O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari to‘lash manbalarini belgilash, shuningdek, respublikaning mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha geologlarning mehnatini rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 245-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 11-son, 66-modda) bilan tasdiqlangan Sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-may,
303-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-maydagi 303-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan foydali qazilmalar yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (konlarning uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 2-banddagi “amalga oshirilgan bo‘lsa” so‘zlaridan keyin “(qimmatbaho va rangli metallar va uran konlari bundan mustasno)” so‘zlari qo‘shilsin.
2. 7-bandning ikkinchi xatboshisidagi “geologik tarkibi” so‘zlari “geologik tuzilishining” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. 18-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Pul mukofoti foydali qazilmalarning yangi konini ochishda va qidirishda yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konni (kon uchastkasini) tubdan qayta baholashda bevosita qatnashgan geologiya sohasidagi yuqori malakali geologlar, muhandis-texnik xodimlar, geofiziklar, geokimyogarlar, gidrogeologlar, topo-marksheydrlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari, shuningdek, qidirishning yuqori sur’atlarini va ishonchliligini oshirishga bevosita uslubiy va texnikaviy rahbarlikni amalga oshirgan yuqori tashkilot rahbarlari va mutaxassislariga to‘lanadi”.
4. 22-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “O‘zbekneftgaz” MXKning” so‘zlari “O‘zbekneftgaz” AJning” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilgan holda qimmatbaho, rangli metallar va uranning yangi konlarini ochganlik yoki ilgari ma’lum bo‘lgan konlarni (kon uchastkalarini) tubdan qayta baholaganlik uchun pul mukofotlari “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJ mablag‘lari hisobidan to‘lanadi”.
5. Nizomga 1-ilovaning 18-pozitsiyasi “III guruh” ustuni “a” kichik bandi quyidagi taxrirda bayon qilinsin:
“a) fabrikada qayta ishlash uchun 15 — 30 tonna oltin zaxirali”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.05.2020-y., 09/20/303/0625-son)