Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyish
Soʻnggi yillarda respublika neft-gaz tarmogʻida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini, shu jumladan magistral gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish va texnologik yangilashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Respublika magistral gaz-transport tizimidagi jismonan va maʼnan eskirgan gaz quvurlari uchastkalari, kompressor stansiyalarining gaz xaydash agregatlarini yangilash va modernizatsiya qilish hamda tizimni 2030-yilgacha rivojlantirish dasturining bosh rejasini (Gas Master Plan) xorijiy moliyaviy institutlar bilan birgalikda 2020-yil sentyabr oyigacha ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Gaz-transport tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalarning mavjud quvvatlari va resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ularning korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va Xitoy Milliy Neftgaz Korporatsiyasi oʻrtasida “Oʻzbekiston-Xitoy” gaz quvurini qurish va foydalanish tamoyillari toʻgʻrisida 2007-yil 31-iyulda imzolangan Bitimga muvofiq tomonlarning 50 foizdan teng ulushlarda ishtirok etishi asosida “Asia Trans Gas” MChJ qoʻshma korxonasi (keyingi oʻrinlarda — qoʻshma korxona) tashkil etilganligi;
b) qoʻshma korxona tomonidan:
umumiy uzunligi 1 587 km boʻlgan “Oʻzbekiston-Xitoy” gaz quvurining birinchi va ikkinchi tarmogʻi 2010-yilda, uchinchi tarmogʻi 2012-yilda qurib ishga tushirilganligi;
2010 — 2019-yillar davomida gaz quvuri orqali sharqiy yoʻnalishda — Xitoy Xalq Respublikasiga jami 291,5 mlrd kub m2 ortiq tabiiy gaz uzatilganligi;
v) Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-son qaroriga muvofiq “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatiga:
tabiiy gazni keyinchalik yagona operator sifatida yetkazib berish, jumladan eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi tashkilotlar, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar asosida faoliyat yurituvchi qoʻshma korxonalar va xorijiy kompaniyalardan xarid qilish;
toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida magistral gaz quvuriga ulangan isteʼmolchilarga, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” AJ bilan komissiya shartnomalari asosida gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan isteʼmolchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalari yuklanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining qoʻshma korxona ustav kapitalidagi “Oʻzbekneftgaz” AJga tegishli boʻlgan 50 foiz miqdoridagi ulushini “Oʻztransgaz” AJning ustav kapitaliga berish orqali “Oʻzbekneftgaz” AJni qoʻshma korxona taʼsischilari safidan chiqarish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Neft va gaz tarmogʻi tashkilotlarining koronavirus pandemiyasi davrida moliyaviy barqarorligini taʼminlash hamda qoʻshma korxona ustav kapitalidagi tegishli ulushni “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻztransgaz” AJ oʻrtasida topshirilishi-qabul qilinishida vujudga kelishi mumkin boʻlgan majburiy toʻlovlar yukini maqbullashtirish maqsadida, istisno tariqasida, ushbu ulushni “Oʻztransgaz” AJ ustav kapitaliga oʻtaazilishi bepul asosda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻztransgaz” AJ belgilangan tartibda ushbu farmoyishning 2-bandida nazarda tutilgan qoʻshma korxona ustav kapitalidagi tegishli ulushni tomonlar oʻrtasida topshirilishi-qabul qilinishini hamda ushbu masala bilan bogʻliq tegishli boshqaruv organlarining qarorlari qabul qilinishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻztransgaz” AJ bilan birgalikda ushbu farmoyish talablaridan kelib chiqqan xolda, “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2007-yil 30-aprelda tuzilgan “Oʻzbekiston-Xitoy” gaz-quvurini qurish va foydalanish tamoyillari toʻgʻrisida”gi Bitimga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini oʻrnatilgan tartibda taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-may,
240-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.05.2020-y., 09/20/240-F/0569-son)