Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3298-son “Toshkent shahrida koʻp tarmoqli zamonaviy klinika barpo etish” loyihasini amalga oshirishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashni tashkil qilishni yanada takomillashtirish, milliy sogʻliqni saqlash amaliyotiga innovatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga oʻz vaqtida va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3298-son “Toshkent shahrida koʻp tarmoqli zamonaviy klinika barpo etish” loyihasini amalga oshirishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-avgust,
PQ-4425-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-avgustdagi PQ-4425-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3298-son “Toshkent shahrida koʻp tarmoqli zamonaviy klinika barpo etish” loyihasini amalga oshirishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-banddagi “2020” raqami “2021” raqami bilan almashtirilsin.
2. 3-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ” soʻzlari “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ QK” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “UGMK Muhandislik-qurilish markazi” AJ (Rossiya Federatsiyasi) — binolar qurilishi boʻyicha” soʻzlari “Proizvodstvenno-stroitelnaya kompaniya “Termoinjeniring” MChJ (Rossiya Federatsiyasi)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 4-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda loyihalashtirishning xalqaro standart va meʼyorlari qoʻllaniladi”.
4. 5-bandda:
birinchi xatboshidagi “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ” soʻzlari “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ QK” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020-yilning 1-iyuliga qadar loyihalashtirish va ish hujjatlarini ishlab chiqish hamda loyiha hujjatlarini bosqichma-bosqich ekspertizadan oʻtkazish bilan bir vaqtda koʻp tarmoqli zamonaviy klinika qurilishini amalga oshirishga”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tibbiyot texnikasi, inventar va asbob-uskunalar, ularning ehtiyot qismlari va sarflash materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida majburiy sertifikatlashtirishdan va roʻyxatdan oʻtkazmasdan, “Oʻzstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlarida sifat nazoratidan majburiy oʻtkazgan holda yetkazib berish, montaj qilish, ishga tushirish, foydalanishga topshirish va kelgusida foydalanishga”.
5. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Loyihani amalga oshirish doirasida 2022-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar:
a) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “UGMK-Xolding” MChJ, “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ QK, bosh loyiha, bosh pudrat, loyiha va pudrat, yordamchi pudrat tashkilotlari hamda tovarlarni yetkazib beruvchilar:
tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) uchun — qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari, shu jumladan norezidentlarning doimiy muassasalari bajarilgan ishlar (koʻrsatilgan xizmatlar)dan olgan daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan;
jismoniy shaxslar — chet el fuqarolari tomonidan loyihani amalga oshirish doirasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlashdan;
chet el fuqarolari mehnatiga haq toʻlash tarzidagi daromadlar boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlov toʻlashdan;
ogʻir yukli va katta oʻlchamli avtotransport vositalarining umum foydalanadigan yoʻllardan oʻtish haqi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida litsenziya berish va sertifikatlashtirish vaqtida davlat yigʻimlari, boj va toʻlovlar toʻlashdan;
loyihani amalga oshirish doirasida olib kelinadigan maxsus qurilish texnikasi, tibbiyot uskunalari va ularning ehtiyot qismlari, butlovchi buyumlar va uzellar, xomashyo va materiallar, texnologik hujjatlar, jihozlar, avtotransport, shuningdek, metall prokati bojxona toʻlovlari (bojxona yigʻimlari bundan mustasno), aksiz soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin;
b) “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ QK:
yer soligʻi;
yagona soliq toʻlovi;
mol-mulk soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlashdan ozod qilinsin.”.
6. 11 va 13-bandlardagi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning” soʻzlari “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ QKning” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Koʻp funksiyali tibbiyot markazi” MChJ QKning buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, xorijiy kompaniyalar xodimlariga koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha yashaydigan joyda vaqtinchalik roʻyxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirmasdan taʼminlasin”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.08.2019-y., 07/19/4425/4212-son)