O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va takomillashtirish, ularning ishtirokida respublikada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish, iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlanishga ilg‘or tajriba va imtiyozli mablag‘larni keng jalb qilish hamda vazirlik va idoralarning xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarini muvofiqlashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-may,
PQ-4717-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PQ-4717-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 25-martdagi “Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi PQ-1310-son qarori 3-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-dekabrdagi “Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3439-son qarorida:
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. O‘zbekiston Respublikasidan quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi — xalqaro moliya institutlari (Xalqaro valyuta jamg‘armasi bundan mustasno) bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki — Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov — Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Islom taraqqiyot banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov — Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi;
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.A. Vafayev — Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Jahon banki guruhi, Islom taraqqiyot banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov — Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari etib belgilansin”;
7-bandning birinchi xatboshisidagi “Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi” so‘zlari “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.05.2020-y., 07/20/4717/0599-son)