Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika onkologiya va radiologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ehtiyojlari uchun ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining olib kirilishi va olib chiqib ketilishini uzluksiz taʼminlash toʻgʻrisida
Onkologiya kasalliklariga chalingan bemorlarga koʻrsatiladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifatini oshirish va budjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Respublika onkologiya va radiologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tomonidan Iridiy-192 ionlashtiruvchi nurlanish manbaida (keyingi oʻrinlarda INM deb ataladi) ishlaydigan radioterapiya asbobidan foydalaniladi;
INMni xarid qilishni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari, xorijiy davlatlar, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
“Oʻzmedimpeks” DUK Markaz uchun INMni yetkazib berishni amalga oshiradi;
INMning xizmat qilish muddati oʻtgach ular yetkazib beruvchi firma mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 7-noyabrdagi PF-5229-son Farmoniga muvofiq, tibbiyot buyumi sifatida “Oʻzmedimpeks” DUK tomonidan olib kiriladigan INM bojxona toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari) 2023-yil 1-yanvargacha ozod etilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenta tuziladigan import kontraktlari boʻyicha Markaz uchun INM (TIF TN boʻyicha kodi ― 2844 40 200 0) importini amalga oshirish uchun “Oʻzmedimpeks” DUKga litsenziya berilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
3. “Oʻzmedimpeks” DUK tuzilayotgan import kontraktlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirilgan INM roʻyxatlarining shuningdek, ularni olib kirish va olib chiqib ketish jadvallarining “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga oʻz vaqgida taqdim etilishini taʼminlasin.
4. Markaz import qilinayotgan INMni davlat tomonidan hisobga qoʻyish uchun “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga axborotlarning oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasin.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Markazga keltirilgan INMni yuklash-tushirish, saqlash va tayyorlash ishlarining toʻlov undirmasdan, xavfli yuklarni tashish va saqlash boʻyicha tegishli norma va talablarga rioya etgan holda amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
6. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi import qilinayotgan INMni tashish, saqlash, hisobga qoʻyish va ulardan maqsadli foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzmedimpeks” DUK xavfli yukning keltirilish joyi, sanasi va vaqti, yukni tashishga va yetkazib berishga jalb etiladigan avtotransport vositalari, xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalari yuk tashuvchilar tomonidan bajarilishini taʼminlash tadbirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
INMni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish punktidan Markazgacha tashishda, shuningdek, kelgusida ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketishda qoʻriqlanishi va kuzatib borilishini;
INMni tashish tadbirlariga jalb etiladigan maxsus uskunalangan avtotransport vositalarining texnik koʻrikdan oʻtkazilganligini hamda haydovchilarning yoʻriqnoma bilan tanishtirilganligini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining oldindan berilgan buyurtmanomalari boʻyicha, shartnoma asosida, belgilangan tartibda taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari K.V. Akmalov va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-fevral,
72-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2018-y., 09/20/72/0811-son)