Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Elchixonasini joylashtirish uchun yer uchastkasini takdim etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda — Oʻzbekiston tomoni) va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati (keyingi oʻrinlarda — Amirliklar tomoni), keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida,
Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Elchixonasi uchun qulay ish va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida,
1961-yil 18-apreldagi Diplomatik alokalar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasini inobatga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Amirliklar tomoni Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasi binosini qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga quyidagi yer uchastkasini bepul taqdim etadi: Gʻarbiy Havzadagi 9-sonli yer uchastkasi: Abu-Dabi shahri, diplomatik tumani, W 59/2; maydoni: 5575 kvadrat metr (besh ming besh yuz yetmish besh kvadrat metr).
2-modda
1. Amirliklar tomoni mazkur Bitimning 1-moddasida qayd etilgan, Oʻzbekiston tomoniga taqdim etiladigan yer uchastkasini har qanday qarzlardan yoki uchinchi tomonlarning huquqlaridan holi, garovga quyilmagan hamda undan mazkur Bitim maqsadlarida foydalanishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan biror boshqacha tarzda majburiyat yuklamaydigan holda taqdim etilishini kafolatlaydi.
2. Mazkur Bitimning 1-moddasida qayd etilgan yer uchastkasi qabul qiluvchi davlat tomonidan oʻrnatilgan barcha soliqlardan ozod etiladi.
3-modda
Oʻzbekiston tomoni:
a) Amirliklar tomonining yozma roziligisiz mazkur Bitimning 1-moddasida qayd etilgan yer uchastkasini kengaytirmaslik, sotmaslik, majburiyatlar bilan bogʻlamaslik, uchinchi tomonga mulk qilib topshirmaslik, ijaraga yoki ikkilamchi ijaraga bermaslik majburiyatini oladi;
b) Binolarni ekspluatatsiya qilish, qurish, chegaralarini ajratish va saqlash, shu jumladan, kommunal xizmatlar (gaz, elektr, suv taʼminoti va boshqa shunga oʻxshash xizmatlar turlari), barcha turdagi aloqa xizmatlaridan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz hisobidan qoplaydi.
4-modda
Mazkur Bitimning 1-moddasida qayd etilgan yer uchastkasida Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi uchun binolar va inshootlar qurish qabul qiluvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Amirliklar tomoni Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasining binosini qurish va jihozlash uchun Oʻzbekiston tomoni Birlashgan Arab Amirliklariga olib kiradigan materiallar, jihozlar va texnikani barcha turdagi bojxona toʻlovlaridan ozod qilinishiga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston tomoni olib kirishdan oldin Birlashgan Arab Amirliklarining Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligidan zarur ruxsatni olishi lozim.
6-modda
Amirliklar tomoni mazkur Bitimning 1-moddasida qayd etilgan yer uchastkasida quriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi binosiga boʻlgan egalik huquqiga oid huquqiy hujjatlarni Birlashgan Arab Amirliklari qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtirishga koʻmaklashadi.
7-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar orqali oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi toʻgʻrisidagi soʻnggi xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan kuchga kiradi va qirq toʻqqiz (49) yil davomida amalda boʻladi.
2. Mazkur Bitim basharti Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali uni tugatish niyati toʻgʻrisida bunday tugatishdan kamida bir (1) yil oldin boshka Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi shunday muddatlarga uzayaveradi.
3. Mazkur Bitim tugatilgan taqdirda, Tomonlar mazkur Bitimning 1-moddasida qayd etilgan yer uchastkasida joylashgan bino masalalari boʻyicha alohida muzokaralar oʻtkazadilar.
Buning tasdigʻi sifatida, oʻzlarining tegishli hukumatlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Abu-Dabi shahrida 2019-yil 25-martda ikki nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)