Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 15-moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais B. Mirboboyev, sudyalar A. Gʻafurov, F. Kayumov, S. Koshayeva, B. Miralimov, G. Pirjanov va K. Uljayevdan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 14-moddasiga amal qilgan holda “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 15-moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqidagi ishni ochiq majlisida koʻrib chiqdi.
Masala “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 25-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan sudyalar A. Gʻafurov, G. Pirjanov va S. Koshayevaning tashabbusi bilan kiritildi.
Konstitutsiyaviy sud mazkur masala yuzasidan maʼruzachi sudya S. Koshayevaning axborotini tinglab va ish boʻyicha mavjud hujjatlarni oʻrganib, aniqladi:
Konstitutsiyaviy sudga Adliya vazirligi murojaat qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi PF-5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 9-bandiga asosan Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-moddasida Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hujjat chiqarilishi natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar davlat tomonidan yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan toʻlanishi kerak deb belgilangan.
Biroq ushbu moddada, shuningdek boshqa fuqarolik qonun hujjatlarida bunday zararni qoplash manbalari aniq belgilab berilmagan.
Shu sababli qonun hujjatlariga toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladigan normalarni kiritish, turlicha tushunilishi mumkin boʻlgan yoki amaliyotda qoʻllanilishida qoʻshimcha tushuntirish talab qiladigan normalarni aniqlashtirish, xususan, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hujjatlari belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilganda fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash manbalari (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mablagʻlari)ni aniq belgilash, davlat organlari va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan hujjatlarni qabul qilishda fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, qonuniylikni taʼminlashga boʻlgan masʼuliyatni oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-moddasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zarur deb topildi.
Ushbu zaruratdan kelib chiqib, qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan qayta tayyorlandi.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 14, 31, 32, 33-moddalariga, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunning 5, 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
1. Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan hujjat chiqarilishi natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararni qoplash manbasini aniqlashtirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 15-moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilsin (ilova qilinadi).
2. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi S. Koshayeva ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda ishtirok etish uchun oʻz vakili etib tayinlansin.
3. Ushbu qaror “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 33-moddasiga muvofiq “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida va boshqa tegishli rasmiy manbalarda eʼlon qilinsin.
Toshkent sh.,
2019-yil 18-oktabr