Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarida oʻqish uchun tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 31-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2972-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5812-son “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4546-son “Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 14-yanvardagi 13-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2972, 2018-yil 16-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-y., 10/18/2972/0710-son) bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarida oʻqish uchun tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-fevral,
85-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2020-yil 26-fevraldagi 85-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarida oʻqish uchun tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Taʼlim muassasalariga yoshi oʻn sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta boʻlmagan, shu jumladan yigirma besh yoshdagi ham, oʻrta, oʻrta-maxsus, boshlangʻich professional, oʻrta professional yoki oʻrta maxsus professional maʼlumotga ega, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari, profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari tanlov asosida oʻqishga yuboriladi.”.
2. 18-bandda:
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻqish yoki ish joyidan tavsifnoma (agar oʻqiyotgan yoki ishlayotgan boʻlsa);”;
oʻn ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mehnat daftarchasi nusxasi yoki mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma (agar mavjud boʻlsa);”.
3. 52-bandning ikkinchi xatboshisidagi “kasb-hunar taʼlimi” degan soʻzlar “boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional taʼlim” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 7-ilovaning 8-bandidagi “yoki kasb-hunar taʼlimi” degan soʻzlar “, boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional taʼlim” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 10-ilovaning 10-bandidagi va 13-ilovaning 3-bandidagi “kasb-hunar taʼlimi” degan soʻzlar “boshlangʻich professional, oʻrta professional, oʻrta maxsus professional taʼlim” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.03.2020-y., 10/20/2972-1/0388-son)