Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yuqori qoʻshilgan qiymatli mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Kimyo tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatli murakkab va fosforli mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 75-moddasiga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatida murakkab mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish kimyoviy majmuasini barpo etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 2023-yil 1-fevralga qadar quyidagi soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
jalb qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — yuridik shaxslari uchun foyda soligʻi (shu jumladan, toʻlov manbaida ushlab qolinadigan foyda soligʻi) stavkasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti — jismoniy shaxslar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasini 50 foizga kamaytirish;
belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, maxsus texnikalar, mashina va mexanizmlar, komplekt buyumlar va uzellar, butlovchi qismlar, xom ashyo va materiallar, texnologik uskunalar, priborlar, dasturiy taʼminot, texnik hujjatlar hamda yoqilgʻi-moylash materiallarini bojxona bojidan ozod qilish hamda ushbu tovarlar uchun aksiz soligʻi stavkasini 50 foizga kamaytirish.
2. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-fevral,
PQ-4587-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2020-y., 07/20/4587/0135-son)