Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
Quyida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining maqsad va prinsiplariga amal qilib,
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashi Xelsinki Yakunlovchi akti hamda Yevropa va Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik qilish boʻyicha asosiy hujjatlarga sodiqliklarini tasdiqlab,
davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda xalqaro huquqning ustuvorligini eʼtirof etib,
oʻzlarining davlatlararo aloqalarini bir-birini tushunish, adolat va tenglik asosida qurishga qatʼiylik bilan kirishib,
Yevropa va Osiyoda tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga harakat qilib,
doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro foydali hamkorlik munosabatlarining mavjud asriy tarixiy ildizlarini mustahkamlash Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlarining tub manfaatlariga javob beradi deb hisoblab,
ushbu shartnomani tuzishga qaror qildilar va quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarda va xalqaro faoliyatda suveren, teng huquqli, doʻst davlatlar sifatida ishtirok etadilar va oʻz munosabatlarini mustaqillik, davlat suverenitetini hurmat qilish, teng huquqlilik va bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplari asosida rivojlantiradilar.
2-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining hududiy yaxlitligini, hozirgi mavjud chegaralari buzilmasligini eʼtirof etadilar va hurmat qiladilar, bu chegaralarga biron-bir tajovuz boʻlishiga yoʻl qoʻymaydilar. Davlat chegaralari rejimini oʻrnatish va oʻzgartirish oʻzaro kelishuvlar asosida amalga oshadi.
Ular oʻz hududlarida ikkala davlat mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan tashkilotlar, guruhlar tuzilishi va faoliyat koʻrsatishini, shuningdek ayrim shaxslarning shu niyatdagi xatti-harakatini taqiqlaydi va ularning oldini oladi.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga va mustahkamlashga, inson huquqlarini himoya qilishga, xalqlarning xavfsizligini taʼminlashga, shuningdek ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, insonparvarlik va ekologik hamkorlikni kengaytirishga hamda chuqurlashtirishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz fuqarolariga, ularning milliy yoki boshqa farqlaridan qatʼi nazar, teng huquq va erkinlikni kafolatlaydi. Shuningdek har bir Tomon boshqa Tomon hududida yashayotgan fuqarolarga, ularning millatidan, diniy eʼtiqodidan yoki boshqa farqlaridan qatʼi nazar, inson huquqlari haqida umum eʼtirof etgan xalqaro meʼyorlarga muvofiq fuqarolik, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini hamda erkinliklarini kafolatlaydi.
5-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni yanada mustahkamlashga koʻmaklashadilar, asriy anʼanalarga binoan ularning madaniyat, adabiyot, sanʼat sohasidagi aloqalarini kengaytirishga va teranlashtirishga, turizm va sportni rivojlantirishga yordam beradilar.
Ular butun madaniy-tarixiy merosdan, arxivlardan, axborot va ilmiy-texnika maʼlumot banklari va fondlardan bemalol bahramand boʻlish va erkin foydalanishni taʼminlaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar viloyatlar, shaharlar, tumanlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning toʻgʻridan toʻgʻri har tomonlama aloqalarini rivojlantirish tadbirlarini koʻradilar, oʻz mamlakatlari fuqarolari oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantiradilar va har tomonlama yordam koʻrsatadilar.
6-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tashqi siyosat sohasida, xalqaro tashkilotlar faoliyatida oʻzaro hamjihatlikda harakat qiladilar; xalqaro nazorat ostida qurolsizlanish jarayoniga yordam beradilar, tashqi iqtisodiy faoliyatlarini muvofiqlashtiradilar.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro foydali ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor beradilar. Yevropa-Osiyo iqtisodiy makonini shakllantirishga koʻmaklashadilar.
Shu maqsadda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga eng koʻp qulayliklar keltiruvchi muhit yaratadilar; shuningdek, hamma darajalarda oʻzaro foydali bevosita iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishni ragʻbatlantiradilar, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar, qoʻshma korxonalarni rivojlantirish uchun sharoit vujudga keltiradilar; shuningdek, oʻzaro sarmoya qoʻyishni ragʻbatlantiradilar va himoyalaydilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar bir-biriga mollarni yetkazib berish va xizmatlar, toʻlovlar, baholar, qimmatbaho qogʻozlar harakati, shuningdek jahon bahosi boʻyicha oʻzaro hisob-kitob yuritishga oʻtish muddatlari haqida hukumatlararo bitim tuzadilar, baho, bojxona siyosatini muvofiqlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Tomonga uning huquqi va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan iqtisodiy qarorlar qabul qilish haqida oldindan axborot beradi va boshqa Tomon iqtisodiy ahvolini izdan chiqaradigan bir tomonlama tadbirlarni amalga oshirishdan voz kechadilar.
8-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro foydali asosda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish istagini ifoda etib bu masalada hukumatlararo bitim tuzadilar.
9-modda
Bir Oliy Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan davlat mulki, yuridik shaxslar va fuqarolar mulkining huquqiy holati mulk joylashgan Tomonning qonunlari bilan tartibga solinadi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududida boshqa Tomonning mulk huquqlarini himoya qilishni kafolatlaydi.
10-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar energetika, informatika va barcha turdagi aloqa, shu jumladan, yoʻldoshlar orqali aloqa va telekommunikatsiyalar sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar, bu sohalarda qaror topgan komplekslar va yagona tizimlarni saqlab qolishga, rivojlantirishga va ulardan oqilona foydalanishga yordam beradilar.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ekologik xavfsizlikni taʼminlashga alohida ahamiyat beradilar, bundan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalarga muvofiq harakat qiladilar. Tomonlar atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi zarur choralarni koʻradilar, tabiatdan oqilona foydalanish yoʻllarini belgilaydilar. Ular hamkorlikda maxsus tabiatni muhofaza qilish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishga harakat qiladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Orol dengizi va Orolboʻyi rayonlaridagi ekologik falokatning keng miqyosdaligini anglab, Orol ekologik tizimini qayta tiklash ishidagi kuch-gʻayratlarini birlashtiradilar va muvofiqlashtirib boradilar, bu sohadagi xalqaro va ayniqsa mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda hamjihatlik koʻrsatadilar.
12-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ekologik halokat va aholining hayotiga xavf tugʻdiradigan tabiiy ofatlar tufayli vujudga kelgan vaziyatlarda boshqa Tomonga yordam koʻrsatish majburiyatini oladilar.
13-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar transport sohasida iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Tomonning transport operatsiyalarini ularning hududlarida joylashgan dengiz, daryo va havo portlari, temiryoʻl va avtomobil shoxobchalari hamda truboprovodlar orqali taʼminlaydi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar transosiyo temiryoʻl magistralini shakllantirishda Tomonlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek tranzit yuklarni tashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish zarur ekanligini tasdiqlaydilar.
Tomonlarning har biri oʻz hududlarida oʻzaro hamkorlik prinsipida boshqa Tomon yoʻlovchilari va yuklarini toʻsiqsiz va boj toʻlovlarisiz oʻtkazishni taʼminlaydilar.
14-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar fan va texnika, fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishda, ustuvor qoʻshma dasturlar va ishlanmalarni, shu jumladan, kosmik tadqiqotlarni amalga oshirishda hamkorlikni rivojlantiradilar; alohida bitimlar asosida qoʻshma ilmiy-ishlab chiqarish jamoalarini tuzishga va ularning faoliyat koʻrsatishiga yordam beradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamjihatlikda ishlaydilar, olimlar, stajorlar va talabalar almashishni ragʻbatlantiradilar. Tomonlar maʼlumot, ilmiy darajalar va unvonlar toʻgʻrisidagi diplomlarni oʻzaro eʼtirof etadilar.
15-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamjihatlikda ishlaydilar, olimlar, stajorlar va talabalar almashishni ragʻbatlantiradilar. Tomonlar maʼlumot, ilmiy darajalar va unvonlar toʻgʻrisidagi diplomlarni oʻzaro eʼtirof etadilar.
Oʻzbekiston yoshlarini Qozogʻiston oʻquv yurtlariga, Qozogʻiston yoshlarini Oʻzbekiston oʻquv yurtlariga qabul qilish masalalari alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
16-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aholi salomatligini saqlash, tibbiyot fani va amaliyotini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini kengaytirish, dori-darmonlar yetkazib berish, tibbiyot texnikasi buyumlari va bolalar oziq-ovqati bilan taʼminlash borasida birgalikda harakat qilish zarur deb hisoblaydilar.
Ular bir Tomonning nodir va ixtisoslashgan tibbiy muassasalaridan ikkinchi Tomon aholisining davolanishi va maslahat olishiga ochiq boʻlishi va bemalol foydalanishi uchun imkon yaratadilar.
17-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar bir Tomon fuqarolarining ikkinchi Tomon hududida pensiya taʼminoti masalalarini fuqarolarning pensiya olish huquqini oʻzaro eʼtirof etgan holda maxsus bitimlarga binoan hal qiladilar.
18-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar birgalikda, kelishilgan mudofaa siyosati yurgizish, davlat chegaralarini himoya qilishda oʻzaro hamkorlik qilishni taʼminlash, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni saqlab qolish boʻyicha hamkorlik qilish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo munosabatlarda kuch ishlatishni qoʻllamaslik yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik, ikkinchi Tomonga qarshi qaratilgan ittifoqlarga kirmaslik, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri uchun paydo boʻlgan xavfni bartaraf etish boʻyicha oʻz nuqtai nazarlarini va chora-tadbirlar koʻrishni muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro xavfsizlikning barcha masalalari yuzasidan darhol maslahatlar oʻtkazish majburiyatini oladilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning biriga qarshi tajovuz qilinganda boshqa Ahdlashuvchi Tomon unga zarur boʻlgan yordam, shu jumladan, harbiy yordam ham beradi. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududi, kommunikatsiya tizimi va boshqa infrastrukturasidan uchinchi davlatlarning boshqa Tomonga qarshi tajovuz tayyorlash yoki tajovuz qilish, zoʻravonlik harakatlari oʻtkazish maqsadida foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oladi. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida oʻzaro xavfsizlik toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
19-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar respublikalar qurolli kuchlarining qaror topishi, harbiy sanoatni rivojlantirish va uning konversiyasi, harbiy sohada texnologiyalarni, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini ayirboshlash boʻyicha hamkorlik qiladilar.
20-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar umum eʼtirof etgan xalqaro huquq normalari asosida migratsiya jarayonlarini tartibga solishning oʻzaro kelishilgan tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur deb hisoblaydilar.
21-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqiy hamkorlikni amalga oshiradilar, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash sohasidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda ayirboshlaydilar, xalqaro huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga ishtirok etishda kuchlarni birlashtiradilar.
Tomonlar jinoiy, fuqarolik va oilaviy ishlar boʻyicha bir-biriga oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatadilar.
22-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar uyushgan jinoyatchilikka, terrorizmga, shuningdek narkotik moddalar, qurollardan qonunsiz foydalanishga, kontrabandaga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytiradilar va chuqurlashtiradilar.
23-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining chinakam doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek xalqaro hayot va ikki tomonlama munosabatlarning muhim muammolari, oʻzaro manfaatli boshqa masalalar boʻyicha fikr almashish maqsadida parlamentlarning aʼzolari, boshqa davlat organlari vakillari oʻrtasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazadilar.
24-modda
Mazkur Shartnoma uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro Shartnomalardan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
25-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnomani samarali tatbiq etish uchun zarur boʻlgan bitimlar va protokollarni imzolaydilar. Shartnomaning moddalarini talqin qilish va bajarishda bahslar paydo boʻlgan taqdirda, Tomonlar ularni maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
26-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri maslahatlashuvlar doirasida mazkur Shartnomaning yoki uning alohida moddalarining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqish huquqini oʻzlarida saqlab qoladilar. Mazkur Shartnomaning qoidalari Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq toʻldirilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
27-modda
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinishi kerak va u ratifikatsiya yorliqlari ayirboshlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
28-modda
Mazkur Shartnoma oʻn yil muddatga tuzildi. Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning ikkinchisiga yozma xabar berish yoʻli bilan Shartnomani bekor qilish istagi toʻgʻrisida oʻn yillik muddat tamom boʻlishidan olti oy oldin maʼlum qilmasa, uning amal qilishi keyingi oʻn yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Shartnoma 1992-yil 24-iyunda Turkiston shahrida ikki nusxada, har bir nusxasi oʻzbek va qozoq tillarida tuzildi, har ikkala matn bir xil kuchga egadir.
Har bir Ahdlashuvchi Tomonda ushbu Shartnoma nusxasi bilan birga rus tiliga tarjima qilingan rasmiy matn qoldiriladi.
(imzolar)