O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoni)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-dekabr,
1024-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi 1024-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 25-maydagi 146-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 5-son, 40-modda):
a) 1-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”.
b) 2-ilovada:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom”;
1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga va Fuqarolik kodeksiga muvofiq yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va ularning o‘rnini qoplash tartibini belgilaydi”;
2-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlarining zararlarini, shu jumladan boy berilgan foydani, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash yer uchastkasi beriladigan (ajratiladigan) yoki faoliyati yer uchastkasiga huquqlar cheklanishiga va erning sifati yomonlashishiga yoxud o‘zboshimchalik bilan erning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga olib keladigan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi”;
4-bandga “shuningdek” so‘zidan keyin “, o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar yetkazilgan zarar miqdorlariga” degan so‘zlari qo‘shilsin;
6-bandga quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritilgan va o‘zlashtirilgan yer maydonlariga sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanadi”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21. Yer uchastkalari berilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha mablag‘lar to‘lab beriladi va quyidagicha taqsimlanadi:
sug‘oriladigan yerlar uchun kompensatsiya to‘lovining (hisoblangan mablag‘ning) 90 foizi, lalmi yerlar, sug‘oriladigan va lalmi bo‘z yerlar, pichanzorlar va yaylovlar uchun kompensatsiya to‘lovining (hisoblangan mablag‘ning) 95 foizi O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
sug‘oriladigan yerlar uchun kompensatsiya to‘lovining (hisoblangan mablag‘ning) 10 foizi, lalmi yerlar, sug‘oriladigan va lalmi bo‘z yerlar, pichanzorlar va yaylovlar uchun kompensatsiya to‘lovining (hisoblangan mablag‘ning) 5 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi) maxsus hisob raqamlariga o‘tkaziladi”;
22-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“22. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davyergeodezkadastr qo‘mitasi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda ularning hududiy boshqarmalari ushbu mablag‘larning o‘z vaqtida tushishini va hisobga olinishini, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘naltirilishini ta’minlaydi”;
29-banddan “, joylashgan joyi” so‘zlari chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nq/xm = {[(Csug‘. x Bb x Ssug‘. x 10) + (Clal. x Slal. x 20) + (Csug‘. x Bb x Sb.sug‘. x 10 x 0,1) + (Clal. x Sb.lal. x 20 x 0,1) + (Cp.ya. x Sp.ya. x 20)] x Ki} + SF”;
o‘n to‘rtinchi xatboshi quyidagi mazmundagi o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“10 — olib qo‘yiladigan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari va sug‘oriladigan bo‘z yerlar kompensatsiya to‘lovini 10 barobarga oshirish koeffitsiyenti;
20 — olib qo‘yiladigan lalmi shudgor va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtlar, lalmi bo‘z yerlar, pichanzor va yaylov yerlar kompensatsiya to‘lovini 20 barobarga oshirish koeffitsiyenti;”;
o‘n beshinchi va o‘n oltinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘n oltinchi va o‘n yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi 301-band bilan to‘ldirilsin:
“301. Olib qo‘yiladigan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari va sug‘oriladigan bo‘z yerlar kompensatsiya to‘lovini 10 barobarga, lalmi shudgor va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtlar, lalmi bo‘z yerlar, pichanzor va yaylov yerlar kompensatsiya to‘lovini 20 barobarga oshirish koeffitsiyenti faqat qishloq xo‘jaligi yerlarida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi miqdorini hisoblashda qo‘llaniladi. Ushbu oshirish koeffitsiyentlari o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari miqdorini hisoblashda qo‘llanilmaydi”;
31-bandning ikkinchi xatboshisiga “sug‘orish va o‘zlashtirish” so‘zlaridan keyin “, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi natijasida yetkazilgan zarar” so‘zlari qo‘shilsin;
32-bandga quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun olib qo‘yiladigan lalmi yerlar va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtzorlar egallagan yerlar, pichanzorlar va yerlar uchun kompensatsiya to‘lovi, olib qo‘yilayotgan yer maydonlari joylashgan joylarni hisobga oluvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilmagan holda, xuddi shunday yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun talab etiladigan mablag‘ning lalmi yerlar, pichanzorlar va yaylovlar holatini tubdan yaxshilash bilan bog‘liq xarajatlarning 20 barobari miqdorida hisoblanadi.”;
quyidagi mazmundagi IV-bob qo‘shilsin:
“IV. O‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar miqdorini qoplash
50. Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ravishda tegishli ruxsat olmasdan o‘zboshimchalik bilan yerlarni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishga sabab bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yetkazilgan zarar qoplanadi.
51. O‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tuman (shahar) bo‘limlari hamda tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan mazkur Nizomning 55-bandiga muvofiq aniqlanadi.
52. Mazkur Nizomning 55-bandiga asosan hisoblangan zarar sud tartibida undiriladi va undirilgan mablag‘larning 95 foizi Respublika budjetiga hamda 5 foizi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy inspeksiyalarining rivojlantirish jamg‘armasiga undiriladi.
53. O‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi holatlari aniqlangan yerlarda qo‘shimcha ravishda tuproq sifatini o‘rganish (ball bonitetini aniqlash) ishlari o‘tkazilishi mumkin.
54. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi ushbu Nizomning 55-bandida ko‘rsatilgan mablag‘larning hisobga olinishini hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘naltirilishini ta’minlaydi.
55. O‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar miqdori quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi.
Ez/m = {[(Csug‘. x Bb x Ssug‘. x 10) + (Clal. x Slal. x 20) + (Csug‘. x Bb x Sb.sug‘. x 10 x 0,1) + (Clal. x Sb.lal. x 20 x 0,1) + (Cp.ya. x Sp.ya. x 20)] x Ki},
bunda:
Ez/m — o‘zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi bo‘yicha yetkazilgan zarar, ming so‘m;
Csug‘. — sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining (sug‘oriladigan bo‘z yerlar bundan mustasno) qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi bo‘yicha yetkazilgan zararning bir bonitet balli uchun qiymati ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq qabul qilinadi, ming so‘m;
Clal. — 1 ga lalmi shudgor va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtlarni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi bo‘yicha yetkazilgan zarar qiymati ushbu Nizomning 32-bandiga muvofiq qabul qilinadi, ming so‘m;
Cp.ya. — 1 ga pichanzor va yaylovlarni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi bo‘yicha yetkazilgan zarar qiymati ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq qabul qilinadi, ming so‘m;
Bb — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan sug‘oriladigan yerlar tuproqlarining o‘rtacha bonitet balli ko‘rsatkichi, ball;
Ssug‘. — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari maydoni (sug‘oriladigan bo‘z yerlar bundan mustasno), ga;
Slal. — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan lalmi shudgor va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtlar maydoni, ga;
Sb.sug‘. — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan sug‘oriladigan bo‘z yerlar maydoni, ga;
Sb.lal. — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan lalmi bo‘z yerlar maydoni, ga;
Sp.ya. — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan pichanzorlar va yaylovlar maydoni, ga;
10 — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari va sug‘oriladigan bo‘z yerlar bo‘yicha yetkazilgan zarar qiymatini 10 barobarga oshirish koeffitsiyenti;
20 — qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan lalmi shudgor va sug‘orilmaydigan ko‘p yillik daraxtlar, lalmi bo‘z yerlar, pichanzor va yaylov yerlar bo‘yicha yetkazilgan zarar qiymatini 20 barobarga oshirish koeffitsiyenti;
Ki — ushbu Nizomning 48-bandiga muvofiq qabul qilinadigan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari summasini indeksatsiya qilish koeffitsiyenti”;
quyidagi mazmundagi V-bob qo‘shilsin:
“V. Yakunlovchi qoida
56. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zararlarni aniqlash tartibini buzgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi”;
nizomga 1-ilovada:
ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ilova”;
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Olib qo‘yiladigan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari o‘rniga beriladigan ular bilan bir xil yangi yerlarni sug‘orish va o‘zlashtirish, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishi bo‘yicha yetkazilgan zarar qiymati”;
nizomga 2-ilovaning ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilova”;
3-ilova chiqarib tashlansin;
nizomga 4-ilovaning ilova belgisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 4-ilova”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-yanvardagi 22-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 1-son, 6-modda) bilan tasdiqlangan Fermer xo‘jaligining yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi mazmundagi 121-band qo‘shilsin:
“121. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoni bilan tasdiqlangan Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida yer maydonlarini foydalanishga kiritishda mazkur yer maydonlari maqbullashtirilmaydi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-iyuldagi 375-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.12.2019-y., 09/19/1024/4183-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2022-y., 09/22/375/0618-son)