O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING 1992-YILGI 12 FOIZLI IChKI YuTUQLI ZAYoMI OBLIGATSIYALARINI MUOMALAGA ChIQARISh ChORA-TADBIRLARI HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni operativ ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat banki (o‘rtoq Mullajonov)ning 1992-yilning 20-iyuniga qadar birlashma tomonidan Davlat banki inkassatsiyasiga 1992-yilgi ichki yutuqli zayomi 01-nomerli razryadi obligatsiyalarining O‘zbekiston jamg‘armalar banki raznaryadkasiga binoan (1-ilova*) O‘zbekiston jamg‘armalar banki, O‘zbekiston sanoat-qurilish banki va O‘zbekiston agrosanoat bankining har bir muassasasiga va keyinchalik shu zayomning boshqa razryadlari obligatsiyalarini ana shunday tartibda yetkazishni ta’minlash haqidagi takliflari qabul qilinsin.
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. O‘zbekiston jamg‘armalar banki:
ichki yutuqli zayom obligatsiyalarining saqlanishini va banklarning talabnomalariga binoan obligatsiyalar yetkazib berishni ta’minlasin;
Davlat xazinasidan O‘zbekiston Respublikasining 1992-yilgi zayomi obligatsiyalarining kelishiga qarab o‘tkazilgan tirajlar bo‘yicha yutuq chiqqan obligatsiyalarni bekor qilishga doir tegishli ishlarni tashkil etishni ta’minlasin;
yutuq chiqqan obligatsiyalarni ekspertiza qilishni va ularni yo‘qotishni amalga oshirsin;
zarur hujjatlarning formalarini ishlab chiqishni va ularni bank muassasalariga yetkazishni ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalari bo‘yicha yutuqlar tirajlarini o‘tkazishning ilova qilinayotgan grafigi tasdiqlansin (2-ilova*).
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini sotish kurs qiymatining jadvali tasdiqlansin (3-ilova*).
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (o‘rtoq Boqiboyev):
O‘zbekiston Respublikasining 1992-yilgi ichki yutuqli zayomi obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni amalga oshirish, obligatsiyalar depozitini boshqarish ustidan hamma joyda nazorat o‘rnatsin;
1992-yilning 1-iyuliga qadar O‘zbekiston jamg‘armalar banki bilan birgalikda yutuqlar tirajlarini o‘tkazish Qoidasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda tirajlarni tasdiqlangan grafikka muvofiq o‘tkazishni ta’minlasin.
6. Bozor munosabatlari sharoitlarida zayom qiymatini saqlashni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi, pulning qadrsizlanishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining 12 foizli zayomi yutug‘ining foizli stavkasini vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqsin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, tiraj o‘tkaziladigan joydagi tegishli hokimlikning o‘rinbosari tiraj komissiyasining raisi etib tayinlanadi. Tiraj komissiyasining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston jamg‘armalar banki, O‘zbekiston sanoat-qurilish banki, O‘zbekiston agrosanoat banki:
aholi o‘rtasida 12 foizli ichki yutuqli zayomni ommalashtirish bo‘yicha targ‘ibot-reklama va tushuntirish ishlarini olib borishni ta’minlasinlar. Shu maqsadda matbuotda maqolalar e’lon qilinsin, mutaxassislarning radio, televideniye orqali chiqishlari uyushtirilsin;
targ‘ibot-reklama ishlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish uchun joylarga mas’ul xodimlarni yuborsinlar;
bank muassasalarini zayom obligatsiyalari bilan doimiy ta’minlash va ularni aholiga sotish ustidan nazorat o‘rnatsinlar.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, nohiyalar va shaharlar hokimliklari zayom shartlari va uning pul muomalasini barqarorlashtirishdagi ahamiyati bo‘yicha keng reklama-tushuntirish ishlarini tashkil qilsinlar.
10. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlari kasaba uyushmalari organlari bilan birgalikda mehnat jamoalarida jamg‘arma ishiga va obligatsiyalarni ommalashtirishga ko‘maklashish guruhlari tuzsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq B. S. Hamidov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 15-iyun,
286-son