Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shartlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, uni malakali mutaxassislar bilan toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4040-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan 2019-yil va kelgusi yillarda suv taʼminoti hamda kanalizatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha manzilli dasturlarning samarali muvofiqlashtirilishi va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasining faoliyat koʻrsatayotgan toʻrtta hududlararo filiallari negizida hududiy boshqarmalar (Toshkent shahridan tashqari) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyundagi 409-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 6-son, 112-modda) bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajaralishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-noyabr,
957-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-noyabrdagi 957-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Shtat jadvalini shakllantirishda:
ish kasblari (mutaxassisliklar) boʻyicha malaka razryadlari Vazirlar Mahkamasining “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 4-oktabrdagi 795-son qaroriga muvofiq ishlarni sifatli bajarish uchun talab etiladigan malakadan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda Injiniring kompaniyasi deb ataladi) va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari uchun Mehnatga haq toʻlash boʻyicha yagona tarif setkasiga asosan tarif koeffitsiyentlariga oshib boruvchi koeffitsiyentlarning cheklangan miqdorlari Vazirlar Mahkamasining “Obyektlarni markazlashtirilgan manbalar hisobiga qurishda yagona buyurtmachi xizmatlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2014-yil 16-maydagi 124-son qaroriga muvofiq belgilanadi”.
2. Quyidagi tahrirdagi 51-bob qoʻshilsin:
“51-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini mukofotlash hamda ularga moddiy yordam koʻrsatish tartibi
181. Injiniring kompaniyasi xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam koʻrsatish suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish doirasida buyurtmachini saqlash xarajatlarini belgilangan tartibda nazarda tutadigan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, mahalliy budjetlar mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
182. Injiniring kompaniyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi Injiniring kompaniyasi tomonidan har yili nazarda tutiladigan mehnatga haq toʻlash fondining 15 foizi miqdorida shakllantiriladi.
183. Injiniring kompaniyasi xodimlariga:
ish vaqtidan boshqa vaqtlarda, dam olish va bayram kunlarida, tungi vaqtda ishlaganlik, shuningdek, uzoq muddat ishlaganlik uchun ushbu Nizomning 7 va 9-bandlarida nazarda tutilgan tartibda lavozim maoshiga ustamalar;
rasmiy bayram kunlari (Xalqaro xotin-qizlar kuni, Navroʻz, Mustaqillik kuni, Ramazon hayiti va Qurbon hayiti, Konstitutsiya kuni, Yangi yil) va kasb bayrami (Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish xodimlari kuni) bir lavozim maoshi miqdorida bir martalik mukofot puli;
ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida har oylik toʻlov;
yoʻlkira xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida har oylik toʻlov, xizmat avtotransporti biriktirilgan xodimlar bundan mustasno;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda bir yoʻla moddiy yordam puli;
alohida holatlar (uzoq muddat kasallik, oila aʼzosining vafoti, nikoh tuzish va boshqalar) munosabati bilan bir lavozim maoshidan oshmaydigan miqdorda bir yoʻla moddiy yordam puli;
sogʻliqni tiklash (sanatoriyda davolanish) uchun bir yilda bir marta bir lavozim maoshi miqdorida moliyaviy yordam puli toʻlanadi.
184. Mukofotlar va ustamalarning aniq miqdorini belgilash uchun Injiniring kompaniyasida Injiniring kompaniyasi xodimlarini mukofotlash tartibini belgilash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.
Komissiya Injiniring kompaniyasi direktorining qarori bilan 6 kishidan iborat tarkibda tuziladi va direktor (komissiya raisi), bosh buxgalter, kadrlar boʻyicha mutaxassis, yuriskonsult, mehnat jamoasi va kasaba uyushma qoʻmitasi vakillarini oʻz ichiga oladi. Komissiya qarori koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
185. Injiniring kompaniyasining ayrim tashabbuskor va yuqori malakali xodimlariga Injiniring kompaniyasi direktorining tegishli buyrugʻiga hamda komissiya qaroriga asosan lavozim maoshiga uning 50 foizidan oshmaydigan miqdorida har oylik shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2019-y., 09/19/957/4089-son)