O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholi salomatligini muhofaza qilish yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2019-yil 29-avgustdagi PF-5794-son Farmoni ijrosini ta’minlash, “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tarkibidagi tashkilotlarning moliyaviy barqarorligini oshirish, respublika aholisi va tibbiyot muassasalarining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Maxkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofik ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiyot va sanoat vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-mart,
187-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-martdagi 187-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2011-yil 23-avgustdagi 240-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-yil, 8-son, 71-modda):
a) 1-ilovada:
2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. “Saxovat” internat uylari O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq ularni parvarish qilishi shart bo‘lgan qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, 18 yoshidan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar (keyingi o‘rinlarda — vasiylikka olinuvchilar) uchun davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari hisoblanadi”;
10-bandga quyidagi tahrirdagi xatboshi qo‘shilsin:
“Saxovat” internat uylari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pullik xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin”;
11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. “Saxovat” internat uylariga O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq ularni parvarish qilishi shart bo‘lgan qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, 18 yoshidan boshlab I va II guruhlar nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi I gurux nogironligi bo‘lgan keksalar qabul qilinadi”;
15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. “Saxovat” internat uyiga rasmiylashtirilayotgan yolg‘iz keksaning, 18 yoshidan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan keksaning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshlig‘i nomiga berilgan arizasi”.
b) 5-ilovada:
10-bandga quyidagi tahrirdagi xatboshi qo‘shilsin:
“Pansionat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pullik xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin”;
11-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Bo‘sh joylar mavjud bo‘lgan taqdirda pansionatga yolg‘iz urush va mehnat faxriylaridan tashqari O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq ularni parvarish qilishi shart bo‘lgan qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, 18 yoshdan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar ham qabul qilinishi mumkin”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasini boshqarish samaradorligini va “O`zmedimpeks” davlat unitar korxonasining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 22-oktabrdagi 849-son qarorining 6-bandidagi “uch yil muddatga” so‘zlari “ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yil muddatga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-avgustdagi 641-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomning 3-bandi ikkinchi xatboshisidagi “yig‘imning 1,0 foizi” so‘zlari “yig‘im summasining 83 foizi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 09/20/187/0379-son)