Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Termiz” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida
Chegaradosh mamlakatlar, hususan Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan samarali savdo va transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro yuklarni tashish xavfsizligini taʼminlash va tranzit salohiyatini kengaytirish, chegara atrofi mintaqalarining resurs bazasidan kompleks foydalanish hamda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Surxondaryo viloyati chegara yaqini zonasida ilgari ajratilgan 3000 gektar maydonli yer uchastkasi hududida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda — “Termiz” EIZ)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Termiz” EIZ faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
EIZ hududida birinchi navbatda klaster yondoshuvidan keng foydalangan holda EIZ qatnashchilari oʻrtasidagi mustahkam kooperatsiya asosida mahalliy xomashyo va materiallar negizida raqobatbardosh tayyor mahsulot va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarni barpo etish;
EIZ hududlaridagi sanoat korxonalari va infratuzilma obyektlarida yangi malakali ish oʻrinlari yaratilishini, buning asosida respublika mintaqalari aholisining bandlik darajasi va daromadlari oshirilishini taʼminlash;
mahalliy mineral-xomashyo respurslarini chuqur qayta ishlash va jahonga mashhur brendlar ostida yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun oʻz hududlarida EIZ tashkil qilingan mintaqalarning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash;
yetakchi xorijiy kompaniyalar va korporatsiyalar ishtirokida zamonaviy yuqori texnologiyali innovatsion ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun investitsiyalar, eng avvalo xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha gʻoyat qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari koʻrsatish boʻyicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish.
3. Belgilansinki:
“Termiz” EIZning faoliyat koʻrsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va uni keyinchalik uzaytirish ehtimoli bor;
faoliyat yuritish mobaynida “Termiz” EIZ hududida alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
“Termiz” EIZ qatnashchilarining hududi chegarasigacha tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilmalar qurilishi teng ulushlarda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Surxondaryo viloyatining mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-avgustdagi PF-5794-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 06/19/5794/3669-son)
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-sonli Farmoni 3, 4, va 5-bandlarining qoidasi “Termiz” EIZ qatnashchilariga nisbatan;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ““Urgut” “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 12-yanvardagi PF-4931-sonli Farmoni 8-bandining qoidasi “Termiz” EIZ direksiyasiga nisbatan joriy etilsin.
5. “Termiz” EIZ bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha:
Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK” DUK — buyurtmachi etib;
tanlov asosidagi loyiha tashkiloti — bosh loyiha tashkiloti etib;
Surxondaryo viloyati mahalliy budjetining mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar — moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
6. Surxondaryo viloyatining erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalarining maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Termiz” EIZga kiruvchi hudud chegaralarini belgilashni va “Termiz” EIZ direksiyasi faoliyatini tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Termiz” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini, zarur hollarda Toshkent shahridagi Islom Karimov nomli xalqaro aeroportda konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Termiz” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtinchalik yashash joylarida vaqtincha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda davlat boji undirilmasdan taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Termiz” EIZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etishga ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi)ni, shuningdek, ushbu mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi I.B. Abdullayev va Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi B.B. Poʻlatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-sentabr,
PF-5540-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.09.2018-y., 06/20/5540/0974-son; 29.08.2019-y., 06/19/5794/3669-son)