Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
FARMOYIShI
Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi (keyingi oʻrinlarda — Federatsiya) va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Federatsiyaga Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100,0 mlrd soʻm mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Federatsiya ushbu farmoyishga asosan ajratiladigan mablagʻlarni hududlarda oʻtkaziladigan oʻrganishlar natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda tasdiqlanadigan manzilli chora-tadbirlar dasturlariga ilovaga muvofiq yoʻnaltirsin hamda ulardan maqsadli foydalanishni taʼminlasin.
3. Federatsiyaning xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida sotib olingan yoki qurilgan uy-joylarni tegishli tuman (shahar) hokimliklari tasarrufiga oʻtkazish hamda mazkur uy-joylarni sotib olish huquqisiz uzoq muddatga (5 yilgacha) shartnoma asosida tekin foydalanishga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri D.A. Kuchkarov hamda Mahalla, oila va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, madaniyat, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-aprel,
189-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-apreldagi 189-F-son farmoyishiga
ILOVA
ILOVA
Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga ajratiladigan mablagʻlarning hududlar boʻyicha taqsimoti
|
T/R |
Hududlar nomi |
Mablagʻ miqdori, mln soʻmda |
|
1. |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
6 798,8 |
|
2. |
Andijon viloyati |
6 724,4 |
|
3. |
Buxoro viloyati |
5 675,1 |
|
4. |
Jizzax viloyati |
13 000,0 |
|
5. |
Qashqadaryo viloyati |
6 774,2 |
|
6. |
Navoiy viloyati |
5 940,8 |
|
7. |
Namangan viloyati |
6 290,3 |
|
8. |
Samarkand viloyati |
10 237,6 |
|
9. |
Surxondaryo viloyati |
6 754,7 |
|
10. |
Sirdaryo viloyati |
4 196,3 |
|
11. |
Toshkent viloyati |
7 175,2 |
|
12. |
Fargʻona viloyati |
7 142,3 |
|
13. |
Xorazm viloyati |
6 705,6 |
|
14. |
Toshkent shahri |
6 584,7 |
|
Jami: |
100 000,0 | |
Izoh: Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi tasdiqlangan manzilli chora-tadbirlar dasturlariga muvofiq mablagʻlar taqsimotiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari takliflariga asosan oʻzgartirish kiritishga haqli.