O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda samarali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi (keyingi o‘rinlarda — Elchixona deb yuritiladi) shtat jadvaliga 2018-yilning 15-sentabridan boshlab harbiy atashe qo‘shimcha lavozimi (1 nafar) kiritilsin.
2. Yangi kiritilayotgan harbiy atashe lavozimi, maqomi, mehnatga haq to‘lash va maishiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha mehnatga haq to‘lash fondini tegishli ravishda o‘zgartirgan holda Elchixonaning diplomatik tarkibi birinchi kotibi lavozimiga tenglashtirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Elchixonasi shtat jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi shtat jadvalidagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda 2018-yilda Elchixonani ta’minlab turish bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar smetasiga o‘zgartirishlar kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-yil uchun Davlat budjetida tasdiqlangan, xorijiy muassasalarni moliyalashtirish hajmlari doirasida Elchixona xarajatlarini moliyalashtirishni amalga oshirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi belgilangan tartibda Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Elchixonaning harbiy atashesi lavozimiga nomzod bo‘yicha takliflarni kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilangan tartibda diplomatik kanallar orqali Hindiston Respublikasining vakolatli organlari bilan Elchixonaning harbiy atashe lavozimiga O‘zbekiston tomoni nomzodini tayinlash masalasini kelishib olsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hindiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Elchixonasini ochish to‘g‘risida” 1994-yil 11-martdagi 133-sonli qarorining 2-bandi, shuningdek, uning 1-va 2-ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Kotibi V.V. Maxmudov va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X. Komilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-sentabr,
PQ-3940-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2018-y., 07/20/3940/0902-son)