O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Fuqarolarni raqamli identifikatsiyalashning yagona tizimini joriy etish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, aholini ijtimoiy ta’minlash va muhofaza qilish, turli davlat hisobiga olish tizimlari o‘rtasida axborot hamkorligi uchun jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlardan samarali foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoraviy axborot tizimlarini jadal integratsiyalashtirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 18-apreldagi PQ-3673-son va “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-son qarori bilan respublikaning mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti o‘rniga 2021-yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini (keyingi o‘rinlarda — Tizim) joriy etish nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
2021-yil 1-yanvardan boshlab yangi tug‘ilgan bolaga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga va xorijiy fuqaroga belgilangan namunadagi identifikatsiya ID-kartasi (keyingi o‘rinlarda — ID-karta) beriladi;
ID-karta uning egasining shaxsini, fuqaroligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi;
ID-karta u berilgan vaqtdan boshlab 10 yil muddatga beriladi;
ID-karta rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizini tashkil etadi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasi ularning amal qilish muddati tamom bo‘lgunga qadar haqiqiydir. Ushbu hujjatlarning egalari ularni belgilangan tartibda ID-kartaga almashtirish huquqiga ega;
biometrik pasportni ID-kartaga almashtirish:
2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida;
2023-yil 1-yanvardan 2030-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2030-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyungacha bo‘lgan muddatda:
Yangi tug‘ilgan bola, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaroning ID-kartasi davlat standartini;
O‘zbekiston Respublikasi ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomni;
Tizim doirasida shaxsiy ma’lumotlarni almashish bo‘yicha idoralararo axborot hamkorligi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun belgilangan tartibda kiritsin.
9. Belgilansinki:
ma’lumotlar to‘plash, ID-kartalarni olish, personallashtirish va keyinchalik berish uchun elektron buyurtmanomalarni shakllantirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi va Adliya vazirligi tomonidan ma’lumotlarni to‘plash punktlarida amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini markazlashtirilgan tartibda puxta ishlash va yaratish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi aholini ID-kartalar bilan uzluksiz ta’minlash, biometrik pasportlarni ID-kartalarga almashtirish uchun aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Tizimni ishga tushirish uchun zarur infratuzilma tayyorlanishini ta’minlasinlar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi va Milliy axborot agentligi ushbu qaror qoidalarini aholi orasida keng yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida materiallar e’lon qilinishi hamda mavzuga oid ko‘rsatuvlar va eshittirishlar berilishini ta’minlasinlar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga Tizimni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori N.S. To‘raxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-mart,
129-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2020-y., 09/20/129/0267-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)