O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash, shuningdek, ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish sohasida maxfiylikdan chiqariladigan ma’lumotlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-may,
316-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-maydagi 316-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish sohasida maxfiylikdan chiqariladigan ma’lumotlar
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari soni hamda ular joylashgan joy to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
3. Jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyati, ular tomonidan nomenklatura bo‘yicha va pul bilan ifodalanadigan ishlab chiqarilayotgan tovar mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar orasida o‘lim holatlari soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
5. Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va tibbiy tusdagi majburiy choralar qo‘llaniladigan mahkumlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.05.2020-y., 09/20/316/0643-son)