O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DON MAHSULOTLARI DAVLAT KONSERNI USTAVINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi don mahsulotlari (“O‘zdonmahsulot”) davlat konsernining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-iyun,
275-son
O‘zbekiston Respublikasi don mahsulotlari (“O‘zdonmahsulot”) davlat konsernining
USTAVI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi don mahsulotlari (“O‘zdonmahsulot”) davlat konserni, keyingi o‘rinlarda konsern deb ataladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 6-fevraldagi Farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-fevraldagi 75-son qaroriga muvofiq va don mahsulotlari tarmoqlari, birlashmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalarining qarori bo‘yicha (ta’sis konferensiyasining 1992-yil 29-fevraldagi 1-son qarori) tashkil etilgan.
2. Konsern turli mulkchilik shakllariga ega bo‘lgan, keyingi o‘rinlarda ishtirokchilar deb ataladigan mustaqil birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning ko‘p tarmoqli ixtiyoriy birlashmasi hisoblanadi.
Konsern ishlab chiqarish, xo‘jalik va moliyaviy faoliyatni ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish rivojlanishi, shuningdek, investitsiya, moliya, tashqi iqtisodiy faoliyat va boshqa faoliyat bo‘yicha funksiyalarning bir qismi konsern muassislari tomonidan ixtiyoriy ravishda unga berilishi asosida amalga oshiradi.
3. Konsern tarkibiga qiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar xo‘jalik mustaqilligini, yuridik shaxs huquqini saqlab qoladilar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va mazkur Ustavga muvofiq faoliyat ko‘rsatadilar. Ular bilan konsern o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ta’sis shartnomasi, Ustav bilan belgilanadi.
4. Konsern yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur Ustavga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi, mustaqil va yig‘ma balansga, bank va tashqi iqtisodiy bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlariga, O‘zbekiston Respublikasi davlat tamg‘asi tushirilgan va o‘z nomi o‘zbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega bo‘ladi. Konsernni ro‘yxatga olish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Konsernning asosiy faoliyati xo‘jalik hisobi, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
5. Konsern o‘z majburiyatlariga ko‘ra qonunchilik bo‘yicha jazo qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan o‘ziga tegishli mol-mulk uchun javob beradi.
Konsern davlat va uning organlarining majburiyatlari uchun javob bermaganidek, davlat va uning organlari konsernning majburiyatlari uchun javob bermaydi.
Agar konsern bilan uning ishtirokchilari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda boshqacha hol nazarda tutilmasa, konsern ishtirokchilari konsernning majburiyatlari uchun javob bermaganidek, konsern konsern ishtirokchilari bo‘lgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning majburiyatlari uchun javob bermaydi.
6. Konsern o‘z tarkibiga qiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlarning hududiy joylashuvidan qat’i nazar, o‘z vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bo‘yicha faoliyatini yagona ishlab chiqarish — xo‘jalik va ilmiy kompleks sifatida amalga oshiradi.
7. “O‘zdonmahsulot” konserni tarkibiga quyidagilar kiradi:
don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmalari;
loyiha-sanoat-qurilish birlashmalari;
“Toshkentdonsanoat” ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent bulka-qandolatchilik kombinati;
ishlab chiqarish-texnologiya komplektlash birlashmasi;
respublika axborot-hisoblash va joriy etish markazi;
don mahsulotlarini himoya qilish bo‘yicha respublika ekspeditsiyasi;
Qo‘qon ijarachi non kombinati;
omixta ozuqa sanoati bo‘yicha respublika nazorat-ishlab chiqarish laboratoriyasi;
don mahsulotlari bo‘yicha respublika nazorat-ishlab chiqarish laboratoriyasi;
Toshkent texnologiya texnikumi;
rahbarlar, mutaxassislar va ishchi kadrlarning malakasini oshirish kurslari.
Idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, iqtisodiy manfaatlarining umumiyligi asosida boshqa korxonalar, tashkilotlar ham ixtiyoriy ravishda konsern tarkibiga kirishlari mumkin.
8. Konsernning manzilgohi: Toshkent-60, Lohutiy ko‘chasi, 36.
II. KONSERN FAOLIYATINING MAQSAD VA VAZIFALARI
9. Konsern respublika xalq xo‘jaligi va aholisini don, un, non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari hamda omixta ozuqa bilan ta’minlaydi.
10. Quyidagilar konsernning asosiy vazifalari hisoblanadi:
don qabul qilish va donni qayta ishlash korxonalari bilan kolxozlar, sovxozlar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha, davlat buyurtmalariga muvofiq, shuningdek aholidan don, moyli urug‘lar, don va moyli o‘simliklarning navdor va duragay urug‘larini, o‘t urug‘larini, pichan va o‘t unini xarid qilish;
don resurslarini, shu jumladan, davlat va safarbarlik resurslarini, shuningdek, konsern Ustavi bilan belgilangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy va boshqa rezervlarni markazlashtirilgan jamg‘arish, oqilona hududiy joylashtirish va saqlash;
tuzilgan shartnomalar va savdo tashkilotlarining talabnomalari bo‘yicha un, yorma, non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari, omixta ozuqa yetishtirish va yetkazib berish davlat buyurtmasi topshiriqlarini bajarish, o‘z do‘konlari bo‘lgan kichik novvoyxonalar tarmog‘ini rivojlantirish;
don, un, yorma, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlari va omixta ozuqa sifatini muntazam tekshirish;
yagona ilmiy-texnika va texnologiya siyosatini olib borish, ichki va tashqi bozor konyunkturasini o‘rganish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarda, shu jumladan xorijiy va xalqaro tashkilotlarda konsern va uning muassislarining manfaatlarini ifodalash;
ishlab chiqarishni barcha choralar bilan intensivlashtirish, fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, ishlab turgan korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash, moddiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari: asosiy fondlar, mehnat, moddiy va moliyaviy resurslardan samarali foydalanishga ko‘maklashish, elevator, tegirmon, yorma, non pishirish, makaron, qandolatchilik va omixta ozuqa sanoatini jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish rivojlanishining yuksak sur’atlarini va mehnat unumdorligining o‘sishini ta’minlash;
investitsiyalardan oqilona foydalanish va ularning samaradorligini oshirishga, qurilish qiymatini kamaytirish va muddatini qisqartirishga, ishlab chiqarish quvvatlari va asosiy fondlarini o‘z vaqtida ishga tushirish va belgilangan muddatlarda o‘zlashtirishga ko‘maklashish;
buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish va don mahsulotlari tarmoqlari uchun bajariladigan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash;
tarmoqning favqulodda sharoitlarda barqaror ishlashini tashkil etish;
amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida harbiy-safarbarlik ishlari va fuqaro mudofaasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlarini ta’minlash;
don mahsulotlari tarmoqlarining istiqboldagi rivojlanishini va ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirishni oldindan belgilash;
davlat mulkini xususiylashtirishga ko‘maklashish, aksionerlik jamiyatlari tashkil etish;
don, moyli urug‘lar va tayyor mahsulotning ilmiy asoslangan narxlarini ishlab chiqish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashda qatnashish;
qo‘shma va kichik korxonalar barpo etish ishlarini tashkil qilish;
kadrlar siyosatini ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish, kadrlar rezervlarini shakllantirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
konsern tarkibiga qiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarda amaldagi qonunchilikning to‘g‘ri qo‘llanilishini tashkil etish, shuningdek, konsern ichida birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar o‘rtasida, qishloq xo‘jaligi va boshqa korxonalar va tashkilotlar bilan iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
III. KONSERNNING FUNKSIYALARI
11. Asosiy vazifalariga muvofiq konsern quyidagilarni ta’minlaydi:
mehnat jamoalarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotishlari, ishlarni bajarishi va xizmat ko‘rsatishlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish hamda ularning faoliyatiga amaliy yordam berish;
tadqiqotlarni bajarish va mahsulotlar, xomashyo, texnika va texnologiyaning yangi turlarini ishlab chiqish hamda ularning ishlab chiqarishga joriy etilishini jadallashtirish maqsadida yagona ilmiy-texnika va texnologiya siyosatini o‘tkazish;
o‘z mahsulotlarini va konsern a’zolarining mahsulotlarini sotish bo‘yicha eksport-import a’mollarini bajarish;
bozor konyunkturasini o‘rganish, savdoni rivojlantirish, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy aloqalarni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, o‘zining tashqi iqtisodiy xizmatini tashkil etish;
iste’molchilar talabiga chaqqon javob berish imkonini beruvchi ishlab chiqarish-xo‘jalik tuzilmalarini shakllantirish;
oqilona ixtisoslashtirish va kooperativlashtirish, o‘zaro foydali to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish;
konsern birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini davlat buyurtmalarida nazarda tutilgan xomashyo, moddiy-texnika va tovar resurslar bilan barqaror ta’minlash, ta’minotning progressiv tashkiliy va tijorat shakllarini qo‘llash;
ishlab turgan korxonalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish, kengaytirish, rekonstruksiyalash va texnika bilan qayta jihozlash uchun konsern investitsiya siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashish;
xo‘jalik hisobi munosabatlarini hamda birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashini rivojlantirish;
boshqaruv tizimini takomillashtirish ishlarini amalga oshirish, xo‘jalik mexanizmining yangi shakllarini joriy etish, ishlab chiqarish, ilmiy va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi va integratsiyasi samaradorligini oshirish;
istiqbolda o‘zining bank kredit-hisob-kitob xizmatini tashkil etish hamda konsern va uning tarkibiga qiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning barqaror iqtisodiy holatini ta’minlashga qaratilgan yagona tijorat va moliya siyosatini o‘tkazish;
mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha faol kadrlar siyosatini yurgizish;
konsern birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini mashinalar, asbob-uskunalar va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlashda vositachilik funksiyalarini amalga oshirish;
respublika don mahsulotlari tarmog‘ida qonunchilikning qo‘llanilishi amaliyotini umumlashtirish va takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda huquqiy ishlarni yaxshilash.
IV. KONSERNNING HUQUQLARI
12. Konsern quyidagi huquqlarga egadir:
o‘z tarkibiga kiruvchi ishtirokchi korxonalarning manfaatlarini davlat organlarida, sudda va hakamlik sudi organlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va birlashmalarda himoya qilish;
davlat mulkiga egalik qilish va uni boshqarish bilan bog‘liq masalalarda davlat manfaatlarini himoya qilish;
belgilangan tartibda konsern filiallari va vakolatxonalari, shuningdek xorijiy sheriklar bilan qo‘shma korxonalar, firmalar, birlashmalar tashkil etish. Tashqi iqtisodiy bitimlar (shartnomalar) tuzish va ulardan foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun xorijiy firmalarni jalb etish.
Filiallar va vakolatxonalarga konsern mol-mulki hisobidan asosiy va aylanma mablag‘lar beriladi hamda ular konsern tomonidan tasdiqlangan nizomlar asosida faoliyat ko‘rsatadilar;
konsern xodimlarini belgilangan tartibda chet elga xizmat safariga yuborish;
konsern Kengashining qaroriga ko‘ra umuman konsern va uning alohida ishtirokchilari manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun markazlashtirilgan maqsadli jamg‘armalar, moliyaviy mablag‘lar rezervlari, shu jumladan valyuta mablag‘lari rezervlari tashkil etish;
o‘z mablag‘larini qo‘shma va kichik korxonalar tashkil etilishiga sarflash hamda foyda (daromad)ning tegishli ulushini, dividendlar yoki ijtimoiy ne’matlar olgan holda boshqa tadbirlarni amalga oshirish;
ishtirokchilarning birgalikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
ishtirokchilarning roziligi bilan ayrim funksiyalarning bajarilishini va huquqlarning amalga oshirilishini ta’minlash;
tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan ishonib topshirilgan mol-mulkdan samarali foydalanishni ta’minlash;
belgilangan tartibda aksiyalar va boshqa qimmatdor qog‘ozlar chiqarish, ular bilan qonunchilikda yo‘l qo‘yilgan a’mollar o‘tkazish;
o‘z nomidan shartnomalar tuzish, sudda, hakamlik va hakamlar sudida da’vogar va javobgar bo‘lish;
maqsadli dasturlarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun tashqi bozorda realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlardan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar olgan valyuta tushumi hisobidan belgilangan tartibda valyuta jamg‘armasi tashkil etish;
sotishning bozor talablarini hisobga olgan holda konsern non yopish tarmoqlari korxonalari mahsulotlar uchun normativ-texnika hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash;
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan konsern zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot va ma’lumotlarni talab qilib olish;
zarur bo‘lgan hollarda respublikaning boshqa vazirliklari, idoralari, davlat qo‘mitalari va konsernlari bilan birgalikda qo‘shma yo‘riqnomalar va ko‘rsatmalar chiqarish.
“O‘zdonmahsulot” konsernining o‘z vakolatiga qiruvchi davlat don resurslarining sifati, ularning harakati va ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha yo‘riqnoma va ko‘rsatmalari idoraviy bo‘ysunishlaridan qat’i nazar, barcha tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
V. KONSERN IShTIROKChILARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
13. Yuridik shaxs huquqidan foydalanuvchi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga amal qiluvchi, konsern Ustavini e’tirof etuvchi va konsernning maqsad va vazifalariga muvofiq ishlab chiqarish-xo‘jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish yuzasidan o‘z zimmasiga majburiyat qabul qilgan, 1992-yil 1-yanvardagi ro‘yxatdagi tarkib bo‘yicha bir ishlovchi hisobiga 50 so‘m miqdorida kirish badali to‘lagan mulkchilikning har qanday shaklidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar iqtisodiy manfaatlarining umumiyligi asosida konsern ishtirokchilari bo‘lishlari mumkin.
14. Konsern ishtirokchilari quyidagi huquqlarga egadir:
konsern, uning xo‘jalik bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va beriladigan axborotdan, ularning buxgalteriya uchyoti ma’lumotlaridan, hisobot va boshqa hujjatlaridan, shuningdek, konsernning boshqa ishtirokchilari mahsulotlari, ishlari va xizmatlaridan birinchi navbatda foydalanish;
konsern va uning ishtirokchilari faoliyati masalalari bo‘yicha konsern rahbar organlarining ko‘rib chiqishi uchun takliflar kiritish;
o‘zining moliyaviy ahvolini mustahkamlash va xo‘jalik faoliyati samaradorligini oshirish uchun konserndan Kengash qaroriga ko‘ra belgilangan tartibda moliyaviy va boshqa yordam olish;
konsern apparati xodimining noqonuniy faoliyati tufayli yetkazilgan zararning qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish;
foyda (daromad)ning tegishli ulushi, dividendlar yoki ijtimoiy ne’matlar olgan holda o‘z mablag‘larini konsern tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarga sarflash.
15. Konsern ishtirokchilari quyidagilarga majburdir:
ta’sis shartnomasi qoidalariga va konsern Ustaviga rioya qilish;
konsern rahbar organlarining qarorlarini bajarish;
konsernning markazlashtirilgan jamg‘armalari va rezervlarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan badallar va ulushlari ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda va usulda o‘z vaqtida va to‘la hajmda to‘lash;
tasdiqlangan davlat statistika axborotiga muvofiq o‘z moliya-xo‘jalik faoliyati va moliyaviy ahvoli to‘g‘risida axborot taqdim qilish;
konsern va uning ishtirokchilari uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq mahsulotlar, ishlar, xizmatlarni birinchi navbatda amalga oshirish;
soliqlar va to‘lovlar to‘g‘risida respublikada amal qiluvchi qonunchilikka muvofiq budjet bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish;
konsernning tijorat siriga rioya qilish.
Konsern ishtirokchilariga uning Kengashi qarori bilan qo‘shimcha ravishda boshqa huquq va majburiyatlar berilishi mumkin.
16. Konsern boshqaruvining tashkiliy tuzilmasiga quyidagilar kiradi: konsern ishtirokchilari vakillarining konferensiyasi, konsern Kengashi, rais boshchilik qiladigan konsern boshqaruvi va ijroiya ishchi apparat.
Konferensiya konsernning yuqori organi hisoblanadi.
Konferensiya quyidagilarni amalga oshiradi:
konsern raisini, uning o‘rinbosarlarini, Kengash a’zolarini va 7 nafardan iborat konsern boshqaruvi a’zolarini 5 yil muddatga saylash;
konsern faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
konsern Ustavini o‘zgartirish;
taftish komissiyasini saylash;
Konsern konferensiyasi rais tomonidan bir yilda kamida bir marta chaqiriladi.
Konferensiya qarori ochiq yoki yashirin ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi, bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va konsern raisining buyruqlari, farmoyishlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
17. Birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar (muassislar) vakillari konferensiyasi tomonidan saylanadigan konsern Kengashi boshqaruvning yuqori organi hisoblanadi.
Konsern Kengashining maqomi va ishi Kengash to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi. Konsern Kengashining belgilangan tartibda qabul qilingan qarori konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
18. Konsern Kengashi:
konsern ishlab chiqarish-xo‘jalik, ilmiy-texnika va ijtimoiy rivojlanishi strategiyasini belgilaydi, xo‘jalik faoliyatining, fan-texnika taraqqiyotini jadallashtirishning, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirishning, mehnat jamoalarini ijtimoiy rivojlantirishning, respublika aholisining don mahsulotlariga, chorvachilikning omixta ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini qondirishning muhim masalalarini hal etadi;
konsern boshqaruvi ishchi apparatining xodimlari soni va tuzilmasini hamda uni saqlash xarajatlarini belgilaydi;
konsern a’zolarining takliflari asosida konsern iqtisodiy rivojlanishining istiqbol rejalari konsepsiyasi va prognozlarini tasdiqlaydi;
boshqaruv tomonidan qonun chiqaruvchi organlarga kiritiladigan muhim me’yoriy hujjatlarning loyihalarini ko‘rib chiqadi;
korxonalar va tashkilotlar uchun davlat buyurtmalari Nizomga muvofiqligini belgilaydi;
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar o‘rtasidagi xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqish uchun hakamlar sudini tasdiqlaydi;
konsern boshqaruvining moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilishni amalga oshirish uchun besh yil muddatga taftish komissiyasini saylaydi;
konsern tarkibiga yangi a’zolar qabul qilish va uning tarkibidan chiqish masalalarini hal etadi;
konsernning investitsiya siyosatini tasdiqlaydi;
konsernning, uning boshqaruvining, shuningdek, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning asosiy vazifalari va funksiyalari bajarilishini ko‘rib chiqadi va baho beradi;
konsern moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotni tasdiqlaydi;
zarar ko‘rib va samarasiz ishlayotgan ayrim birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi masalalarni belgilangan tartibda hal etadi.
19. Konsern Kengashining majlislari bir yilda kamida ikki marta o‘tkaziladi.
Konsern Kengashining qarori ochiq yoki yashirin ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Kengashning har bir a’zosi bitta hal qiluvchi (muassislar) va maslahat ovozi huquqidan foydalanadi. Kengash majlisida Kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashishi shart.
Konsern Kengashi tomonidan qabul qilinadigan yechim qaror bilan rasmiylashtiriladi va uni konsern Kengashi raisi imzolaydi.
20. Konsern Kengashi qarorlarini hayotga tatbiq etish uchun konsern boshqaruvi va uning ishchi apparati tashkil etiladi. Konsern boshqaruvi va ishchi apparati kelishilgan normativlar bo‘yicha birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar foydasidan ajratmalar, shuningdek, o‘zining tijorat faoliyatidan olinadigan mablag‘lar hisobidan saqlanadi.
21. Konsern boshqaruvi:
ilmiy-texnika, iqtisodiy rivojlanish va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida birgalikdagi faoliyat yo‘nalishlari va shakllarini ishlab chiqadi;
tarmoq davlat buyurtmasini joylashtirishni tashkil etadi;
Kengashning roziligi bilan konsernning markazlashtirilgan jamg‘armalari va rezervlaridan, shu jumladan valyuta jamg‘armalari va rezervlaridan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
konsern ishchi apparati xodimlari mehnatiga haq to‘lash va mukofotlash tartibi va shartlarini tasdiqlaydi;
konsern zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun davlat, mehnat jamoalari va konsern Kengashi oldida to‘la javob beradi;
konsern Kengashining majlislari o‘rtasidagi davrda konsernni boshqarishni amalga oshiradi.
22. Boshqaruv majlislari har oyda kamida bir marta o‘tkaziladi. Boshqaruv konsern faoliyatining har qanday masalalari bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi, konferensiya va konsern Kengashi vakolatiga tegishli bo‘lgan masalalar bundan mustasnodir.
Boshqaruv qarori ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
23. Konsern Raisi va uning o‘rinbosarlari konferensiya tomonidan saylanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Konsern raisi:
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijro etilishini tashkil etadi, konsernning birgalikdagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlar va farmoyishlariga, direktiv organlarning boshqa qarorlariga amal qiladi;
konsern Kengashi va uning ijroiya apparati ishiga boshchilik qiladi, davlat buyurtmasini joylashtirish uchun davlat boshqaruvi organlari oldida javob beradi;
obyektlarni me’yoriy muddatlarda ishga tushirishga qaratilgan konsern investitsiya siyosatini amalga oshiradi;
o‘z vakolatlari doirasida buyruq va farmoyishlar chiqaradi, Nizom va ustavlarni tasdiqlaydi, moliyaviy hisobot va boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi, ishonchnomalar beradi, shartnomalar tuzadi, davlat boshqaruvi organlarida konsern manfaatlarini ifodalaydi, amaldagi qonunlar va konsern Ustavi doirasida uning mol-mulkini va mablag‘larini boshqaradi, bitimlar tuzadi va a’mollarni bajaradi;
konsern ishtirokchilari bo‘lgan birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xo‘jalik faoliyati uchun iqtisodiy shart-sharoitlarning (investitsiyalar, kredit berish va boshqalarni tartibga solish) kompleks hal etilishini ta’minlaydi;
konsern Kengashi bilan birgalikda xo‘jalik hisobidagi firmalar, aksionerlik jamiyatlari, tijorat banklari va tijorat, tashqi savdo, moliya, yuridik va boshqa xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha bo‘linmalar tashkil etadi, shuningdek MDHda va xorijda konsern firmalari, vakolatxonalarining, qo‘shma korxonalarning, shu jumladan xorijiy firmalar bilan birgalikda, muassisi bo‘ladi.
progressiv texnologiyalar, mahsulotlar va texnikaning yangi turlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha fan-texnika siyosatini amalga oshiradi;
belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga konsern vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qonunchilik va boshqa me’yoriy hujjatlarning loyihalarini kiritadi;
o‘ziga berilgan vakolatlarga muvofiq konsern birlashmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalari tomonidan amaldagi qonunchilikka, respublika hukumatining va konsern Kengashining qarorlariga zid ravishda chiqarilgan buyruqlar, yo‘riqnomalarni bekor qiladi;
konsernga kirgan davlat birlashmalari, korxonalari, tashkilotlari va muassasalarining rahbarlarini konsern boshqaruvining taqdimnomasi bo‘yicha ishga tayinlaydi va ishdan bo‘shatadi;
konsern ishchi apparatining shtatlarini, shuningdek, uning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlaydi, apparat xodimlarini ishga tayinlaydi va ishdan bo‘shatadi, lavozim maoshlari va ularga ustamalarni belgilaydi, apparat xodimlari ta’tilining qancha davom etishini belgilaydi, rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘radi va intizomiy jazo beradi. Konsern raisi o‘rinbosarlarining va apparat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining xizmat vazifalari doirasini belgilaydi;
konsern vakolatiga kiruvchi ayrim masalalarning hal etilishini ishchi apparat bo‘linmalariga, shuningdek, konsern birlashmalari, korxonalari va tashkilotlariga topshiradi;
konsern boshqaruvi organlarining qarorlari loyihalarini tayyorlash bilan bog‘liq analitik, muvofiqlashtiruvchi va rejali ishlarni yuritadi;
Kengash, konferensiya va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi oldida konsern zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun to‘la javob beradi. Raisning vakolatiga kiruvchi masalalar doirasi bo‘yicha ular oldida vaqt-vaqti bilan hisob beradi.
VI. KONSERNNING MOL-MULKI
24. Konsernning mol-mulki uning ustav fondini tashkil etuvchi asosiy fondlar va aylanma mablag‘lardan, shuningdek, konsern ishtirokchilari tomonidan unga ulush, badal ko‘rinishida berilgan mol-mulkdan, konsern ishtirokchilari tomonidan xo‘jalik faoliyati natijasida yetishtirilgan mahsulotlardan va olingan daromadlardan, konsern tomonidan boshqa asoslar bo‘yicha olingan hamda qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa mol-mulkdan iborat bo‘ladi.
25. Konsernga birkitilgan mol-mulk uning mustaqil balansida hisobga olinadi.
26. Konsern har bir ishtirokchisining ulushlari va badallari miqdori, ularning tarkibi, berish muddatlari va tartibi ta’sis shartnomasi yoki boshqa shartnomalar, konsern Kengashining qarori bilan belgilanadi.
27. Konsern ishtirokchilarining mol-mulki tarkibiga pul mablag‘lari, shu jumladan, vatan va xorijiy valyutada ham, binolar, asbob-uskunalar, transport vositalari, xomashyo, materiallar, boshqa moddiy resurslar va qimmatdor qog‘ozlar kirishi mumkin.
Qo‘shiladigan mol-mulkning qiymati konsern ishtirokchilari komissiyasining qo‘shma qarori bilan belgilanadi.
Mol-mulkni baholash bo‘yicha xarajatlarni uni ulush sifatida taklif qilayotgan konsern a’zosi to‘laydi.
Har qanday ulush so‘mlarda baholanadi va ustav fondida ishtirokchining ulushini tashkil etadi.
Mol-mulk konsern ishtirokchilariga faqat foydalanish uchun berilgan hollarda ishtirokchilarning badali va tegishli ulushi miqdori shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulkdan foydalanishning butun davri uchun hisoblab chiqilgan bu mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan ijara haqidan kelib chiqib belgilanadi.
28. Markazlashtirilgan fondlar va konsernning rezervlari konsern ishtirokchilarining daromadlari hisobidan hosil bo‘ladi, ularning miqdori va ularni berish tartibi konsern Kengashi tomonidan belgilanadi.
29. Konsern tomonidan yangidan tashkil etiladigan firmalar va korxonalarning ustav fondlari quyidagilar hisobidan shakllanadi:
aksiyalarni sotish;
markazlashtirilgan fondlar va konsern rezervlari;
amortizatsiya ajratmalari, banklarning kreditlari sifatida ijaraga topshirilgan davlat mulkidan konsernga kelib tushuvchi ijara haqi.
30. Aksionerlik kapitali hosil qilish va undan foydalanish, chiqariladigan aksiyalarning toifalari, ularning nominal qiymati, turli toifalardagi aksiyalarning nisbati, konsern ishtirokchilari tomonidan sotib olinadigan aksiyalar soni, ularni chiqarish muddatlari to‘g‘risidagi masalalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq konsern Kengashi tomonidan belgilanadi.
VII. KONSERNDAN ChIQISh VA FAOLIYATNI TO‘XTATISh
31. Konsern ishtirokchilari yozma ariza berilgandan olti oy keyin, lekin ilgari qabul qilingan shartnoma majburiyatlarini albatta bajarish sharti bilan konsern tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
32. Konsern faoliyatining to‘xtatilishi konsern ishtirokchilari konferensiyasining majlisida ishtirok etgan a’zolarning uchdan ikki qismi ovozidan iborat ko‘pchilik ovoz bo‘yicha konsernni qayta tashkil etish yoki tugatish yo‘li bilan, shuningdek, boshqa hollarda qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda yuz beradi.
33. Konsern qayta tashkil etilganda konsernga tegishli bo‘lgan barcha huquq va majburiyatlar uning huquqiy vorisiga o‘tadi.
34. Konsernning tugatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ tugatish komissiyasini tayinlaydi.
35. Tugatish komissiyasi mavjud mol-mulkni baholaydi, tugatish balansi tuzadi va uni konsern konferensiyasiga taqdim etadi.
36. Konsernning pul mablag‘lari, tugatish paytida sotilgan mol-mulkdan tushgan tushum ham shu jumlaga kiradi, ishchi apparat xodimlari bilan hisob-kitob qilingandan va banklar, budjet va boshqa kredit beruvchilar oldidagi majburiyatlar bajarilgandan keyin tugatish komissiyasi tomonidan konferensiya tomonidan belgilangan tartibda konsern ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
37. Konsern o‘zining mavjud bo‘lishini Davlat ro‘yxatga olish daftaridan chiqarilgan vaqtdan boshlab to‘xtatadi.
VIII. KONSERNNING TASDIQLANGAN USTAVIGA O‘ZGARTISh VA QO‘ShIMChALAR KIRITISh TARTIBI
38. Qabul qilingan Ustavga konsernni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga va amaldagi qonunchilikka zid bo‘lmagan o‘zgartish va qo‘shimchalar konsern a’zolari tomonidan konsern Kengashining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taqdim etilishi mumkin.
1992-yil 29-fevralda “O‘zdonmahsulot” konserni Ta’sis konferensiyasi tomonidan ma’qullangan