Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Diplomatik yoki rasmiy pasporti egalari boʻlgan Yaponiya fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz kirish rejimini liberallashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019-yil 17 — 20-dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida har tomonlama oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, Yaponiya fuqarolari uchun amaldagi Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz kirish rejimini yanada liberallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasi oʻrtasida 2020-yil 1-martdan paritet asosda diplomatik yoki rasmiy (Yaponiya fuqarolari) pasport egalari boʻlgan Oʻzbekiston va Yaponiya fuqarolariga ikki mamlakat xududiga vizasiz kirish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi notalar almashinuvi amalga oshirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2020-yil 1-martdan boshlab paritet asosda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan diplomatik yoki rasmiy pasport egalari boʻlgan Yaponiya fuqarolari:
Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik yoki konsullik faoliyatini amalga oshirish hamda Yaponiya Hukumatining vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan, shu jumladan ular bilan doimiy yashaydigan oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan bolalari) uchun Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish muddatiga;
ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgandan boshqa maqsadlarda 90 kungacha Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz kirish tartibi belgilansin.
3. Ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan vizasiz kirish tartibi, Oʻzbekiston Respublikasiga mehnat, kasbiy va boshqa faoliyatni (shu jumladan, turizm va mukofotlanadigan sport tadbirlari) amalga oshirish yoki doimiy yashash uchun keladigan Yaponiya fuqarolariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda Yaponiyaning diplomatik, rasmiy va umumfuqarolik pasportlari namunalari, shu jumladan, ularning batafsil tavsifi va himoya elementlarini soʻrab olsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-fevral,
115-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.02.2020-y., 09/20/115/0245-son)