Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish, tarmoq tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, ushbu sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini boshqarish sifatini oshirish, avtomobil va qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash zarurligini taqozo etmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, tarmoqlararo ishlab chiqarish kooperatsiyasi darajasini chuqurlashtirish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va ommabop qishloq xoʻjaligi texnikasiga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar qishloq xoʻjaligi mashinasozligini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini qayta koʻrib chiqish va unifikatsiya qilish, ularning sifatini yaxshilash, tannarxini pasaytirish va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlarining rentabelligini oshirish;
2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq zamonaviy moliyalashtirish tizimi, marketing siyosati, sotishdan keyingi va servis xizmati koʻrsatish siyosati nazarda tutilgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirishning yangi strategiyasini zarur boʻlganda, xorijiy konsalting kompaniyasini jalb qilgan holda ishlab chiqish va amalga oshirish;
investitsiya dasturlari, mahalliylashtirish va import oʻrnini bosish dasturlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotga ichki talabni qanoatlantirish, sanoatning elektrotexnika, avtomobil va boshqa tarmoqlari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan tarmoqlararo kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini joriy qilish, sohaga investorlarni jalb etish choralarini koʻrish;
hududlarda kompleks servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha dilerlik-servis tizimini tashkil qilish, davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilgan holda, qishloq xoʻjaligi texnikasiga buyurtmalarni shakllantirish;
sohaga oid boʻlmagan va norentabel aktivlarni xatlovdan oʻtkazish, ularni keyinchalik xususiylashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga belgilangan tartibda berish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda ― Agentlik), “Oʻzavtosanoat” AJ va “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning ilovadagi roʻyxatga muvofiq xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning ulushlarini (aksiyalarini), jamiyat ustav kapitalini beriladigan ulushlar (aksiyalar) balans qiymatiga kamaytirgan holda, Agentlikka berish va keyinchalik Agentlik tomonidan:
“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” MChJ, “Agrosanoatmashinvest” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushlarini (aksiyalarini) uch yil muddatga “Oʻzavtosanoat” AJning ishonchli boshqaruviga (keyingi oʻrinlarda ― ishonchli boshqaruvchi) berish;
“Urganchozuqamash” AJ va “Agrotex-lit” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushlarini (aksiyalarini) belgilangan tartibda savdoga qoʻyish;
“Agrotexmash-DD” MChJ va “Agromash sanoat invest” MChJ faoliyatini belgilangan tartibda tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlarini boshqarish samaradorligini oshirish, biznes-jarayonlar va ishlab chiqarilayotgan mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikasi turlarini optimallashtirish, respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasining milliy brendini yaratish, marketing tizimini rivojlantirish, shuningdek, ushbu qarorda nazarda tutilgan boshqa vazifalar ishonchli boshqaruvchining asosiy vazifalari sifatida belgilansin.
4. Agentlik:
bir oy muddatda ishonchli boshqaruvchi bilan ushbu qarorga ilovada keltirilgan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushlarini (aksiyalarini) ishonchli boshqarish toʻgʻrisida shartnomalar tuzilishini;
qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlarini samarali boshqarishni tashkil qilish uchun “Oʻzavtosanoat” AJning yangilangan tashkiliy tuzilmasi bir oy muddatda tasdiqlanishini;
“Oʻzavtosanoat” AJning oʻz nomlarida “UzAuto” brendidan (tovar belgisidan) foydalanish huquqiga ega boʻladigan sohaga ixtisoslashtirilgan alohida guruhlarga ajratilgan va 100 foiz ulushli ishtiroki bilan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shaklidagi boshqaruvchi kompaniyalar tashkil etilishi maʼqullanishini;
ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa korporativ harakatlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Ishonchli boshqaruvchiga xoʻjalik jamiyatlari boshqaruv organlari bilan kelishgan holda, quyidagi huquqlar berilsin:
eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalari boʻyicha xoʻjalik jamiyatlarini boshqarishga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish;
zarur foyda va rentabellikni hisobga olgan holda, ishlab chiqariladigan mahsulot narxini mustaqil belgilash;
uzoq va oʻrta muddatli strategiyalarni belgilash hamda xoʻjalik jamiyatlarning maqsadli parametrlarini tasdiqlash;
xoʻjalik jamiyatlarning ijro etuvchi organlarini tayinlash va ular bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
ishonchli boshqaruvga berilgan xoʻjalik jamiyatlar foydasini ishonchli boshqaruv shartnomasiga muvofiq taqsimlash.
6. Ishonchli boshqaruvchi manfaatdor vazirliklar, idoralar va ilgari jalb qilingan konsalting kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi dastur ishlab chiqilishini bir oy muddatda yakunlasin:
ishlab chiqarilayotgan texnika turlarini optimallashtirish, respublikada “yagona platforma” asosida ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi budjet modellarining milliy brendini yaratish;
bogʻdorchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik uchun texnika turlarini, qishloq xoʻjaligi uchun kichik mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish hamda umumiy ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish;
korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, “ERP” avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini, marketing tadqiqotlari natijalaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish hamda sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish;
oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda eksport ulushini koʻpaytirishni nazarda tutadigan “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash;
mashina-traktor parklarining mavjud texnikasi va boʻsh turgan yer maydonlarini optimallashtirish, ularni asosan taʼmirlash va servis xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashtirish.
7. Belgilansinki, ishonchli boshqaruvchi xizmatlariga haq toʻlash qoʻyilgan vazifalarning, biznes-reja parametrlarining bajarilishiga bogʻliq holda jamiyatlar ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha hisoblangan dividendlarning 10 foizi miqdorida qoʻshilgan qiymat soligʻini inobatga olgan holda hisoblab chiqariladigan bonus shaklida belgilanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:
2019-yil yakunlariga koʻra “Oʻzavtosanoat” AJ aksiyalari boʻyicha dividendlarni sof foydaning 30 foizi miqdorida hisoblash va dividendlarni toʻlash muddatini penya hamda foizlar hisoblanmasdan 2020-yil 31-dekabrgacha belgilash;
“Oʻzavtosanoat” AJ tashkil etadigan boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan “Oʻzavtosanoat” AJ tashkilotlari ustav fondlaridagi aksiyalarning (ulushlarning) 50 foizdan ortigʻini vakolatli boshqaruv organlari bilan kelishgan holda sotib olish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi ― Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻiga va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 8-iyul,
430-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyuldagi 430-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ustav kapitallaridagi “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ ulushlari (aksiyalari) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga “Oʻzavtosanoat” AJga ishonchli boshqaruvga, savdoga qoʻyish va faoliyatini tugatish uchun beriladigan xoʻjalik jamiyatlari
ROʻYXATI
|
T/r |
Aksiyadorlik jamiyatlar va masʼuliyati cheklangan jamiyatlar nomi |
Ulushlar (aksiyalar) miqdori |
|
|
I. Ulushlari (aksiyalar) “Oʻzavtosanoat” AJga ishonchli boshqaruvga beriladigan AJ va MChJlar |
|
|
1. |
“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ |
100 % |
|
2. |
“Agregat zavodi” AJ |
99,3 % |
|
3. |
“Texnolog” AJ |
98,8 % |
|
4. |
“Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ |
89,6 % |
|
5. |
“Qishloq xoʻjaligi mashinas�zligi konstruktorlik-texnologik markazi” MChJ |
99,6 % |
|
6. |
“Agrosanoatmashinvest” MChJ |
100 % |
|
II. Ulushlari (aksiyalar) savdoga qoʻyiladigan AJ va MChJlar |
||
|
7. |
“Urganchozuqamash” AJ |
26,0 % |
|
8. |
“Agrotex-lit” MChJ |
2,7 % |
|
|
III. Faoliyati tugatiladigan MChJ |
|
|
9. |
“Agrotexmash-DD” MChJ |
100 % |
|
10. |
“Agromash sanoat invest” MChJ |
100 % |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2020-y., 09/20/430/1038-son)