus militsiya batalonini tashkil etish uchun | — 213 |