Norasmiy tarjima
Xalqaro mehnat tashkilotining
Konvensiyasi
Qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi,
Xalqaro Mehnat Byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1969-yilning 4-iyunida oʻzining Ellik uchinchi Sessiyasiga toʻplanib,
Mehnat inspeksiyasi sohasidagi mavjud xalqaro mehnat konvensiyalari qoidalarini, xususan, sanoat va savdoda qoʻllaniladigan Mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 1947-yilgi Konvensiya hamda qishloq xoʻjalik korxonalarining cheklangan toifalarini qamrab oladigan Ekinzorlar toʻgʻrisidagi 1958-yilgi Konvensiya qoidalarini eʼtiborga olgan holda,
qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasini koʻzda tutuvchi xalqaro standartlar boʻlishi maqsadga muvofiqligini hisobga olib,
qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasiga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining toʻrtinchi bandi hisoblanib,
mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib,
bir ming toʻqqiz yuz oltmish toʻqqizinchi yil iyun oyining yigirma beshinchi kunida quyidagi “Qishloq hoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 1969-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
1-modda
1. Mazkur Konvensiyada “qishloq xoʻjalik korxonasi” atamasi erga ishlov berish, chorvachilik, shu jumladan, mol boqish va parvarish qilish, oʻrmon hoʻjaligi, bogʻdorchilikni, dehqonlarning oʻzlari tomonidan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini dastlabki qayta ishlash yoki qishloq xoʻjalik faoliyatining boshqa xar qanday turlari bilan shugʻullanadigan korxonalarni yoki korxonalar boʻlimlarini anglatadi.
2. Zarur boʻlgan hollarda, vakolatli hokimiyat organi tegishli ish beruvchilar va mehnatkashlarning eng vakolatli tashkilotlari bilan, agar bunday tashkilotlar mavjud boʻlsa, maslahatlashuvdan soʻng, birorta xam qishloq xoʻjalik korxonasi milliy mehnat inspeksiyasi tizimi qamrovidan chetlatilishiga yoʻl qoʻyilmasdan, qishloq hoʻjaligini sanoat va savdodan ajratuvchi chegarani belgilaydi.
3. Ushbu Konvensiya qaysidir bir korxona yoki korxona bir qismiga qoʻllanilishi boʻyicha shubha tugilayotgan xar qanday holda, mazkur masala vakolatli hokimiyat organi tomonidan hal qilinadi.
2-modda
Mazkur Konvensiyada “qonun-qoidalar” atamasi qonun hujjatlaridan tashqari qonun kuchiga ega, qoʻllanilishi mehnat inspektorlari tomonidan taʼminlanishi kerak boʻlgan arbitraj sud qarorlari va jamoa shartnomalarini ham oʻz ichiga oladi.
3-modda
Xalqaro Mehnat Tashkilotining har bir aʼzosi, ushbu Konvensiya unga nisbatan kuchga kirgan boʻlsa, qishloq hoʻjaligida mehnat inspeksiyasi tizimiga ega boʻlish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
4-modda
Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi tizimi, mehnatkashlarni yollaydigan yoki shogirdlik usulida jalb qiladigan qishloq xoʻjalik korxonalariga nisbatan, ularning mehnatkashlariga haq toʻlanishi, shartnoma turi, shakli va davomiyligi qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, qoʻllaniladi.
5-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Tashkilotning har bir aʼzosi oʻzining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatiga ilova qilinadigan deklaratsiyada oʻz zimmasiga qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi tizimini qishloq hoʻjaligi korxonalarida mehnat qilayotgan shaxslarning quyidagi bir yoki bir necha toifalarga nisbatan ham qoʻllash majburiyatini olishi mumkin:
a) yollanma mehnatdan foydalanmaydigan ijarachilar, paychilar va shu kabi toifalardagi qishloq xoʻjalik mehnatkashlariga;
b) jamoa hoʻjaligida ishtirok etuvchi shaxslar, masalan kooperativ aʼzolariga;
s) milliy qonun hujjatlarida belgilangani kabi qishloq hoʻjaligi korxonasi rahbari oilasining aʼzolariga,
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi keyinchalik, Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga avvalgi deklaratsiyasiga muvofiq hali qamrab olinmagan, ushbu moddaning yuqoridagi bandida qayd etilgan shaxslarning bir yoki bir necha toifalariga nisbatan qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi tizimini koʻllash majburiyatini olish boʻyicha deklaratsiya yuborishi mumkin.
3. Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavi 22-moddasiga muvofiq taqdim etadigan maʼruzalarida, 1-bandda koʻrsatilgan va avvalgi deklaratsiyaga binoan qamrab olinmagan shaxslar toifalariga nisbatan Konvensiya qoidalarini qay darajada koʻllayotgani yoki koʻllashni moʻljallayotgani toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
6-modda
1. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi tizimi vazifalariga quyidagilar kiradi:
a) mehnat sharoitlariga va ish jarayonida mehnatkashlar xavfsizligini taʼminlashga doir qonun-qoidalar, yaʼni ish vaqti, ish haqi, har haftalik dam olish kunlari, taʼtillar, mehnat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash, farovonlikni taʼminlash, ayollar, bolalar va oʻsmirlarni ishga yollash va boshqa shu kabi masalalar sohasiga doir qonun-qoidalar, qanchalik mehnat inspektorlari tomonidan qoʻllanilishi taʼminlansa, shu darajada bu qoidalarning tatbiq qilinishini muhofaza qilish;
b) ish beruvchilar va mehnatkashlarni qonun-qoidalarga rioya etishning eng samarali vositalari toʻgʻrisidagi texnik axborot va tavsiyalar bilan taʼminlash;
s) vakolatli hokimiyat organi eʼtiboriga mavjud qonun qoidalar qamrovi doirasiga alohida kirmaydigan kamchiliklar va huquqbuzarliklar hollarini yetkazish hamda ularga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdim etish.
2. Milliy qonun hujjatlari qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari zimmasiga mehnatkashlar va ularning oilalari turmush sharoitiga taalluqli qonun-qoidalarni qoʻllash boʻyicha funksiyalarni va maslahat berish funksiyalarini yuklashi mumkin.
3. Agar qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlariga boshqa vazifa topshirilsa, bu ularning asosiy vazifalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilmasligi kerak yoki inspektorlar obroʻyi va ularning ish beruvchilar va mehnatkashlar bilan munosabatlarida talab etiladigan xolisligiga taʼsir qilmasligi kerak.
7-modda
1. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi Tashkilot aʼzosining maʼmuriy amaliyoti qay darajada imkon bersa, shu darajada markaziy organning kuzatuvi va nazorati ostida boʻladi.
2. Federativ davlat boʻlgan holda “markaziy organ” atamasi federatsiyaning markaziy organini yoki federatsiya biror tarkibiy qismining markaziy organini anglatishi mumkin.
3. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi, jumladan, kuyidagilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin:
a) xoʻjalik faoliyatining barcha tomonlari uchun masʼul boʻlgan mehnat inspeksiyasining maxsus mehnat inspeksiyasi boʻlimi tomonidan;
b) qishloq hoʻjaligida oʻz funksiyalarini bajaruvchi inspektorlarning tegishli tayyorgarligi orqali ichki funksiyaviy ixtisoslashuvni tashkil etadigan maxsus mehnat inspeksiyasi boʻlimi tomonidan;
s) qishloq hoʻjaligida oʻz funksiyalarini bajaruvchi xizmatchilarga ega boʻlgan texnik jihatdan malakali xizmatning taʼsis etilishi orqali ichki tarkibiy ixtisoslashuvni tashkil etadigan maxsus mehnat inspeksiyasi boʻlimi tomonidan;
d) yoki ixtisoslashgan qishloq hoʻjaligi inspeksiya xizmati tomonidan, bu holda ushbu inspeksiya xizmati faoliyati boshqa sohalarda, masalan, sanoatda, transportda va savdodagi mehnat inspeksiyasi kabi vakolatlarga ega boʻladigan markaziy organ tomonidan nazorat qilinadi.
8-modda
1. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi shtati davlat xizmatchilaridan, yaʼni maqomi va xizmat sharoiti lavozimini barqaror egallab turishga kafolat beradigan hamda hukumatdagi har qanday oʻzgarishlar taʼsiridan yoki har qanday tashqi taʼsirdan xoli boʻlishni talab etadigan davlat xizmatchilaridan iborat boʻladi.
2. Tashkilot aʼzolari, milliy qonun hujjatlariga yoki amaliyotga qay darajada muvofiqligiga qarab, qishloq hoʻjaligidagi oʻz mehnat inspeksiyasi tizimiga, faoliyati davlat inspeksiya shtati faoliyatini toʻldiradigan, kasaba tashkilotlarning mehnatkashlari yoki vakillarini kiritishlari mumkin; mazkur mehnatkashlar va vakillarga lavozimini barqaror egallab turishga kafolat beriladi hamda ular tashqi taʼsirdan mustaqil boʻladi.
9-modda
1. Davlat xizmatchilarini ishga jalb qilish sohasidagi shartlarga rioya etgan holda, xususan, shu sohada milliy qonun hujjatlari tomonidan belgilanishi mumkin boʻlgan shartlarga rioya etgan holda, qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari lavozimiga mazkur lavozim vazifasini bajarish uchun talab etiladigan yetarli malakaga ega boʻlgan nomzodlar jalb qilinadi.
2. Mazkur malakani tekshirish uslublari; vakolatli hokimiyat organi tomonidan belgilanadi.
3. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari oʻz vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli tayyorgarlikdan oʻtadilar.
10-modda
Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi shtati tarkibiga erkaklar ham, ayollar xam tayinlanishi mumkin; zarur xollarda erkak va ayol inspektorlar zimmasiga alohida vazifalar yuklatilishi mumkin.
11-modda
Tashkilotning har bir aʼzosi, qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi ishiga tegishli malakali, texnik bilimlarni talab etuvchi muammolarni hap etishda yordam bera oladigan ekspertlar va mutaxassislar, milliy sharoitga eng maqbul deb eʼtirof etiladigan tarzda, jalb etilishini taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlar koʻradi.
12-modda
1. Vakolatli hokimiyat organi, bir tomondan — qishloq hoʻjaligidagi inspeksiya xizmatlari, ikkinchi tomondan — boshqa hukumat xizmatlari va mazkur turdagi faoliyatni amalga oshirayotgan jamoat muassasalari yoki tan olingan muassasalar oʻrtasida samarali hamkorlikka koʻmaklashish uchun tegishli choralarni koʻradi.
2. Zarur hollarda, vakolatli hokimiyat organi inspeksiyaning ayrim funksiyalarini tegishli hukumat xizmatlari yoki jamoat muassasalariga mintaqaviy yoki mahalliy darajada yordam koʻrsatish asosida topshirishi mumkin, yoki ushbu xizmat yoki muassasalarni mazkur funksiyalarni bajarishga jalb etishi mumkin. Lekin bunda mazkur Konvensiyaning prinsiplari qoʻllanilishiga zarar yetmasligi kerak.
13-modda
Vakolatli hokimiyat organi qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi xizmatchilari hamda ish beruvchilar va mehnatkashlar yoki ularning tashkilotlari (agar bunday tashkilotlar mavjud boʻlsa) oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashish uchun tegishli choralarni koʻradi.
14-modda
Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari soni inspeksiya xizmatining vazifalari samarali amalga oshirilishiga erishish uchun yetarli boʻlishini taʼminlash maqsadida choralar koʻriladi hamda ular soni quyidagilarni hisobga olgan holda belgilanadi:
a) inspektorlar bajarishi zarur boʻlgan vazifalar muhimligini, xususan:
i) inspeksiya nazorati ostidagi qishloq hoʻjaligi korxonalari soni, ularning xususiyati, koʻlami va joylashishini;
ii) ushbu ish joylarida band boʻlgan shaxslar soni va toifalarini;
iii) hayotga tatbiq qilinishi zarur boʻlgan qonun-qoidalar miqdori va murakkabligini;
b) inspektorlar ixtiyoriga berilgan moddiy vositalarni; va
s) inspeksiya tashriflari amalga oshirilishi samarali boʻlishi uchun maqsadga muvofiq boʻlgan amaliy sharoitni.
15-modda
1. Vakolatli hokimiyat organi qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari tasarrufida quyidagilar boʻlishi uchun zarur choralarni koʻradi:
a) qishloq hoʻjaligi korxonalarining jugʻrofiy joylashishi va mavjud aloqa vositalari hisobga olingan holda joylashtirilgan, inspeksiya xizmati ehtiyojlariga mos ravishda jihozlangan hamda imkoniyat darajasida barcha tegishli shaxslar uchun ochiq boʻlgan mahalliy byuro;
b) kerakli jamoat transport vositalari yoʻq boʻlgan xollarda ularning oʻz funksiyalarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan transport vositalari.
2. Vakolatli hokimiyat organi qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari oʻz funksiyalarini amalga oshirishi uchun ularga zarur boʻlgan har qanday safar va qoʻshimcha xarajatlarini qoplash maqsadida zarur choralarni koʻradi.
16-modda
1. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari oʻz vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat bilan taʼminlangan holda kuyidagi huquqlarga ega:
a) inspeksiya nazorati bilan qamrab olingan har qanday ish joyiga oldindan ogohlantirmasdan va xohlagan vaqtda hech bir toʻsiqsiz kirish:
b) ular tomonidan barcha binolarga, yaʼni inspeksiya qilish uchun yetarli asos bor deb hisoblangan barcha binolarga kunduzgi vaqtda kirish;
s) qonun-qoidalarga toʻgʻri rioya etilayotganligiga Ishonch hosil qilish uchun ular zarur deb hisoblaydigan xar qanday tekshirish va surishtirishlar oʻtkazish, xususan:
i) yakkama-yakka yoki guvohlar ishtirokida, ish beruvchilar, korxona personaliga yoki korxonadagi har qanday shaxs qonun-qoidalar qoʻllanilishiga doir har qanday savol boʻyicha suhbat oʻtkazish;
ii) mehnat sharoitlariga oid milliy qonun hujjatlarida yuritilishi koʻzda tutilgan har qanday kitoblar, roʻyxatlar yoki hujjatlar yordamida ish olib borilishini — ularni qonun-qoidalarga muvofiq ekanligini koʻrish va ulardan nusxa olish yoki ayrim joylarini koʻchirish maqsadida, milliy qonun hujjatlarida belgilanishi mumkin boʻlgan tartibda — talab qilish;
iii) ish beruvchini yoki uning vakilini tekshirish maqsadlari haqida ogoh qilgan holda, foydalanilayotgan yoki ishlov berilayotgan mahsulotlar, materiallar va moddalar namunalarini tekshirish uchun olish.
2. Mehnat inspektorlari mazkur modda 1-bandi “a” va “b” kichik bandlariga muvofiq qishloq hoʻjaligi korxonasi rahbarining xususiy turar-joyiga kirishga haqli emas, agar mazkur rahbarning oʻzi rozilik bermasa yoki vakolatli hokimiyat organining alohida ruxsati mavjud boʻlmasa.
3. Inspeksiya tashrifi hollarida inspektorlar, agar bu nazorat ishiga ziyon yetkazmaydi deb hisoblasalar, ish beruvchi yoki uning vakilini, mehnatkashlarni yoki ularning vakillarini bu tashrif haqida ogohlantiradilar.
17-modda
Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi xizmati, vakolatli hokimiyat organi belgilashi mumkin boʻlgan tarzda va hollarda, salomatlikka yoki xavfsizlikka xavf tugdirishi mumkin boʻlgan mahsulotga ishlov berish yoki uni qayta ishlashning yangi usullari va yangi qurilmalar, yangi materiallar yoki moddalarning profilaktik nazoratida ishtirok etadilar.
18-modda
1. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlariga, inshoot, uskuna yoki qishloq hoʻjaligi korxonalarining ishlash usullarida aniqlangan, jumladan, xavfli materiallar va moddalardan foydalanish kabi kamchiliklarni va mehnatkashlar sogʻligʻi yoki xavfsizligiga xavf soladigan deb hisoblanishiga yetarli asos tugʻdiruvchi nuqsonlarni toʻgʻrilash maqsadida chora koʻrish uchun vakolat beriladi.
2. Mehnat inspektorlari shunday choralar koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishlari uchun, qonunda koʻzda tutilishi mumkin boʻlgan sud yoki maʼmuriy hokimiyat organlariga shikoyat qilish huquqiga rioya etilgan holda, ularga kuyidagilar boʻyicha farmoyishlar chiqarish yoki chiqarilishini talab qilish vakolati beriladi:
a) muayyan vaqt chegarasida qurilma, inshoot, binolar, asboblar, uskunalar yoki mexanizmlarga, salomatlik yoki xavfsizlikni muhofaza qilish sohasidagi qonun-qoidalarga mos boʻlishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida;
b) salomatlik yoki xavfsizlikka bevosita xavf tugʻilgan holatda, darhol ijro etilishi shart boʻlgan, ish toʻxtagunicha davom etadigan choralar toʻgʻrisida.
3. Agar 2-bandda belgilangan tartib Tashkilot aʼzosining maʼmuriy va sud amaliyotiga muvofiq kelmasa, inspektorlar vakolatli hokimiyat organiga darhol ijro etilishi shart boʻlgan farmoyishlar chiqarilishi uchun yoki choralar koʻrilishi uchun murojaat qilish huquqiga ega boʻladilar.
19-modda
1. Qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasiga milliy qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda va tartibda qishloq xoʻjalik tarmogʻida roʻy beradigan ishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari toʻgʻrisida maʼlum qilinadi.
2. Imkoni boricha, mehnat inspektorlari ishlab chiqarishdagi eng jiddiy baxtsiz hodisalar yoki kasb kasalliklari, xususan, bir necha mehnatkashlarga taʼsiri boʻlgan yoki oʻlim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalarni sabablarini aniqlash boʻyicha xar qanday surishtirishlarda ishtirok etadilar.
20-modda
Milliy qonun hujjatlarida koʻzda tutilishi mumkin boʻlgan istisnolarga rioya etilgan holda qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlariga:
a) oʻz nazoratida boʻlgan korxonalardan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlish man etiladi;
b) tegishli jazoga tortilishi yoki maʼmuriy choralar koʻrilishi haqida ogohlantirilgan holda, oʻz vazifalarini bajarish paytida tanishishlari mumkin boʻlgan ishlab chiqarish yoki tijorat sirlarini, yoki ishlab chiqarish jarayonlari haqidagi maʼlumotlarni, hatto lavozimidan ketgandan soʻng ham, oshkor qilmaslik majburiyati yuklatiladi;
s) kamchiliklar, ish jarayonidagi xavflar yoki qonun-qoidalar buzilishi yuzasidan har qanday shikoyat manbasini mutlaqo sir tutish majburiyati hamda ish beruvchi yoki uning vakiliga inspeksiya tashrifi ana shunday shikoyat tushishi munosabati bilan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida aslo bildirmaslik majburiyati yuklatiladi.
21-modda
Qishloq xoʻjalik korxonasi tegishli qonun-qoidalarning samarali qoʻllanilishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan miqdorda va sinchkovlik bilan inspeksiya qilinadi.
22-modda
1. Qoʻllanilishi qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari tomonidan taʼminlanadigan qonun-qoidalarni buzayotgan yoki ularga rioya etishdan bosh tortayotgan shaxslar, oldindan ogohlantirilmasdan, darhol sud yoki maʼmuriy taʼqib ostiga olinadi. Lekin milliy qonun hujjatlarida sud himoyasini yoki profilaktika choralarini amalga oshirish uchun oldindan ogohlantiruvchi hollarga nisbatan istisnolar koʻzda tutilishi mumkin.
2. Mehnat inspektorlari sud taʼqibini boshlash yoki tavsiya qilish oʻrniga ogohlantirish va maslahat berish kerakligini oʻzlari hal qiladilar.
23-modda
Agar qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari ish qoʻzgʻatish huquqiga ega boʻlmasalar, ular qonun-qoidalarning buzilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni bevosita ish qoʻzgʻatish vakolatiga ega boʻlgan hokimiyat organiga taqdim etish vakolatiga ega boʻlishlari kerak.
24-modda
Milliy qonun hujjatlarida qoʻllanilishi qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspektorlari tomonidan taʼminlanadigan qonun qoidalarni buzganlik uchun hamda mehnat inspektorlariga ularning vazifalarini amalga oshirishda toʻsqinlik qilinishiga qarshi tegishli jazo choralari koʻzda tutiladi, shu bilan birga, ular samarali hayotga tatbiq qilinadi.
25-modda
1. Mehnat inspektorlaridan yoki mahalliy inspeksiya byurolaridan, vaziyatga qarab, markaziy inspeksiya organiga qishloq hoʻjaligidagi oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi maʼruzalarni muntazam taqdim etish talab etiladi.
2. Ushbu maʼruzalar markaziy inspeksiya organi koʻrsatmasiga muvofiq tuziladi va vaqti-vaqti bilan ushbu organ tomonidan koʻrsatiladigan masalalarni qamrab oladi; ushbu maʼruzalar markaziy organ talab qilgan muddatlarda va har qanday holda yiliga kamida bir marta taqdim etiladi.
26-modda
1. Markaziy inspeksiya organi qishloq hoʻjaligidagi inspeksiya xizmatlarining faoliyati toʻgʻrisida har yilgi maʼruzalarini alohida maʼruza holida yoki oʻzining umumiy har yilgi maʼruzasining qismi shaklida chop etib boradi.
2. Ushbu maʼruzalar maqbul muddatlarda, maʼruzalarga taalluqli yil yakunida va har qanday holda oʻn ikki oy ichida chop etiladi.
3. Har yilgi maʼruzalarning nusxalari chop etilgandan soʻng uch oy ichida Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
27-modda
Markaziy inspeksiya organi tomonidan chop etiladigan har yilgi maʼruzalarda mazkur organ nazorati doirasi chegarasida, quyidagi masalalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qamrab olinadi:
a) qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi faoliyatiga doir qonun hujjatlari;
b) qishloq hoʻjaligidagi mehnat inspeksiyasi xizmatidagi mehnatkashlar shtati;
s) inspeksiya nazorati bilan qamrab olingan qishloq hoʻjaligi korxonalari toʻgʻrisida xamda ushbu korxonalarda band boʻlgan shaxslar soni toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar;
d) inspeksiya tashriflari toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar;
e) sodir etilgan huquqbuzarliklar va qoʻllanilgan jazo choralari toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar;
f) ishdagi baxtsiz hodisalar toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar, ularning sabablarini koʻrsatgan holda;
g) kasb kasalliklari bilan ogʻrish toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar.
28-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
29-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning har bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
30-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
31-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor, unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni roʻyxatga olganligi haqida Tashkilot aʼzolariga xabar berganda, u Tashkilot aʼzolarining eʼtiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
32-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
33-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqvim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
34-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 30-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi,
2. Mazkur Konvensiya, har qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
35-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)