Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 9-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-mayda qabul qilingan “Garov toʻgʻrisida”gi 614-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 96-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 156-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda) 11-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kepak boʻlgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash yuzasidan koʻchar mol-mulkni yoki mol-mulkka boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalarini olish chogʻidagi ipoteka va garov toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 210-moddaning:
ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha ikkinchi va uchinchi qismlar deb hisoblansin;
2) 271-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kepak boʻlgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash yuzasidan koʻchar mol-mulkni yoki mol-mulkka boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalarini olish chogʻidagi ipoteka va garov toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno”;
3) 580-moddaning birinchi qismidagi “notarial guvohlantirilishi hamda” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Notariat toʻgʻrisida”gi 343-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 42-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2006-yil, № 9, 498-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 1-bobning nomidagi “Asosiy” degan soʻz “Umumiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
2) 1-moddaning:
birinchi qismidagi “qonunlarda” degan soʻz “qonunda” degan soʻz bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan amalga oshiriladi. Notariuslarning reyestrini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuritadi”;
3) 2-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yigirma besh yoshdan kichik va oltmish besh yoshdan katta boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan, malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius boʻlishi mumkin. Sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan oʻtish talab qilinmaydi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan eʼtiboran besh yil oʻtmagan boʻlsa, olti oy muddat stajirovka oʻtaydi.
Quyidagilar notarius boʻlishi mumkin emas:
muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs — uch yil mobaynida.
Notarius yordamchi, stajyor, shuningdek notarial faoliyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa xodimlarga ega boʻlishi mumkin.
Notarial harakatlarni amalga oshirishda notariuslar, davlat notarial idorasida ishlashidan yoki xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar boʻlib ishlashidan qatʼi nazar, teng huquqlarga ega va bir xil majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Davlat notarial idoralari notariuslari va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar bir xil yuridik kuchga ega boʻladi.
Davlat notarial idoralari notariuslariga maxsus unvonlar — mansab darajalari beriladi”;
4) 21-moddaning:
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat notarial idorasi notariusining yordamchisini ishga qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya boshqarmalari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius yordamchisini ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining (bundan buyon matnda Notarial palata deb yuritiladi) tegishli hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan holda uni tavsiya qilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi”;
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat notarial idorasi notariusi yordamchisiga maxsus unvonlar — mansab darajalari beriladi”;
5) 22-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi notarius stajyori boʻlishi mumkin.
Ushbu Qonun 2-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar notarius stajyori boʻlishi mumkin emas.
Davlat notarial idorasi notariusining stajyorini ishga qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius stajyorini ishga qabul qilish Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi tavsiyasiga asosan ushbu boshqarma tomonidan biriktirilgan notarius tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius tomonidan notarius stajyorini ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Stajirovka notarial idorada oʻtaladi. Notarius stajyori oʻz faoliyatini notarius rahbarligida, uning alohida topshiriqlarini bajargan holda amalga oshiradi.
Notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Notarial palata bilan birgalikda belgilanadi”;
6) 31-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) toʻxtatib turish va tugatish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida tashkil etiladi.
Malaka komissiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalarining qarorlari bilan Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari orasidan besh nafardan toʻqqiz nafar kishigacha boʻlgan tarkibda toq miqdorda tuziladi.
Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish, notarius qasamyodini qabul qilish, malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiyalarni koʻrib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun oʻn bir nafar kishidan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
Oliy malaka komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalari, Notarial palata vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari, shuningdek advokatlar kiradi. Oliy malaka komissiyasining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlov oʻtkazish va malaka imtihoni topshirish tartibi, Oliy malaka komissiyasi va malaka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi”;
7) 4-modda chiqarib tashlansin;
8) 7-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7-modda. Notarius faoliyatidagi cheklovlar
Notarius:
ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan, shuningdek Notarial palata va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyatdan tashqari tadbirkorlik va boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga;
shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish chogʻida vositachilik xizmati koʻrsatishga;
faksimiledan foydalanishga va shaxsiy muhrni boshqa shaxslarga berishga, bundan uning litsenziyasining amal qilishi toʻxtatilgan davrga muhrni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, adliya boshqarmalariga topshirishi mustasno;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda oʻz idorasi joylashgan hududdan tashqarida faoliyatni amalga oshirishga haqli emas.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius oʻz fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzmasdan turib oʻz faoliyatini amalga oshirishga ham haqli emas.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan cheklov davlat notarial idorasining boshqa xodimlariga nisbatan ham tatbiq etiladi”;
9) 8-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8-modda. Davlat notarial idorasi
Davlat notarial idoralari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.
Davlat notarial idorasi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmaydi.
Davlat notarial idorasining nomida “davlat notarial idorasi” degan soʻzlar boʻlishi, tegishli tuman, shahar koʻrsatilishi va zarur boʻlganda, davlat notarial idorasining raqami boʻlishi kerak”;
10) quyidagi mazmundagi 81 va 82-moddalar bilan toʻldirilsin:
“81-modda. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius yuridik shaxs tashkil etmagan holda oʻz idorasiga ega boʻlishga, bank hisobvaragʻi va boshqa shaxsiy hisobvaraqlar ochishga, mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishga hamda majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishga, xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishga, sudda oʻz nomidan ishtirok etishga hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusni hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi va adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning idorasi tugatilganda kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan soʻng qolgan mol-mulk notariusning tasarrufida qoladi va unga soliq solinmaydi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial idoraning xodimlarini lavozimga tayinlashda va lavozimidan ozod qilishda mustaqildir, bundan ushbu Qonunning 21 va 22-moddalarida koʻrsatilgan hollar mustasno.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius idorasining nomida “xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius” degan soʻzlar boʻlishi va tegishli tuman, shahar koʻrsatilishi kerak.
82-modda. Notarial idoraning binosi
Notarial idora binosida fuqarolarning notarius huzuriga kirish imkoniyati, notarial harakatlarning sir tutilishi, notarial ish yuritish hujjatlari, materiallari va notarial arxivning but saqlanishi, toʻlovlarni qabul qilish, audio- va video qayd etish uchun shart-sharoitlar taʼminlanishi kerak”;
11) 12-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Notarius Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, notarius familiyasi, ismi-sharifi, lavozimi va notarial idoraning nomi koʻrsatilgan shaxsiy muhriga, tasdiqlovchi yozuvlar bitilgan shtamplariga, notarial idoraning blankalariga ega boʻladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning muhrida litsenziyaning seriyasi va raqami koʻrsatiladi.
Notariuslarning reyestriga ularning muhri va imzosi namunalari kiritiladi.
Notariusning muhri Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yagona namuna boʻyicha tayyorlanadi.
Notarius muhri, shtamplari, gerbli (maxsus) blankalari litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan, tugatilgan va litsenziya bekor qilingan hollarda hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga hamda adliya boshqarmalariga qaytarilishi lozim.
Notarial idoralar tomonidan gerbli (maxsus) blankalarni hisobga olish, saqlash, sarflash va ular boʻyicha hisobot berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi”;
12) 13-modda chiqarib tashlansin;
13) 2-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2-bob. Notarius lavozimini taʼsis etish va tugatish, uning faoliyatini tashkil etish tartibi”;
14) 14-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14-modda. Davlat notarial idoralarining tarmogʻi va shtatlari
Oʻzbekiston Respublikasida davlat notarial idoralarining tarmogʻi, shtatlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Ikki nafar va undan ortiq notarius ishlaydigan davlat notarial idoralarida notariuslardan biri katta notarius etib tayinlanadi hamda uning zimmasiga ushbu notarial idoraning maʼmuriy-tashkiliy ishlarini nazorat qilish majburiyatlari yuklatiladi”;
15) 15-moddaning:
nomidagi “Notarius lavozimiga tayinlash” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi qismi “lavozimlarining” degan soʻzdan keyin “eng kam” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
uchinchi — beshinchi qismlari chiqarib tashlansin;
16) quyidagi mazmundagi 151 — 154-moddalar bilan toʻldirilsin:
“151-modda. Notarius maqomiga ega boʻlish. Notariusni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish
Litsenziya shaxsning xususiy notarial faoliyatini amalga oshirishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir.
Litsenziya Oliy malaka komissiyasining notariuslik vakolatlarini berish boʻyicha malaka imtihoni yakunlari yuzasidan chiqariladigan qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius maqomiga ega boʻlishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) litsenziya olish uchun malaka imtihoni topshirishi shart.
Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida olti oydan keyin qoʻyiladi.
Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor bir oy muddat ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, adliya boshqarmalariga litsenziya olish uchun murojaat qilishi kerak.
Talabgor tomonidan litsenziya olish uchun murojaat qilish muddatining uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilishi litsenziyaning amal qilishini tugatishga asos boʻladi.
Davlat notarial idorasi notariusiga litsenziya uning arizasiga koʻra, malaka imtihoni topshirmasdan beriladi.
Belgilangan tartibda litsenziya olgan, talabgor shaxs litsenziya olgan kundan eʼtiboran uch oy ichida notarial idora tashkil etishi va notarial harakatlarni amalga oshirishga kirishishi shart.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial idora tashkil etilgan paytdan eʼtiboran uch kun ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligini, adliya boshqarmasini bu haqda xabardor qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusni xabarnoma olingan kunning ertasidan kechiktirmay hisobga qoʻyadi va bu haqda Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasini xabardor qiladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius shunday xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran Notarial palataning aʼzosi boʻladi.
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash Oliy malaka komissiyasining tanlov natijalari yuzasidan chiqargan qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat notarial idoralarining notariuslari ish joyini oʻzgartirish (rotatsiya) tartibida boshqa notarial idoralarga tayinlanishi mumkin. Notariuslarni attestatsiyadan oʻtkazish va ish joyini oʻzgartirish (rotatsiya) tartibi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat notarial idorasining notariusi va xodimlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ushbu Qonun talablarini inobatga olgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Notariuslar oʻz kasbiy malakasini davriy oshirish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtadi.
152-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish uni hisobga qoʻygan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan malaka komissiyasining qaroriga asosan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
notarius jinoiy javobgarlikka tortilganda — u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan eʼtiboran va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar;
notarius qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilganda — bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar boʻlgan davrga;
notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, Notariusning kasb etikasi qoidalari talablari, notarial harakatlar siri va notarius qasamyodi notarius tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
Notarial palataning yoki adliya organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan, shu jumladan notariusning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari notarius tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda;
notariusda fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi mavjud boʻlmaganda yoki tuzilgan shartnoma qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmaganda — bunday shartnoma tuzilgan yoki tuzilgan shartnoma qonun hujjatlariga muvofiq holga keltirilgan kunga qadar;
notarial faoliyatni tashkil etishga oid minimal talablar bajarilmaganda — bunday hollar bartaraf etilguniga qadar;
notarius Notarial palataga aʼzolik badallarini bir oydan ortiq muddat davomida toʻlamaganda — uch oygacha, aʼzolik badallarini toʻlaguniga qadar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notariusga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish davrida litsenziyaning amal qilishini oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga haqli.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddati olti oydan oshishi mumkin emas, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni, agar ular bartaraf etib boʻlmaydigan xususiyatga ega boʻlmasa, koʻrsatilgan muddatda bartaraf etishi shart.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmalarining litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish notarius maqomining toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi uch kunlik muddat ichida Notarial palatani xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning maqomi toʻxtatilganligi yoki tiklanganligi haqida xabardor etadi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida tegishli xabarni eʼlon qiladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius maqomining toʻxtatib turilishi notariusning Notarial palataga aʼzoligi toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
Notariusning maqomini toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan hollar tugatilganidan keyin shaxs notarial faoliyatga kirishadi.
Notarius maqomi toʻxtatib turilgan shaxsning Notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalanish imkoniyati toʻxtatiladi.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib keladigan qoidabuzarliklar hollari va ular boʻyicha litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan belgilanadi.
153-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Notarius litsenziyasining amal qilishini tugatish notariusni hisobga olgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmasining qarori bilan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
notarius litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat etganda;
ushbu Qonun 151-moddasining oltinchi va sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar bajarilmaganda;
notarius ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan, shuningdek Notarial palata va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyatdan tashqari boshqa haq toʻlanadigan lavozimga tayinlanganda (saylanganda);
notariusning muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning notariusni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganda;
notarius oltmish besh yoshga toʻlganda;
notarius vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda.
Litsenziyaning amal qilishini maʼmuriy sud tomonidan tugatish notariusni hisobga olgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmasining murojaatiga koʻra malaka komissiyasining qarori asosida quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
oʻz vazifalarini olti oy mobaynida uzrli sabablarsiz bajarmaganda;
litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorning gʻayriqonuniy ekanligi aniqlanganda;
litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga olib kelgan holatlarni adliya organi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
notarius tomonidan notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari, Notariuslarning kasb etikasi qoidalari, notarial harakatlarning siri va notarius qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilganda, notariusning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda notariatning obroʻsini tushiradigan qilmish sodir etilganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmasining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish notarius maqomining tugatilishiga sabab boʻladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi uch kunlik muddatda Notarial palatani xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning maqomi tugatilganligi haqida xabardor qiladi, shuningdek tegishli xabarni ommaviy axborot vositalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius maqomining tugatilishi notariusning Notarial palataga aʼzoligi tugatilishiga sabab boʻladi.
Notariusning vakolatlari tugatilgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi notariusning ish yurituvidagi hujjatlarni boshqa notariusga topshirish haqida qaror qabul qiladi, boshqa hujjatlar esa idoraviy notarial arxivga topshiriladi.
154-modda. Litsenziyani bekor qilish
Litsenziyani bekor qilish notariusning arizasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasining qarori bilan, litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda esa — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasining arizasiga asosan maʼmuriy sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
Litsenziyaning bekor qilinishi notariusning oʻz kasbiy faoliyatini bajarish chogʻidagi harakatlari gʻayrihuquqiy deb topilganligini anglatmaydi, bundan notarial harakatlarni sud tomonidan haqiqiy emas deb topish hollari mustasno”;
17) 16-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Notarial idora tegishli notarial okrug doirasida joylashgan boʻlishi kerak”;
18) 18-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Litsenziya olgan notarius ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
notarial idora tashkil etilgan notarial okrugda kamida ikki yil ishlab berishi;
faoliyati oʻn kundan ortiq muddatga toʻxtatilgan notariusning ish yurituvidagi hujjatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmasi tomonidan belgilangan hollarda qabul qilib olishi;
Notarial palata konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va aʼzolik badallarini Notarial palataga toʻlashi shart”;
19) 19-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Notarius oʻz majburiyatlarini buzganligi uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat notarial idorasining notariusi tomonidan oʻz majburiyatlarini buzganligi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda davlat tomonidan qoplanadi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial harakatlar orqali qonunni buzganligi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zarar uchun, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkiy javobgar boʻladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollarda jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta badali (sugʻurta summasi) yoki sugʻurta badali yetarli boʻlmagan taqdirda notariusning shaxsiy mol-mulki hisobidan, notariusning shaxsiy mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi hisobidan qoplanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning qasddan sodir etgan xatti-harakatlari natijasida zarar yetkazilganligi sudning qarori bilan tasdiqlangan taqdirda, ushbu zararning oʻrni Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi hisobidan qoplanmaydi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar uchun davlat javobgar boʻlmaydi”;
20) quyidagi mazmundagi 191-modda bilan toʻldirilsin:
“191-modda. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini sugʻurta qilish
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius notarial faoliyatni amalga oshirishda notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasini tuzishi shart.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasini tuzmasdan oʻzining majburiyatlarini va notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga va (yoki) notarial faoliyatni amalga oshirishdagi uchinchi shaxslarga mulkiy zarar yetkazilganligi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlari boʻyicha javobgarligi xavfi bilan bogʻliq mulkiy manfaatlar fuqarolik javobgarlikni sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta obyektidir.
Qonun hujjatlariga zid notarial harakatni amalga oshirish natijasida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxsga mulkiy zarar yetkazilganligining sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan belgilangan yoki sugʻurta qiluvchi tomonidan tan olingan fakti notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta hodisasidir.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasi quyidagi eng kam miqdordan kam boʻlishi mumkin emas:
Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlarning maʼmuriy markazlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining kamida ming baravaridan;
boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravaridan”;
21) 4-bobning nomi “moliyaviy” degan soʻzdan keyin “va ijtimoiy” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
22) quyidagi mazmundagi 211-modda bilan toʻldirilsin:
“211-modda. Notarial idora xodimlarining ijtimoiy taʼminoti
Notarial idora xodimlari taʼtil va davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha barcha turdagi nafaqalar olish huquqidan foydalanadi. Davlat ijtimoiy sugʻurtasiga toʻlovlar qonun hujjatlarida belgilanadigan miqdorlarda toʻlanadi.
Notarial idora xodimlariga davlat va jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash va toʻlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi”;
23) 22-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat notarial idoralari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati:
notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat boji summasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarda qoladigan qismi;
huquqiy va texnik xususiyatga ega qoʻshimcha harakatlarni bajarganlik, shuningdek notariatning faol modeli doirasida xizmatlar koʻrsatganlik uchun undiriladigan toʻlovlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Notariuslarning daromadlariga soliq solish soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusning depozit hisobvaraqlaridagi mablagʻlar notariusning daromadi hisoblanmaydi. Ushbu mablagʻlarga notarius majburiyatlari boʻyicha undiruvni qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi”;
24) quyidagi mazmundagi 42 va 43-boblar bilan toʻldirilsin:
“42-bob. Notarial palata
224-modda. Notarial palataning maqomi
Notarial palata xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi barcha notariuslarning aʼzoligiga asoslangan notijorat tashkilotdir.
Davlat notarial idorasi notariusi ixtiyoriylik asosida Notarial palataning aʼzosi boʻlishi mumkin.
Notarial palata notariuslarning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida faoliyat koʻrsatadi.
Notarial palata Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda notariatning yagona oʻzini oʻzi boshqarish tizimini tashkil etadi.
Notarial palataning vazifalari va vakolatlariga oʻxshash vazifalar va vakolatlarga ega boʻlgan boshqa tashkilotlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Notariuslar Notarial palataning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, notariuslarning majburiyatlari boʻyicha esa Notarial palata javob bermaydi, bundan notarius tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar mustasno.
Notarial palataning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar uchun majburiydir.
Notarial palata faoliyatini moliyalashtirish Notarial palata konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan kirish va aʼzolik badallari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
225-modda. Notarial palataning asosiy vazifalari
Notarial palataning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, shuningdek qonun hujjatlarining bir xil tarzda qoʻllanilishiga doir takliflar ishlab chiqish;
nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariatning rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtalanishini tashkil etish;
yagona notarial amaliyotni taʼminlash choralarini koʻrish, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, ijobiy ish tajribasini yoyish hamda ularga uslubiy yordam koʻrsatish;
notarial harakatlar boʻyicha tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;
aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish;
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda va boshqa holatlarda ifodalash hamda himoya qilish;
notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, Notariusning kasb etikasi qoidalari va kasbiy majburiyatlarga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, xizmat tekshiruvlari oʻtkazish, shuningdek notariuslarning kasbiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish haqida malaka komissiyalariga takliflar kiritish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan notarial faoliyat masalalari boʻyicha hamkorlik qilish.
226-modda. Notarial palataning organlari va mansabdor shaxslari
Notarial palataning konferensiyasi palataning yuqori organi boʻlib, zaruratga koʻra, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi.
Notarial palata boshqaruvi Notarial palataning ustaviga muvofiq notariuslar orasidan saylanadigan ijro etuvchi organ boʻlib, palataning faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi.
Notarial palataning taftish komissiyasi moliyaviy nazorat organi boʻlib, palata ustaviga muvofiq shakllantiriladi.
Notarial palata raisi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Notarial palata konferensiyasi tomonidan, ushbu konferensiya saylagan Notarial palata boshqaruvi aʼzolari orasidan besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Notarial palata raisi boʻlishi mumkin emas.
Notarial palataning raisini lavozimidan muddatidan oldin chaqirib olish Notarial palataning ustavida belgilangan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomasiga binoan Notarial palata konferensiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
227-modda. Notarial palata huzuridagi fondlar
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash maqsadida Notarial palata huzurida Kompensatsiya fondi tashkil etiladi.
Notarial faoliyatga koʻmaklashish, notariuslarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida Notarial palata huzurida Notariuslar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi tashkil etiladi.
Davlat notarial idoralari notariuslari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Notarial palata huzurida Davlat notarial idoralari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etiladi.
Notarial palata huzuridagi Kompensatsiya fondi, Notariuslar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish fondi hamda Davlat notarial idoralari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash fondi notariuslarning Notarial palataga aʼzolik badalidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi.
Majburiy ajratmalar miqdori yil yakunida Notarial palata boshqaruvi yigʻilishining qaroriga koʻra belgilanadi.
Notarial palata huzuridagi fondlarning mablagʻlaridan oqilona foydalanishi ustidan nazorat qilish Notarial palata tomonidan amalga oshiriladi.
43-bob. Notarius faoliyati ustidan nazorat va monitoring qilish. Adliya organlarining notariat sohasidagi vakolatlari
228-modda. Notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat va monitoring qilish
Notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya qilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari amalga oshiradi.
Notarial palata xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati ustidan monitoringni amalga oshiradi.
229-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining notariat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida:
notariat sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
yagona notarial amaliyotni taʼminlash choralarini koʻradi;
notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularning ishlarini tahlil qiladi va umumlashtiradi;
davlat notarial idoralarini tashkil etadi va tugatadi, notarius lavozimini taʼsis etadi va tugatadi;
muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notarius lavozimlarining eng kam sonini belgilaydi;
Notarial palata faoliyatiga koʻmaklashadi;
Oliy malaka komissiyasining faoliyatini tashkil etadi;
xorijda foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlardagi notariuslar imzosi va ularning muhri koʻchirmasi haqiqiyligini tasdiqlaydi, notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa vazifalarni bajaradi;
notarial ish yuritish qoidalarini, notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalarni, notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestrlarining shaklini, tasdiqlov yozuvlari va guvohnomalarni, notarius stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibini Notarial palata bilan birgalikda tasdiqlaydi;
notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, notariuslarga koʻrsatmalar va uslubiy tushuntirishlar beradi;
pullik xizmatlar hamda notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik xususiyatga ega qoʻshimcha harakatlar roʻyxatini, ushbu harakatlar amalga oshirilganligi va xizmatlar koʻrsatilganligi uchun, shuningdek idoraviy notarial arxivlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari, reyestrlardan koʻchirmalar, maʼlumotnomalarning va arxiv hujjatlarining koʻchirma nusxalari berilganligi uchun toʻlovlarning miqdorlarini tasdiqlaydi;
notariuslarning statistik maʼlumotlarni taqdim etish shakllarini Notarial palata bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi va muddatlarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
2210-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligining, adliya boshqarmalarining notariat sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari oʻz vakolatlari doirasida:
notariuslar tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlarning qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
notariuslarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi;
notarial amaliyotni umumlashtiradi;
malaka komissiyasining faoliyatini tashkil etadi;
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini litsenziyalaydi;
Notarial palata bilan birgalikda notarius stajyorining faoliyatini tashkil etadi;
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Xususiy notarial amaliyot bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalarning davlat reyestrini yuritadi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish haqida qaror qabul qiladi;
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyati hududini belgilash maqsadida ularni hisobga qoʻyish va hisobdan chiqarishni amalga oshiradi;
notarius muhri va shtamplarining namunalari eskizlarini tasdiqlaydi;
notariuslarning reyestrini yuritadi;
notarial idoralarni qatʼiy hisobda turuvchi gerbli (maxsus) blankalar bilan taʼminlaydi;
oʻz faoliyatini tugatgan notarius muhrini yoʻq qilish va hujjatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivga topshirish choralarini koʻradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
25) 23-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61) mediator vazifasini bajaradi”;
quyidagi mazmundagi 122-band bilan toʻldirilsin:
“122) dalillarni taʼminlaydi”;
quyidagi mazmundagi 141 va 142-bandlar bilan toʻldirilsin:
“141) mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;
142) elektron hujjatning qogʻoz shaklidagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanligini tasdiqlaydi”;
26) 34-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlarni tasdiqlash jarayoni videokonferensaloqa orqali amalga oshirilishi mumkin”;
ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin;
27) quyidagi mazmundagi 611-modda bilan toʻldirilsin:
“611-modda. Mediator vazifasini bajarish
Notarius fuqarolik-huquqiy munosabatlar, shu jumladan mulkiy va meros masalalari boʻyicha oʻzaro maqbul qaror qabul qilish uchun taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida nizoda mediator sifatida ish yuritadi.
Taraflar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalaridan kelib chiqadigan nizoni yoxud majburiyatlarni bajarish shartlari va muddatlari xususida oʻzaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, notarius taraflar oʻrtasida tuzilgan mediativ kelishuvni tasdiqlaydi”;
28) 64-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Birlamchi bozordagi koʻchmas mulk va transport vositalariga nisbatan ipoteka shartnomalarini rasmiylashtirgan bank va boshqa kredit tashkilotlari mol-mulkka taqiq qoʻyish hamda taqiqni yechishni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, Notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali mustaqil ravishda amalga oshiradi”;
29) quyidagi mazmundagi 702-modda bilan toʻldirilsin:
“702-modda. Dalillarni taʼminlash
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan notarius sudda yoki maʼmuriy organda ish yuzaga kelgan taqdirda, agar taqdim etish keyinchalik mumkin boʻlmay qoladi yoki qiyin boʻladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud boʻlsa, dalillarni taʼminlaydi.
Dalillarni taʼminlash maqsadida notarius guvohlarning koʻrsatuvlarini yozib oladi, yozma va ashyoviy dalillarni koʻzdan kechiradi va guvohlantiradi, ekspertiza tayinlaydi, Internet jahon axborot tarmogʻidagi faktlarni tasdiqlaydi”;
30) quyidagi mazmundagi 721 va 722-moddalar bilan toʻldirilsin:
“721-modda. Mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash
Notarius mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi.
Mualliflik va turdosh huquq obyekti taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash mualliflik va turdosh huquqning yuzaga kelishi uchun asos boʻlmaydi.
722-modda. Elektron hujjatning qogʻoz shaklidagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega ekanligini tasdiqlash
Notarius mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlarni amalga oshirishda notarial tartibda tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalarning elektron shakli qogʻozda taqdim etilgan hujjatga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Hujjatning tasdiqlangan elektron shakli qogʻozdagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga egadir.
Oddiy yozma shaklda tuzilgan bitimlarning, shuningdek shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron shaklini qogʻozdagi hujjat bilan teng yuridik kuchga egaligini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi”;
31) 74-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi — yettinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Notarius pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlarni qabul qilish uchun depozit hisobvaragʻini ochishi kerak.
Notariusning shaxsiy mablagʻlarini ushbu hisobvaraqqa oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Notarius qarzdorga depozit hisobvaragʻi ochilgan bankka taqdim etish uchun pul mablagʻlari depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma beradi.
Kreditorning yoki qarzdorning depozit hisobvaragʻiga qabul qilingan pul mablagʻlarini va qimmatli qogʻozlarini berish, shuningdek depozitdan foydalanganlik uchun toʻlov bank tomonidan notariusning xabarnomasiga asosan amalga oshiriladi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 14-aprelda qabul qilingan “Lizing toʻgʻrisida”gi 756-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 108-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2016-yil, № 12, 384-modda; 2019-yil № 10, 671-modda) 9-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mol-mulk lizing obyekti hisoblanib, u haqda tuziladigan bitimlar qonunga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanishi talab qilinadigan hollarda notarial tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalari olish chogʻidagi lizing toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno”.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyuldagi OʻRQ-701-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 03/21/701/0674-son)
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Ipoteka toʻgʻrisida”gi OʻRQ-58-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 535-modda; 2010-yil, № 9, 337, 340-moddalar; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda; 2019-yil № 10, 671-modda) 12-moddasining birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi kerak (bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk olish chogʻidagi ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma mustasno) va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim”.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-269-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 12, 469-modda; 2011-yil, № 12/2, 363-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2019-yil, № 11, 792-modda) 18-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisidagi “davlat notarial idoralari” degan soʻzlar “notarial idoralar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-301-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 10, 271-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2019-yil № 3, 166-modda) 17-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisidagi “davlat notarial idoralari” degan soʻzlar “notarial idoralar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 2-yanvarda qabul qilingan “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi OʻRQ-364-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 1, 1-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda; 2018-yil № 7, 431-modda) 37-moddasi birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisidagi “yoki ijaraga” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 22-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 11, 791, 792-moddalar) 76-moddasi:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudgacha boʻlgan jarayonda notarial tartibda dalillarni taʼminlash choralarini koʻrishga haqli”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-iyulda qabul qilingan “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi OʻRQ-482-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 427-modda; 2019-yil № 7, 389-modda) 12-moddasi beshinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat vazifalarini bajarish uchun vakolat berilgan yoki unga tenglashtirilgan shaxs, bundan notariuslar mustasno”.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
14-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-yanvar,
OʻRQ-602-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2021-y., 03/21/701/0674-son; 07.08.2026-y., 03/26/1163/0826-son)