Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Yulovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro tashish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga, ikki mamlakat oʻrtasida va ularning hududlari orqali tranzit tarzda yoʻlovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro tashishni rivojlantirishga hissa qoʻshish, shuningdek, davlatlar oʻrtasida yoʻlovchi va yuklarning avtomobil qatnovini yengillashtirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I. Qoʻllanilish sohasi
1-modda
1. Mazkur Bitim qoidalari Tomonlardan birining davlati hududida ruyxatdan oʻtgan tashuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan Tomonlar davlatlarining hududlari oʻrtasida, ularning hududlari orqali tranzit tarzda va uchinchi davlatlar hududlariga/hududlaridan davlat chegarasida oʻrnatilgan oʻtkazish punktlari orqali xalqaro avtomobil qatnovi uchun ochiq boʻlgan yoʻllarda avtomobilda yoʻlovchi va yuklarni tashishga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Bitim Tomonlarning davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
II. Taʼriflar
2-modda
Mazkur Bitimda qoʻllanilgan atamalar quyidagi maʼnolarga ega:
1. “Tashuvchi” Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatdan oʻtgan, mulkchilik yoki boshqa qonuniy asoslarda avtotransport vositasiga egalik qilayotgan hamda uning milliy qonunchiligiga muvofiq yoʻlovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi.
2. “Avtotransport vositasi” quyidagilarni anglatadi:
yoʻlovchilarni tashishda — avtobus, yaʼni yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan va haydovchi oʻrindigʻi bilan hisoblaganda 9 tadan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan avtotransport vositasi;
yuklarni tashishda — yuklarni tashishga moʻljallangan avtotransport vositasi, shu jumladan, yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili, shatakchi avtomobil yoki yarim tirkamali shatakchi avtomobil.
3. “Yoʻlovchilarni muntazam tashish” Tomonlarning vakolatli organlari oldindan tasdiqlagan yoʻnalishlar, jadvallar, tariflar (stavkalar), tashuvchi tomonidan yoʻlovchilar chiqariladigan va tushiriladigan bekatlar boʻyicha amalga oshiriladigan yoʻlovchilarni avtobusda tashishni anglatadi.
4. “Yoʻlovchilarni nomuntazam tashish” yoʻlovchilarni avtobuslarda tashishning “yoʻlovchilarni muntazam tashishlar” atamasiga kirmaydigan boshqa barcha turlarini anglatadi.
5. “Ruxsatnoma” Tomonlardan birining vakolatli organi tomonidan taqdim etiladigan hamda boshqa Tomon davlati hududida roʻyxatga olingan avtotransport vositalariga birinchi Tomon davlati hududi boʻylab yoki u orqali qatnovni amalga oshirish huquqini beradigan xujjatni anglatadi.
6. “Tranzit” Tomonlardan birining davlati hududi orqali yoʻlovchi va yuklarni tashishni anglatadi, bunda joʻnash va yetib borish manzili ushbu Tomon davlati xududidan tashqarida joylashgan boʻladi.
7. “Uchinchi mamlakatlarga/mamlakatlardan tashish” bir Tomon davlati hududida roʻyxatdan oʻtgan tashuvchilar tomonidan boshqa Tomon davlati hududida joylashgan bir punkt bilan ushbu Bitimga ishtirokchi boʻlmagan uchinchi mamlakat hududida joylashgan boshqa punktlar oʻrtasida amalga oshiriladigan motorli avtotransport vositasida yuk tashishni anglatadi.
8. “Xavfli yuklar” muayyan omillar mavjud boʻlganda oʻz xususiyatlari va xossalariga koʻra tashish, ortish yoki tushirish jarayonida yuklar, texnik vositalar, uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki zarar koʻrishiga, shuningdek, odamlar hayoti, sogʻligʻi va atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, mahsulot va chiqindilarni anglatadi.
III. Yoʻlovchilarni tashish
3-modda
1. Yoʻlovchilarni muntazam tashish Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha tashkil etiladi.
2. Bunday tashishni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflar Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan oldindan taqdim etiladi. Ushbu takliflar tashuvchining nomi, yoʻnalishlar, harakat jadvali, tariflar, tashuvchi tomonidan yoʻlovchilar chiqariladigan va tushiriladigan toʻxtash bekatlari, shuningdek, rejalashtirilgan tashish davri va muntazamligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi lozim.
3. Tomonlarning vakolatli organlari oʻz davlatlari hududlari orqali yoʻlovchilarni muntazam tashishni tashkil etish tartibini (yozma ravishda) tasdiqlaydilar.
4-modda
1. Ikki mamlakat oʻrtasida yoki ularning hududlari orqali tranzit tarzda yoʻlovchilarni nomuntazam tashishni amalga oshirish uchun Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnoma talab etiladi. Tomonlarning vakolatli organlari ruxsatnoma blankalarini almashish tartibini oʻzaro kelishib oladilar.
2. Tomonlarning vakolatli organlari ruxsatnomani oʻz davlatlari hududlari orqali oʻtadigan yoʻl qismi uchun taqdim etadilar.
3. Yoʻlovchilarni har bir nomuntazam tashish uchun bir marotaba manzilga borish va qaytishni amalga oshirish huquqini beruvchi alohida ruxsatnoma taqdim etilishi lozim, basharti ruxsatnomada oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
IV. Yuklarni tashish
5-modda
1. Tomonlar davlatlarining xududlari oʻrtasida, ularning hududlari orqali tranzit tarzda, shuningdek, uchinchi mamlakatlarga/mamlakatlardan yuklarni tashish Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida avtotransport vositalarida amalga oshiriladi, mazkur Bitimning 6-moddasida nazarda tutilgan tashishlar bundan mustasno.
2. Har bir avtotransport vositasiga alohida ruxsatnoma beriladi va u faqat ruxsatnomani olgan tashuvchi uchun amal qiladi. Har bir shunday ruxsatnoma bir marotaba manzilga borish va qaytish uchun tashishni amalga oshirish huquqini beradi. Joriy yil davomida berilgan ruxsatnomalar keyingi yilning 31-yanvarigacha haqiqiy hisoblanadi. Ruxsatnoma yuksiz oʻtish uchun ham talab etiladi.
3. Tomonlarning vakolatli organlari har yili yuklarni xalqaro tashish uchun tenglik asosida pullik va/yoki bepul ruxsatnoma blankalari sonini oʻzaro kelishib oladilar va ularni bir-birlariga topshiradilar. Ushbu ruxsatnomalarda ularni taqdim etgan Tomon vakolatli organining muhri va masʼul shaxsining imzosi boʻlishi lozim. Tomonlardan birining iltimosiga koʻra qoʻshimcha ruxsatnomalar berilishi mumkin.
4. Tomonlarning vakolatli organlari ruxsatnomalarni almashish tartibini oʻzaro kelishib oladilar.
6-modda
Ruxsatnomalar quyidagilar yuzasidan tashuvlar uchun talab etilmaydi:
a) boshqa joyga koʻchib oʻtayotganda koʻchar mulklar;
b) yarmarka va koʻrgazmalar uchun muljallangan material va buyumlar, shu jumladan, sanʼat asarlari;
c) sport tadbirlari uchun moʻljallangan transport vositalari, inventarlar va sport buyumlari;
d) teatr bezak va ashyolari, musiqa asboblari, faqat reklama va axborot maqsadlarida foydalaniladigan materiallar va buyumlar, radio eshittirishlarini yozib olish, film va telekoʻrsatuvlarni tasvirga tushirish, shuningdek, sirk tomoshalari uchun moʻljallangan asbob-uskunalar;
e) vafot etganlarning jasadlari va hoklari;
f) tabiiy ofatlar roʻy berganda yoki qutqaruv operatsiyalari, gumanitar va tibbiy yordam maqsadlarida amalga oshiriladigan tashish;
g) tirkama va/yoki yarim tirkamalari bilan birga umumiy vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan avtotransport vositalarida amalga oshiriladigan tashish;
h) tirik hayvonlar;
i) pochta joʻnatmalari.
V. Umumiy qoidalar
7-modda
1. Xalqaro tashishni amalga oshirayotgan avtotransport vositalari oʻz davlatlarining roʻyxatga olish raqamlari va farqlovchi belgilariga ega bulishlari lozim.
2. Tashuvchilarga boshqa Tomon davlati hududida joylashgan ikki punktlar oʻrtasida yoʻlovchi yoki yuklarni tashishga ruxsat etilmaydi.
8-modda
1. Tomonlarning avtotransport vositalari haydovchilari oʻz avtotransport vositalarining toifasiga mos boʻlgan milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalariga hamda avtotransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida milliy hujjatlarga ega boʻlishlari lozim.
2. Milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomasi hamda avtotransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgrisida milliy hujjatlar 1968-yil 8-noyabrda qabul qilingan Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
3. Mazkur Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar ular tegishli boʻlgan avtotransport vositasida boʻlishi va tegishli organlarning talabiga koʻra taqdim etilishi lozim.
9-modda
1. Yuksiz yoki yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositasining oʻlchamlari va vazn parametrlari boshqa Tomon davlati hududida belgilangan standartlardan ortiq boʻlsa, tashuvchi mazkur davlat milliy qonunchiligiga muvofiq ushbu boshqa Tomonning vakolatli organidan maxsus ruxsatnoma olishi lozim.
2. Basharti ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan ruxsatnoma avtotransport vositasining muayyan yoʻnalish boʻylab harakatlanishiga ruxsat berilishini nazarda tutsa, tashish faqat mazkur yoʻnalish buyicha amalga oshirilishi lozim.
10-modda
Qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, harbiy uskunalar hamda boshqa maxsus va xavfli yuklarni Tomonlar davlatlarining hududlari orqali tashish va tranzit tarzda olib oʻtish ularning milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, ularning hududlariga olib kirish, hududlaridan olib chiqish va tranzit tarzda olib oʻtish uchun taqiqlangan yuklar roʻyxatini bir-birlariga taqdim etadilar.
11-modda
1. Tomonlardan birining mazkur Bitim doirasida tashishni amalga oshirayotgan va bepul ruxsatnomaga ega boʻlgan avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur Bitimning 6-moddasiga muvofiq tashuvlarni amalga oshirayotgan avtotransport vositalari boshqa Tomon davlati hududida amalda boʻlgan motorli avtotransport vositalariga egalik qilish va ulardan foydalanish hamda avtomobil yoʻllaridan foydalanish va ularni saqlash bilan bogʻliq yigʻim va toʻlovlardan ozod etiladi, quyidagilar bundan mustasno:
pullik avtomobil yoʻllari, koʻprik va tunnellardan foydalanish uchun yigʻim va toʻlovlar, basharti ular ushbu Tomonning avtotransport vositalari uchun ham toʻlanishi lozim boʻlsa;
avtotransport vositasining vazni, oʻlchamlari va yuk koʻtaruvchanligi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligida belgilangan standartlardan oshib ketganligi uchun yigʻim va toʻlovlar.
2. Pullik yoʻllar, koʻprik va tunnellar mavjud boʻlganda, tashuvchi muqobil bepul avtomobil yoʻllarida tashishni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
3. Tomonlarning vakolatli organlari oʻz davlatlari hududlarida amal qilayotgan pullik yoʻllar, koʻprik va tunnellar toʻgʻrisida maʼlumot almashadilar.
12-modda
1. Mazkur Bitimga muvofiq tashishni amalga oshirishda Tomonlar davlatlarining hududlariga olib kiriladigan yoki ulardan olib chiqiladigan quyidagi predmetlar bojlar, soliqlar va yigʻimlardan oʻzaro ozod qilinadi:
a) tegishli avtotransport vositasi modeli uchun ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan oʻrnatilgan, dvigatelning taʼminot tizimiga texnologik va konstruktiv jihatdan bogʻliq boʻlgan sigʻimlardagi yoqilgʻi, shuningdek, isitish/sovutish qurilmalarining ishlashi uchun moʻljallangan, ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan tirkamalarda va yarim tirkamalarda oʻrnatilgan sigʻimlardagi yoqilgi. Biroq, Tomonlar avtotransport vositalarining standart sigʻimlaridagi toʻlovlardan ozod etiladigan yoqilgʻi miqdoriga nisbatan cheklov oʻrnatishlari mumkin;
b) tashish davomida foydalanish uchun zarur boʻlgan miqdordagi moylash materiallari;
s) boshqa Tomon davlati hududiga olib kiriladigan, xalqaro tashishni amalga oshirayotganda buzilgan avtotransport vositasini taʼmirlash uchun moʻljallangan va aniq maqsadda foydalanilishi tasdiqlangan ehtiyot qismlar, agregat va asbob-uskunalar.
2. Foydalanilmagan ehtiyot qismlar qaytarib olib ketilishi, almashtirilgan qismlar esa ushbu Tomon davlati hududidan olib chiqilishi yoki uning qonunchiligida belgilangan tartibda boshqa bojxona rejimi ostida rasmiylashtirilishi lozim.
13-modda
Har bir Tomon oʻz davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq, chegara, bojxona, sanitariya, veterinariya va fitosanitariya nazoratini, shuningdek, atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish boʻyicha nazoratni amalga oshiradi.
14-modda
Tomonlarning tashuvchilari va avtotransport vositalari ekipajlari avtotransport vositasi hududida turgan Tomon davlatining yoʻl harakati qoidalariga va milliy qonunchiligiga rioya qilishlari shart.
15-modda
Mazkur Bitimga muvofiq yoʻlovchi va yuklarni tashish avtotransport vositalari egalarining uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash sharti bilan amalga oshiriladi. Tashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq tashuvlarni amalga oshirayotgan har bir avtotransport vositasini oldindan sugʻurtalashi lozim.
16-modda
Tashuvchi yoki uning haydovchilari tomonidan boshqa Tomon davlati hududida uning milliy qonunchiligi yoki mazkur Bitim qoidalari buzilgan taqdirda, davlati hududida qoidabuzarlik sodir etilgan Tomonning vakolatli organi boshqa Tomonning vakolatli organini bu haqida xabardor qiladi, u esa oʻz davlati milliy qonunchiligiga muvofiq zarur choralar koʻradi. Tomonlarning vakolatli organlari koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir-birlarini oʻzaro xabardor qiladilar.
VI. Qoʻshma komissiya
17-modda
Mazkur Bitim qoidalariniig lozim darajada bajarilishini taʼminlash hamda Bitimni qoʻllashda yuzaga keladigan va Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar orqali hal etib boʻlmaydigan nizolarni tezda hal qilish maqsadida Qoʻshma komissiya tashkil etiladi.
Tomonlarning vakolatli organlari vakillaridan iborat boʻlgan Qushma komissiya oʻz majlislarini ulardan birining murojaatiga koʻra navbati bilan har bir Tomon davlati hududida oʻtkazadi.
Tomonlar Qoʻshma komissiya qarorlarini bajarish majburiyatini oladilar.
Qushma komissiya mazkur Bitim moddalariga oʻzgartish va qushimchalar kiritish yuzasidan tavsiyalar qabul qilishi mumkin.
18-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida, quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Tashqi savdo vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi;
Turkiya Respublikasi tomonidan — Transport, dengizchilik ishlari va aloqa vazirligi, Avtomobil transportini tartibga solish bosh departamenti.
Tomonlarning vakolatli organlari rasmiy nomlari va funksiyalari oʻzgargan taqdirda, Tomonlar diplomatik kanallar orqali bu haqida bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
19-modda
Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan har qanday nizolar oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
Mazkur Bitim va Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalar bilan tartibga solinmagan masalalar har bir Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq hal etiladi.
VII. Yakuniy qoidalar
20-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va Bitimning 21-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi.
21-modda
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining yakunlanganligi toʻgʻrisida Tomonlarning sungi yozma xabarnomasi diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab olti oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Mazkur Bitimning kuchga kirishi bilan 1992-yil 28-aprelda Toshkent shahrida imzolangan Uzbekiston Respublikasi Xukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida quruqlikdagi naqliyot toʻgʻrisida Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
Anqara shahrida 2017-yil 25-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)