Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-iyuldagi PF-5761-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda prokuratura organlarining bino va inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlarini zarur mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida:
1. 2019-yil prokuratura organlari uchun bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha bajarilgan ishlar hajmidan 272,0 mlrd. soʻm kreditor karzdorlik (keyingi oʻrinlarda — qarzdorlik) vujudga kelganligi maʼlumot uchun qabul kilinsin.
2. Qarzdorlikning 172,0 mlrd. soʻmini moliyalashtirish manbasi etib 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetida geologiya qidiruv ishlari uchun rejalashtirilgan mablagʻlardan yil yakunigacha iqtisod qilinishi kutilayotgan mablagʻlarning optimizatsiya qilingan qismi belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
mazkur farmoyishning 2-bandida belgilangan manbalar hisobidan bir hafta muddatda 172,0 mlrd. soʻmni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazib berilishini;
joriy yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha qarzdorlikning qolgan 100,0 mlrd. soʻm qismini qoplash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda 2021-yil va kelgusi yillar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda prokuratura organlari uchun bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini davom ettirish (yakunlash) uchun ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan zarur kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda 2019-yilda prokuratura organlari uchun bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlaridan hosil boʻlgan kreditor qarzdorliklar boʻyicha manzilli roʻyxatni kelishilgan holda tasdiqlanishini va kreditor qarzdorliklar boʻyicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur farmoyishning bajarilishiii nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchkorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 8-may,
236-F-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2020-y., 09/20/236-F/0551-son)