O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HARBIY XIZMATChILARI TA’MINOTINI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yopiq harbiy shaharchalarda va uzoqdagi garnizonlarda yashovchi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ta’minotini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zbaliq” davlat korporatsiyalari, “O‘zbeksavdo”, “O‘zgo‘shtsutsanoat”, “Yog‘moytamakisanoat”, “Oziqovqatsanoat” uyushmalari harbiy xizmatchilarga va ularning oila a’zolariga harbiy do‘konlar tarmoqlari orqali sotish uchun mo‘ljallangan tegishli turdagi mahsulotlarni prognoz parametrlarida nazarda tutsinlar hamda ularning to‘liq hajmda birinchi navbatda yetkazib berilishini ta’minlasinlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, O‘zbekbirlashuv va “O‘zmaishiyxizmatuyushma” harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hayot faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratishda harbiy savdo korxonalari va tashkilotlariga amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etilsin, eng zarur sanoat va oziq-ovqat tovarlari turlari bilan to‘liq hajmda ta’minlasinlar, maishiy xizmat ko‘rsatish va harbiy savdo korxonalariga ega bo‘lmagan uzoqdagi va kam sonli garnizonlarda ularga maishiy xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashsinlar.
2. Markaziy bankka hamda Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi korxonalari va tashkilotlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga xalq iste’mol tovarlari sotib olish uchun joylarda o‘z bo‘limlari orqali ularga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta mablag‘ bilan ta’minlash stavkasi doirasida kredit berilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Savdo bosh boshqarmasiga 1996-yilning to‘rtinchi choragida 25 mln. so‘m miqdorida aylanma mablag‘lar ajratsin.
4. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi 1997-yilgi adresli dasturni shakllantirishda 1-ilovaga* muvofiq harbiy do‘konlar, zobitlar oshxonalari va askarlar choyxonalari qurilishiga kapital mablag‘lar limitini nazarda tutsin.
* Ilova berilmaydi.
5. Joylardagi harbiy savdo organlariga ular tomonidan nooziq-ovqat tovarlarini O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi qismlari, muassasalari, korxonalari va tashkilotlaridagi harbiy do‘konlar tarmog‘i orqali naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha sotishga ruxsat berilsin.
6. Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda 2-ilovaga* muvofiq harbiy savdo obyektlarini balansdan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi balansiga tekin bersinlar.
* Ilova berilmaydi.
Berilayotgan inshootlar joylashgan yer uchastkalaridan foydalanish huquqiga oid tegishli davlat dalolatnomalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilsin va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga berilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-oktabr,
372-son