XALQARO XUSUSIY HUQUQ BOʻYIChA GAAGA KONFERENSIYASI
UstavI
Gaaga, 1951-yil 31-oktabr
Quyida belgilangan mamlakatlar hukumatlari:
Germaniya Federativ Respublikasi, Avstriya, Belgiya, Daniya, Ispaniya, Finlyandiya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Lyuksemburg, Norvegiya, Niderlandiya, Portugaliya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Shvetsiya va Shveysariya,
Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga Konferensiyasining doimiy xususiyatini hisobga olgan holda,
Mazkur xususiyatni taʼkidlashni istab,
Shu maqsadda Konferensiyani Ustav bilan taʼminlash maqsadga muvofiq deb topib,
Quyidagi qoidalar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Gaaga Konferensiyasining maqsadi xalqaro xususiy huquq qoidalarini progressiv unifikatsiyasini ishlab chiqishdan iborat.
2-modda
(1) Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga Konferensiyasi aʼzolari Konferensiyaning bir yoki undan ortiq sessiyalarida ishtirok etgan va mazkur Ustavni qabul qilgan davlatlar hisoblanadi.
(2) Konferensiya faoliyati uchun ishtirok etishi yuridik nuqtai nazardan muhim boʻlgan har qanday davlat aʼzo boʻlishi mumkin.
Yangi aʼzo davlatlarning qabul qilinishi aʼzo-davlatlar hukumatlari tomonidan, ularning bir yoki bir nechtasining taklifiga koʻra, koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan, hukumatlarga taklif kiritilgan sanadan olti oy ichida hal qilinadi.
(3) Aʼzolikka qabul qilish mazkur Ustav tegishli davlat tomonidan qabul qilingandan soʻng kuchga kiradi.
3-modda
(1) Konferensiya aʼzo-davlatlar koʻpchilik aʼzo-davlatlar ishtirok etadigan umumiy masalalar va siyosat boʻyicha majlislarda koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan Bosh kotibga aʼzolik soʻrovnomasini taqdim etgan har qanday mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkilotini aʼzolikka qabul qilish haqida qaror qabul kilishi mumkin. Mazkur Ustavga muvofiq aʼzolarga havolalar, aniq boshqacha belgilangan boʻlmasa, shunday aʼzo tashkilotlarni oʻz ichiga oladi. Aʼzolikka qabul qilish tegishli mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti tomonidan Ustavni qabul kilingandan soʻng kuchga kiradi.
(2) Konferensiya aʼzoligiga soʻrovnoma berishga loyiq boʻlish uchun mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti faqat mustaqil davlatlardan iborat boʻlgan va Konferensiya vakolatiga taaluqli bir qator masalalar doirasida, xususan ushbu masalalar yuzasidan aʼzo-davlatlar uchun majburiy qarorlar qabul qilish vakolati, unga aʼzo-davlatlar tomonidan berilgan boʻlishi lozim.
(3) Har bir aʼzolik uchun murojaat qilayotgan mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti, shunday soʻrovnoma vaqtida, aʼzo davlatlari unga vakolatlarini bergan masalalarni koʻzda tutuvchi bayonotni taqdim kiladi.
(4) Har bir aʼzo-tashkilot va uning aʼzo-davlatlari aʼzo-tashkilot vakolatiga oid yoki uning aʼzoligidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida Bosh kotibni xabardor qiladi, u bunday maʼlumotni Konferensiyaning boshqa aʼzolariga tarqatadi.
(5) Aʼzo tashkilotning aʼzo davlatlari vakolatlar berilganligi toʻgʻrisida alohida eʼlon qilinmagan yoki xabardor qilinmagan barcha masalalar boʻyicha oʻz vakolatini saqlab qolgan deb tushuniladi.
(6) Konferensiyaning har qanday aʼzosi aʼzo-tashkilot va uning aʼzo-davlatlaridan Konferensiya oldiga qoʻyilgan xar qanday aniq savol boʻyicha aʼzo-tashkilot vakolati mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot berishni soʻrashi mumkin. Aʼzo-tashkilot va uning aʼzo-davlatlari mazkur soʻrov boʻyicha ushbu maʼlumot berilishini kafolatlaydilar.
(7) Aʼzo-tashkilot tegishli vakolat doirasida Konferensiya aʼzosi hisoblanuvchi oʻzining aʼzo-davlatlari bilan muqobillik asosida aʼzolik huquqlarini amalga oshiradi.
(8) Aʼzo-tashkilot oʻz vakolatiga qiradigan masalalar boʻyicha Konferensiyaning har qanday majlisida ishtirok etishga haqli hisoblanadi, va bunda ovozlar soni qoʻyilgan masala yuzasidan mazkur majlisda ovoz berishga haqli boʻlgan va roʻyxatga olingan, aʼzo tashkilotga bu masala boʻyicha vakolatini bergan aʼzo mamlakatlar soniga teng. Aʼzo-tashkilot ovoz berish huquqini amalga oshirgan hollarda, uning aʼzo-davlatlari undan foydalanmaydilar va aksincha.
(9) Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya tashkiloti faqat mustaqil davlatlardan iborat boʻlgan va uning aʼzo-davlatlari bir qator masalalar doirasida, xususan mazkur masalalar yuzasidan aʼzo-davlatlar uchun majburiy qarorlar qabul qilish vakolati berilgan xalqaro tashkilotni anglatadi.
4-modda
(1) Konferensiyaning faoliyati barcha aʼzolardan tashkil topgan Umumiy masalalar va siyosat boʻyicha kengash (keyingi oʻrnilarda — “Kengash” deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Kengash majlislari, qoida tariqasida, har yili oʻtkaziladi.
(2) Kengash Konferensiyaning faoliyatini oʻzi rahbarlik qiladigan Doimiy byuro orqali amalga oshiradi.
(3) Kengash Konferensiyaning kun tartibiga kiritiladigan barcha takliflarni koʻrib chiqadi. U mazkur takliflar yuzasidan qaror qabul qilishda mustaqildir.
(4) Xalqaro xususiy huquqni kodifikatsiya qilishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1897 yil 20-fevralda Qirollik farmoni bilan tashkil etilgan Niderlandiya Doimiy hukumat qoʻmitasi Konferensiya aʼzolari bilan masalahatlashuvdan soʻng Diplomatik sessiyalar oʻtkazilish sanasini belgilaydi.
(5) Doimiy hukumat qoʻmitasi Niderlandiya Hukumatiga aʼzolarni yigʻish boʻyicha murojaat qiladi. Doimiy hukumat qoʻmitasi Raisi Konferensiya sessiyalariga raislik qiladi.
(6) Konferensiyaning navbatdagi sessiyalari, qoida tariqasida, toʻrt yilda bir marotaba oʻtkaziladi.
(7) Zarur hollarda, Kengash Doimiy hukumat qoʻmitasi bilan maslahatlashuvdan soʻng Niderlandiya Hukumatiga Konferensiyaning navbatdan tashqari sessiyasini oʻtkazish boʻyicha murojaat qilishi mumkin.
(8) Kengash Konferensiyaga taalluqli boshqa har qanday masalalar yuzasidan Doimiy hukumat qoʻmitasi bilan maslahatlashishi mumkin.
5-modda
(1) Doimiy byuro Gaaga shahrida joylashadi. U Bosh kotib va toʻrt nafar Kotiblardan iborat boʻlib, ular Doimiy hukumat qoʻmitasi taqdimnomasiga binoan Niderlandiya Hukumati tomonidan lavozimiga tayinlanadi.
(2) Bosh kotib va Kotiblar tegishli yuridik maʼlumotga va amaliy tajribaga ega boʻlishlari lozim. Ularni lavozimga tayinlashda teng geografik taqsimot prinsipi va yuridik malaka hisobga olinadi.
6-modda
Kengash rahbarligida Doimiy byuro quyidagilarni taʼminlaydi:
a) Gaaga konferensiyasi sessiyalariga va Kengash hamda Maxsus komissiyalar yigʻilishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni tashkillashtirish;
b) yuqorida koʻrsatilgan sessiyalar va yigʻilishlar Kotibiyatining ishini tashkil etish;
c) kotibiyat faoliyatga taalluqli barcha vazifalarni bajarish.
7-modda
(1) Konferensiya aʼzolari va Doimiy byuro oʻrtasidagi aloqalarga koʻmaklashish maqsadida har bir aʼzo-davlatning hukumati milliy organni, aʼzo-tashkilotlar esa vakolatli organni tayinlaydilar.
(2) Doimiy byuro shu tarzda tayinlangan barcha organlar va vakolatli xalqaro tashkilotlar bilan yozishmalar olib borishi mumkin.
8-modda
(1) Kengash Konferensiya sessiyalari va sessiyalar oraligʻidagi muddatlarda konvensiyalar loyihalarini ishlab chiqish yoki Konferensiya maqsadlariga tegishli xalqaro xususiy huquqning har qanday masalalarini oʻrganish uchun Maxsus komissiyalar tuzishi mumkin.
(2) Sessiyalar, Kengash va maxsus komissiyalar, imkon qadar, konsensus asosida faoliyat yuritadi.
9-modda
(1) Konferensiyaning budjet xarajatlari konferensiyaning aʼzo davlatlari oʻrtasida taqsimlanadi.
(2) Aʼzo-tashkilot uning aʼzo-davlatlari badallariga qoʻshimcha tarzda Konferensiyaning yillik budjetiga hissa qoʻshishi talab etilmaydi, lekin uning ishtiroki bilan bogʻliq maʼmuriy xarajatlarni qoplash uchun mazkur aʼzo tashkilot bilan maslahatlashgandan soʻng Konferensiya tomonidan belgilanadigan badal pulini toʻlaydi.
(3) Har qanday holatda, Kengash va maxsus komissiyalar delegatlarining sayoxat va yashash xarajatlari mazkur delegatlarni yuboruvchi aʼzolar tomonidan qoplanadi.
10-modda
(1) Konferensiyaning budjeti har yili Gaagada aʼzo-davlatlar diplomatik vakillarining Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
(2) Mazkur vakillar, shuningdek, aʼzo-davlatlar oʻrtasida ushbu budjetda koʻrsatilgan xarajatlarni tegishli ravishda taqsimlaydi.
(3) Bunday maqsadlar uchun diplomatik vakillar Niderlandiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri raisligida uchrashadilar.
11-modda
(1) Konferensiyaning odatiy va navbatdan tashqari sessiyalarini oʻtkazishdan kelib chiqadigan xarajatlarni Niderlandiya Qirolligi Hukumati qoplaydi.
(2) Har qanday xolatda, delegatlarning sayoxat va yashash xarajatlari tegishli aʼzo-davlat tomonidan qoplanadi.
12-modda
Basharti Konferensiya odatlari mazkur Ustavga yoki Reglamentga zid boʻlmasa, barcha holatlarda ularga rioya qilinishda davom etiladi.
13-modda
(1) Umumiy masalalar va siyosat boʻyicha majlisda hozir boʻlgan aʼzo-davlatlar konsensus asosida mazkur Ustavga oʻzgartirish kiritishlari mumkin.
(2) Bunday oʻzgarishlar aʼzo-davlatlarning uchdan ikki qismi oʻzlarining tegishli davlat ichki protseduralariga muvofiq tasdiqlaganlaridan soʻng uch oydan keyin, lekin qabul qilinganidan kamida toʻqqiz oydan soʻng, kuchga kiradi.
(3) Ikkinchi bandda qayd etilgan muddatlar birinchi bandda koʻrsatilgan majlislarda konsensus asosida oʻzgartirilishi mumkin.
14-modda
Mazkur Ustavning qoidalari ularning ijrosini taʼminlash maqsadida Reglament bilan toʻldiriladi. Reglament Doimiy byuro tomonidan ishlab chiqiladi va Diplomatik sessiya, diplomatik vakillar Kengashi yoki Umumiy masalalar va siyosat boʻyicha Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
15-modda
(1) Mazkur Ustav bir yoki undan ortiq Konferensiya sessiyalarida qatinashgan davlatlar hukumatlariga qabul qilish uchun taqdim etiladi. Mazkur Ustav Ettinchi sessiyada qatnashgan davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qabul qilinishi bilanoq kuchga kiradi.
(2) Qabul qilish toʻgʻrisidagi bildirishnoma Niderlandiya Hukumatiga topshiriladi va u bu haqida mazkur moddaning birinchi bandida koʻrsatilgan hukumatlarni xabardor qiladi.
(3) Yangi aʼzo qabul qilingan holatda, Niderlandiya Hukumati mazkur yangi aʼzoning qabul qilish toʻgʻrisidagi bildirishnomasi haqida boshqa barcha aʼzo davlatlarga xabar beradi.
16-modda
(1) Har bir aʼzo mazkur Ustavni uning 15-moddasi birinchi bandiga muvofiq kuchga kirgan kunidan boshlab besh yil muddat tugaganidan soʻng denonsatsiya qilishi mumkin.
(2) Deponsatsiya qilish haqidagi xabarnoma Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligiga Konferensiya budjet yili tugashidan kamida olti oy oldin berilishi lozim va denonsatsiya yuqorida keltirilgan yil tugaganidan soʻng faqat mazkur xabarnomani bergan aʼzo-davlatga nisbatan kuchga kiradi.
Mazkur Ustavning 2007-yil 1-yanvaridan kuchga kirgan oʻzgartirishlari bilan birga ingliz va fransuz tillaridagi matnlari teng autentikdir.