Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida zamonaviy agrologistika kompleksini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Jizzax viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni jadal rivojlantirish, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, kelgusida ularni yirik xorijiy bozorlarga yoʻnaltirish, shuningdek, yangi ish oʻrinlari yaratishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “BMB Trade Group” (Oʻzbekiston) va “Natsionalnaya rezervnaya korporatsiya” (Rossiya Federatsiyasi) kompaniyalarining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida zamonaviy agrologistika kompleksini barpo etish maqsadida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “BMB-NRC Agrologistics” Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasini (keyingi oʻrinlarda agrologistika kompleksi deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifi maʼqullansin:
xorijiy investorlar mablagʻlarini jalb qilish hisobiga 10 ming tonna sigʻimga ega boʻlgan muzlatkichli kameralar va omborlar tashkil etish hamda shok usulda muzlatish, qayta ishlash, kalibrlash, saralash, qadoqlash va meva-sabzavotlarni quritish uskunalarini oʻrnatish;
meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, shuningdek, bojxona, bank, logistika, ekspress-laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha koʻrsatish, Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlar bozorlariga xoʻl va qayta ishlangan tayyor mahsulotlarning eksportini amalga oshirish;
xorijiy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish va boshqa manbalar hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini birlamchi va chuqur qayta ishlash hamda jamgʻarishni tashkil etish, shuningdek, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish.
2. Jizzax viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda agrologistika kompleksi hududigacha transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini jadal rivojlantirish dasturini bir oy muddatda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. “Jizzax viloyatida zamonaviy agrologistika kompleksini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini tezkor amalga oshirish hamda agrologistika kompleksi hududida barcha turdagi xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida bir oy muddatda agrologistika kompleksi hududida:
Davlat bojxona qoʻmitasi — bojxona hujjatlarini rasmiylashtish va berish punktini;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi — oʻsimliklar karantini sohasida ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berish punktini;
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va “Oʻzstandart” agentligi — xalqaro standartlarga muvofiq oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini toʻlaqonli sinovdan oʻtkazish hamda tegishli sertifikat va sanitariya-epidemiologiya ekspertizasi xulosalarini berishni taʼminlovchi zamonaviy sinov laboratoriyasini;
“Oʻzbekekspertiza” AJ — tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari boʻyicha tovarlarni tasniflash boʻyicha xizmat koʻrsatish, roʻyxatdan oʻtkazish va tovarning kelib chiqish sertifikatlarini berish punktini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. 2023-yil 1-yanvarga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va agrologistika kompleksi tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan xomashyo, uskunalar, maxsus transport vositalari va texnikalar uchun bojxona toʻlovlari (qoʻshilgan qiymati soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan;
agrologistika kompleksiga chet eldan jalb qilinadigan mutaxassislar — jismoniy shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev va Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-dekabr,
1027-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-dekabrdagi 1027-son qaroriga
ILOVA
“Jizzax viloyatida zamonaviy agrologistika kompleksini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2019-y., 09/19/1027/4187-son)