Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-noyabrdagi PQ-4037-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-avgustdagi 679-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Fransiyaga oliy darajadagi tashrif davomidagi madaniy-gumanitar tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 22-avgustdagi 679-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Fransiya madaniyat markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) davlat muassasasi shaklida tashkil etilganligi, shuningdek, unga Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Istiqlol koʻchasi, 47-uy manzilida joylashgan mulkiy majmua tutash hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida berilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tomonidan Markaz faoliyati yuzasidan Fransiya Respublikasining nodavlat notijorat tashkilotlari va taʼlim muassasalari bilan muzokaralar olib borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Fransiya Respublikasi bilan madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanishiga koʻmaklashish;
Fransiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishda ishtirok etish;
fransuz tilini, Fransiya Respublikasining madaniyati va tarixini oʻrganishga koʻmaklashish;
Fransiyada oʻzbek tili, Oʻzbekistonning madaniyati va tarixi, shu jumladan, eng yangi tarixi oʻrganilishida ishtirok etish;
oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston vakillarining Fransiya Respublikasida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarda ishtirokiga koʻmaklashish;
milliy va fransuz madaniyat hamda sanʼat arboblarining ijodi bilan tanishishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil etish.
3. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 10 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazining ustavi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-bandning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarma ijrochi direktoriga zarurat boʻlganda Markaz tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
4. Belgilab qoʻyilsinki, Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
5. Jamgʻarma Markaz binosini kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
Jamgʻarma oʻz mablagʻlari hisobiga madaniyat va sanʼat obyektlarini meʼmoriy jihatdan rejalashtirish sohasidagi eng yaxshi jahon tajribasiga muvofiq Markaz binosini kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirsin.
6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Jamgʻarma mablagʻlari;
binodan foydalanishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-dekabr,
969-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazining
TUZILMASI
(1-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
Izoh. Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 10 nafar. Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazining
USTAVI
(2-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Fransiya madaniyat markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Ustavga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega boʻladi.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Fransiya Respublikasi bilan madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanishiga koʻmaklashish;
Fransiya Respublikasi bilan madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanishiga koʻmaklashish;
Fransiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishda ishtirok etish;
fransuz tilini, Fransiya Respublikasining madaniyati va tarixini oʻrganishga koʻmaklashish;
Fransiyada oʻzbek tili, Oʻzbekistonning madaniyati va tarixi, shu jumladan, eng yangi tarixi oʻrganilishida ishtirok etish;
oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston vakillarining Fransiya Respublikasida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarda ishtirokiga koʻmaklashish;
milliy va fransuz madaniyat hamda sanʼat arboblarining ijodi bilan tanishishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil etish.
5. Markaz yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Markaz negizida ixtisoslashtirilgan taʼlim dasturlari, kurslar va mahorat darslarini tashkil etish;
talabalar, oʻqituvchilar va mutaxassislarni ayirboshlash;
oʻz vakolatlari doirasida ikki mamlakat mutaxassislari uchun stajirovkalar tashkil etish;
Markaz amalga oshiradigan tadbirlarning kalendar rejasini shakllantirish va tasdiqlash;
Fransiya tomoni bilan madaniyat va sanʼatni ommaviylashtirish hamda respublikaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etish;
Fransiya tajribasini oʻrganish, muzeylar va boshqa madaniy muassasalar faoliyati samaradorligini oshirishga koʻmaklashish;
maʼruzalar, seminarlar, konferensiyalar, mahorat darslari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish;
bolalar uchun ijodiy rivojlanish darslari oʻtkazish;
vizual sanʼat va video-namoyishlar loyihalarini amalga oshirish;
fransuz tilini oʻrganish kurslarini tashkil etish;
Oʻzbekiston va Fransiyaning tarixi boʻyicha bosma, foto-, video- va audiomateriallarni toʻplash;
mablagʻlar oʻz vaqtida tushishini taʼminlash va tahlil qilish;
Markazning mablagʻlari tushumi va xarajatlarini prognozlashtirish;
madaniyat va sanʼat sohasida oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining talabalari va oʻqituvchilarini ayirboshlashni tashkil etishga koʻmaklashish;
davlat, kasb bayramlariga bagʻishlangan mavzuli, teatr-konsert, axborot-koʻrgazma, adabiy-badiiy va boshqa madaniy-ommaviy tadbirlarni, shuningdek, festivallar va tanlovlarni tashkil etish;
sanʼat sohasida, shu jumladan, Oʻzbekistonning chet eldagi ijobiy nufuzini shakllantirishga qaratilgan axborot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
3-bob. Markazning huquq va majburiyatlari
6. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijroiya hokimiyati organlaridan axborotni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
ushbu Ustavning 5-bobida belgilangan manbalardan tushgan mablagʻlarni oʻzining bank hisobvaraqlarida jamlash;
Markazga yuklangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan shartnomalar tuzish;
tijorat faoliyatining barcha turlarini amalga oshirish;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirishning turli masalalari boʻyicha belgilangan tartibda tashabbus bilan chiqish;
oʻz faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida materiallarni joylashtirish;
Markazning vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlik qilish.
7. Markaz:
ushbu Ustavda belgilangan asosiy vazifalar bajarilishini taʼminlashga;
Markaz daromadlarining istiqbolli koʻrsatkichlari ijrosi natijadorligini tahlil qilishga va mablagʻlar tushumiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga majburdir.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va majburiyatlarni olishi mumkin.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish tartibi
8. Markaz oʻz faoliyatini ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
9. Markazga Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.
10. Markaz direktori:
Markazga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarga muvofiq Markaz faoliyatini tashkil etadi, xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida Markazning shtat jadvalini shakllantiradi, Markaz nomidan xoʻjalik va mehnat shartnomalarini, boshqa shartnomalar va hujjatlarni imzolaydi;
ushbu Ustavga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
5-bob. Markazni moliyalashtirish manbalari
11. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
binodan foydalanishdan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6-bob. Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
12. Markaz xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Markaz xodimlarining lavozim maoshlariga ragʻbatlantiruvchi tusdagi oylik ustamalar va qoʻshimcha haqlar direktor tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq toʻlanadi.
13. Markaz direktori Markazning oʻz daromadlari hisobiga:
xizmat vazifalarini bajarishda tashabbus koʻrsatgan va vijdonan ishlagan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida lavozim maoshining 100 foizgacha miqdorda oylik ustamalar belgilash;
oʻz vazifalarini vijdonan bajaradigan Markaz xodimlarini lavozim maoshining 50 foizigacha miqdorda har chorakda mukofotlash;
Markaz xodimlariga bir yilda bir marta lavozim maoshi miqdorida bir yoʻla moddiy yordam berish;
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan bayram kunlari munosabati bilan Markaz xodimlarini har bir bayram uchun bir lavozim maoshi miqdorida mukofotlash;
har oyda ish haqining eng kam miqdorida ovqatlanish va yoʻlkira uchun toʻlovlar toʻlash huquqiga ega.
7-bob. Hisobot berish
Oldingi tahrirga qarang.
14. Markaz direktori har yili 1-fevralgacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga oldingi yil uchun Markazning faoliyati toʻgʻrisida hisobot, shu jumladan, moliyaviy hisobot taqdim etadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-avgustdagi 436-sonli qarori tahririda)
15. Markazning hisobot berishi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17. Ushbu Ustav talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 969-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Fransiya madaniyat markazi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha
RAZRYaDLARI
|
Lavozim nomi |
Mehnatga haq toʻlash razryadlari |
|
Direktor |
15 |
|
Boʻlim boshligʻi |
13 |
|
Bosh buxgalter |
13 |
|
Bosh mutaxassis |
11 |
|
Yetakchi mutaxassis |
10 |
|
Mutaxassis |
9 |
Izoh. Yuridik xizmat Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2017-yil 1-maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan minimal normativ va mezonlar asosida tashkil etiladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2019-y., 09/19/969/4112-son)