Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Osiyo Taraqqiyot Banki ishtirokida “Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1 bosqich)” loyixasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Toshkent viloyatining Qibray va Zangiota tumanlari aholisi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
2016-yil 11-noyabrda Osiyo taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda OTB deb ataladi) Direktorlar kengashi “Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasini (keyingi o‘rinlarda loyiha deb ataladi) amalga oshirish uchun Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasiga 25 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan 86,537 mln. maxsus qarz olish huquqi (120,9 mln. AQSH dollari ekvivalentida) miqdorida qarz berishni ma’qulladi;
ushbu loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining ulushi soliq va bojxona imtiyozlari berish ko‘rinishida ekvivalentda 22,928 mln AQSH dollarini tashkil etadi;
loyihani amalga oshirish davri 9 yilni (2017 — 2025-yillar) tashkil etadi.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi, Toshkent viloyati hokimligi va Toshkent viloyati “Suvoqava” davlat unitar korxonasi (keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati “Suvoqava” DUK deb ataladi) loyihani amalga oshirish, OTB qarzidan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
loyihani amalga oshirish davrida Osiyo taraqqiyot banki qarzi bo‘yicha foizlarni to‘lash Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;
OTB qarzini so‘ndirish va loyihani amalga oshirish yakunlangandan so‘ng foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar (2021-yilning ikkinchi yarmidan boshlab) Toshkent viloyatining “Suvoqava” DUK mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri O‘zbekiston Respublikasi nomidan Osiyo taraqqiyot banki bilan qarz bitimini, O‘zbekiston Respublikasi, O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi, Toshkent viloyati hokimligi va Toshkent viloyati “Suvoqava” DUK o‘rtasida Osiyo taraqqiyot banki qarzini qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimni imzolasin;
O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktori va Toshkent viloyatidagi “Suvoqava” DUK direktori Osiyo taraqqiyot banki bilan Loyiha bitimini imzolasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi Qarz bitimi, O‘zbekiston Respublikasi, O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi, Toshkent viloyati hokimligi va Toshkent viloyatining “Suvoqava” DUK o‘rtasidagi Osiyo taraqqiyot banki qarzini qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Quyidagilar:
“Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
“Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasi bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki qarzini qaytarish va foizlarni to‘lashning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
“Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasi bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash ulushlarini taqsimlash prognozi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
6. O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktori, Toshkent viloyati hokimi va Toshkent viloyati “Suvoqava” DUK direktori zimmasiga:
loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslash parametrlariga muvofiq loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydigan tashkiliy-texnik tadbirlarni o‘tkazish;
Osiyo taraqqiyot banki qarzidan maqsadli foydalanish hamda O‘zbekiston Respublikasi, O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi, Toshkent viloyati hokimligi va Toshkent viloyati “Suvoqava” davlat unitar korxonasi o‘rtasida Osiyo taraqqiyot banki qarzini qayta kreditlash to‘g‘risidagi Bitim shartlariga muvofiq Osiyo taraqqiyot banki qarzini qaytarish va u bo‘yicha foizlar to‘lash uchun zarur mablag‘larning Toshkent viloyati “Suvoqava” davlat unitar korxonasiga o‘z vaqtida to‘planishini ta’minlash.
7. Toshkent viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi Qarz bitimi shartlariga muvofiq suv quvurlari inshootlari va tarmoqlarini qurish uchun zarur bo‘lgan yerlarning o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin.
8. Loyihani muvofiqlashtirish va boshqarish funksiyalari O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligining Osiyo taraqqiyot bankining amaldagi Loyihalarni muvofiqlashtirish guruhiga yuklansin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi loyihaning keyingi yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilishini belgilangan tartibda ta’minlasinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yildan boshlab kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini shakllantirishda OTB qarzi bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish va foizlarni to‘lash uchun zarur mablag‘larni Toshkent viloyati “Suvoqava” DUKning ushbu maqsadlarga 3-ilovaga* muvofiq ulushlarda yo‘naltiriladigan o‘z mablag‘lariga qo‘shimcha ravishda nazarda tutsin.
* Ilovalar berilmaydi.
11. “Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasini amalga oshirish doirasida:
Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari yoki bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari), qo‘shilgan qiymat solig‘i, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar va yig‘imlar hisobiga sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va maxsus transport vositalari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bundan mustasno;
loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar — yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lashdan;
loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar — jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilsin.
Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlar berilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar summasi O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qo‘shgan hissasi hisoblanadi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi “Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasini amalga oshirish doirasida loyiha hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda qurilish-montaj ishlarining bajarilishi sifati ustidan tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligining buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligining buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligining buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni jalb etishga ruxsatnomalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 3-mart,
PQ-2818-son