OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI VAZIRINING
buyrugʻi
Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilganda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim muassasalari boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga yillik mehnat taʼtili berishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 28-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3227]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 12-dekabrdagi 18-2024/B-sonli ““Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilganda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim muassasalari boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga yillik mehnat taʼtili berishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3227-1, 15.01.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilganda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim muassasalari boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga yillik mehnat taʼtili berishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
3. Ushbu buyruq koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantinga oid choralar bekor qilingunga qadar amal qiladi.
Vazir N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-mart,
8-2020/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2020-yil 25-martdagi 8-2020/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilganda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim muassasalari boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga yillik mehnat taʼtili berishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining (bundan buyon matnda Farmon deb yuritiladi) 18-bandiga muvofiq koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish vaqtida (bundan buyon matnda karantin davrida deb yuritiladi) maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilgan davrda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim muassasalarining boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga haq toʻlanadigan yillik mehnat taʼtili (bundan buyon matnda mehnat taʼtili deb yuritiladi) berishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mehnat taʼtili karantin davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilgan davrda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchisi boʻlgan bolaning va umumtaʼlim muassasalarining boshlangʻich sinf oʻquvchisi, yaʼni 1-sinfdan 4-sinfgacha boʻlgan oʻquvchining ota-ona (ular oʻrnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy)siga beriladi.
2. Ushbu Nizomga muvofiq karantin davrida mehnat taʼtili xodimning xohishiga koʻra tashkilot tomonidan tasdiqlangan taʼtillar jadvalidan qatʼi nazar beriladi. Bunda, xodimga birinchi ish yili uchun olti oy ishlangandan keyin taʼtil berishga oid talab tatbiq qilinmaydi.
3. Agar xodim karantin davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilishidan oldin mehnat taʼtilini olgan boʻlsa yoki karantin davrida mehnat taʼtilini olishni xohlamasa, ish beruvchi xodimning xohishiga koʻra quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:
xodimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha oʻtkazishi;
xodimga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berishi.
2-bob. Mehnat taʼtilining berilishi tartibi
4. Xodimlar tashkilot rahbari (bundan buyon matnda ish beruvchi deb yuritiladi) nomiga mehnat taʼtilini berilishi boʻyicha sababi va sanasini koʻrsatgan holda yozma ariza taqdim etadilar.
Xodimning xohishiga binoan, arizada soʻralayotgan mehnat taʼtilining davomiyligi koʻrsatilishi mumkin, ammo tashkilotning jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatlarda belgilangan, mehnat shartnomasi shartlariga asosan mehnat taʼtili kunlaridan oshib ketmasligi kerak.
Shu bilan birga ushbu qoida ham asosiy, ham uzaytirilgan mehnat taʼtillari, shuningdek yillik qoʻshimcha taʼtillar, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar hamda mehnat shartnomasida belgilangan holatlarda tatbiq etiladi.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5. Mehnat taʼtilining davomiyligi olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar boʻyicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Mehnat taʼtili davriga toʻgʻri keladigan va mehnat taʼtili muddatini aniqlashda ish kuni hisoblanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmaydi, mehnat taʼtili berilishi kuni esa yakshanbaga toʻgʻri kelmasligi kerak.
6. Ish beruvchi xodimdan mehnat taʼtiliga chiqishi haqida ariza olgan kuni mehnat taʼtilining boshlanish va tugash sanasini koʻrsatgan holda xodimga mehnat taʼtilini berish toʻgʻrisida buyruq chiqaradi.
7. Mehnat taʼtili uchun haq toʻlash jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin taʼtil boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi. Ammo, agar mehnat taʼtili ariza berilgan kundan keyingi kun yoki keyingi ikki kun ichida talab qilingan holatlarda, ish beruvchi uni mehnat taʼtili olish uchun ariza olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida toʻlashi shart va mehnat taʼtili haqini xodimning yashash joyiga yetkazib berilishini taʼminlashi yoki ish haqi va daromadlar bilan bogʻliq boshqa toʻlovlarni olish uchun moʻljallangan xodimning bank kartasiga toʻlash orqali amalga oshiradi.
8. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilishi davom etishi munosabati bilan xodimning mehnat taʼtili tugash kuni ishga chiqish imkoniyati mavjud boʻlmasa, ish beruvchi nomiga quyidagi mazmundagi arizani yuboradi:
muddati va boshlanish sanasi koʻrsatilgan ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtil olish boʻyicha;
masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha oʻtkazish boʻyicha.
9. Ish beruvchi xodimga arizasida koʻrsatilgan sanadan boshlab toʻliq muddatga ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtil berishga majbur. Ushbu mehnat taʼtiliga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasi birinchi qismida belgilangan maksimal muddat boʻyicha cheklovlar karantin davrida tatbiq qilinmaydi.
Bunda, ushbu mehnat taʼtilining muddati maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtashi muddatidan oshmasligi kerak. Mazkur mehnat taʼtili uning muddatidan qatʼi nazar xodimning ish stajiga kiradi.
Xodimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha oʻtkazish Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3228, 2020-yil 28-mart) asosida amalga oshiriladi.
10. Agar xodim mehnat taʼtilida boʻlgan davrda maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalari faoliyati tiklansa yoki xodimning mehnat taʼtilida qolish ehtiyoji boʻlmasa, xodim muddatidan oldin ishga chiqish boʻyicha yozma ravishda ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Bunda, ish beruvchi ushbu arizani qanoatlantirishi lozim.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan tartib oldindan tasdiqlangan taʼtillar jadvaliga muvofiq mehnat taʼtilida boʻlgan xodimlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.
11. Agar xodim ish haqi saqlanmagan holda beriladigan taʼtil (masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoxud uyda ishlash)da boʻlgan davrda maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati tiklansa, xodim muddatidan oldin ishga chiqish yoki odatiy (toʻliq) ish rejimiga oʻtkazish boʻyicha yozma ariza bilan murojaat qilishi mumkin, ish beruvchi esa, ushbu arizani qanoatlantirishi lozim.
12. Ushbu Nizomning 10-bandi birinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha mehnat taʼtili muddatidan oldin tugallangan taqdirda, mehnat taʼtili uchun ortiqcha toʻlangan haq belgilangan tartibda qaytariladi.
13. Agar mazkur Nizomning 10-bandi birinchi xatboshisida koʻrsatilgan sabablar mehnat taʼtili davrida yuzaga kelgan boʻlsa, unda taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi tasdiqlangan taʼtillar jadvaliga muvofiq yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv asosida belgilangan boshqa muddatga, shu jumladan keyingi kalendar yili uchun mehnat taʼtiliga qoʻshish orqali koʻchirilishi mumkin.
14. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumtaʼlim muassasalarining faoliyati toʻxtatilganligi sababli xodim taʼtilga chiqqan davrida, xodimni taʼtildan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
16. Ushbu Nizom Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q. RAFIKOV
2020-yil 25-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2020-y., 10/20/3227/0371-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)