Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda iqtisodiy tadqiqotlar sifati va rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda uzoq vaqt davomida yigʻilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi jiddiy tizimli muammolarni hal etish, aholining munosib hayot kechirishini taʼminlash va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari va ijtimoiy soha yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun masʼul vazirlik va idoralar faoliyatida ishonib topshirilgan tarmoq yoki sohani uzoq muddatli rivojlantirish toʻgʻrisida tasavvur mavjud emas, iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi muammolarni hal qilish choralarini ishlab chiqishda tashabbuskorlik koʻzga tashlanmayapti.
Bundan tashqari, tayyorlanayotgan hujjatlar loyihalarini sifatli va har tomonlama ekspert-tahliliy oʻrganishni taʼminlashga, ularning ehtimoliy oqibatlarini baholashga yetarlicha eʼtibor berilmayapti.
Ayrim vazirliklar va idoralarning faoliyatida aholi va tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha ehtiyojlarini hisobga olmagan holda idoraviy va sohaviy manfaatlarni ilgari surishda namoyon boʻlayotgan eskicha yondashuvlar saqlanib qolinmoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish boʻyicha ishlab chiqilayotgan tashabbuslarning sifatini, olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan tadqiqotlarni islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirish hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning rolini oshirish maqsadida:
1. Iqtisodiy tadqiqotlar markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
chuqur oʻrganilgan, shu jumladan rivojlangan xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan amaliyotlarni hisobga olgan holda, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning strategik yoʻnalishlari, xususan, iqtisodiyot, moliya, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish;
iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi muhim tizimli muammolarni global va mintaqaviy xavf-xatarlar taʼsirini hisobga olgan holda hal qilish choralarini ishlab chiqish maqsadida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa manfaatdor tomonlarning samarali tarmoqlararo va idoralararo hamkorligini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlarining resurslari va mablagʻlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini hal qilish yoki ustuvor strategik vazifalarni amalga oshirishning eng maqbul yoʻllarini topish uchun samarali safarbar etish, birlashtirish va ulardan oqilona foydalanishga koʻmaklashish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda iqtisodiy modellashtirishning zamonaviy vositalarini qoʻllash orqali ishlab chiqilayotgan va amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat chora-tadbirlarining ssenariylari va natijalarini tahlil qilish;
hududlarni kompleks rivojlantirish masalalarini oʻrganish, respublika mintaqalarining raqobatdagi ustunligi, shuningdek, mavjud salohiyati, resurslari va zaxiralaridan samarali foydalanishdan kelib chiqqan holda ularni rivojlantirish va ixtisoslashtirishga strategik yondashuvlarni shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ishlab chiqilayotgan va amalga oshirilayotgan tashabbuslar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga taʼsirini baholashni tashkil etish, ularni tuzatish boʻyicha takliflar berish;
iqtisodiyotga nisbatan boshqaruv yukini maqbullashtirish, huquqni qoʻllash amaliyotining samaradorligini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohada ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari sifatini oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasiga ekspert, axborot-tahliliy va boshqa texnik yordam materiallarini umumlashtirish va ularni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni isloh qilish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash;
mahalliy va xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va hududlarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini ommaviy axborot vositalari, konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlarda ochiq muhokama qilishni tashkil etish;
ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, xorijiy ilmiy markazlar va ekspertlar bilan hamkorlik qilish va ushbu sohadagi davlat siyosatining samarali chora-tadbirlari boʻyicha takliflar kiritish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi bir vaqtning oʻzida Markaz direktori hisoblanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
4. Davlat organlari va tashkilotlari, tahliliy va tadqiqot markazlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tadbirkorlik subyektlari, fuqarolik jamiyati va ekspertlar hamjamiyati vakillari, boshqa manfaatdor tomonlarning samarali tarmoqlararo va idoralararo hamkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida Markaz negizida “ochiq makon” tamoyili asosida ochiq innovatsion platforma tashkil etilsin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
davlat organlarining jamoatchilik va ilmiy hamjamiyat bilan, shu jumladan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish, jamiyat va davlatning oʻzaro qayta aloqa mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohada yuzaga keladigan muammolarni muhokama qilish orqali oʻzaro hamkorlik qilish uchun Internet tarmogʻida maxsus portal yaratish;
ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish boʻyicha ishlab chiqilayotgan tashabbuslarni va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini keng muhokama qilish, shuningdek, barcha tomonlarning manfaatlari hisobga olinishini taʼminlash maqsadida mutaxassislar, asosan xususiy sektor vakillari orasidan ilmiy-tadqiqot guruhlarini shakllantirish;
vakolatli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ishbilarmon doiralar, ekspertlar hamjamiyati va keng jamoatchilik vakillari bilan tematik uchrashuvlar va muhokamalarni tashkil qilish;
ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishga qaratilgan tashabbuslar va normativ-huquqiy hujjatlarni amalga oshirishning amaliy masalalarini hal qilishda manfaatdor tomonlarning bevosita ishtirokini, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali taʼminlash;
oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun Markaz faoliyatida va tashkil etilayotgan tadbirlarda ishtirok etish orqali amaliy koʻnikmalarni oshirish maydonini yaratish.
5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori (keyingi oʻrinlarda — Akselerator) faoliyatini tashkil etish hamda davlat organlari va tashkilotlari resurslarini jalb qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi jiddiy muammolarni jadallik bilan tezkor va samarali hal qilish maqsadida Markaz tuzilmasida Akseleratorning ishchi organini tuzish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Markaz direktori Akseleratorning rahbari hisoblanadi;
har chorakda Markaz tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar natijalari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va ularning natijadorligini baholash, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar materiallarini oʻrganish, vazirliklar va idoralarning takliflari asosida tarmoqlararo va idoralararo darajada hal qilinishi zarur boʻlgan muammoli masalalar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) tuziladi;
Oldingi tahrirga qarang.
roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi boʻlinmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti bilan kelishiladi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida va Markazning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
roʻyxatga kiritilgan muammolarni hal qilishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqa boʻlinmalari bilan yaqin hamkorlikda muammolarning har biri boʻyicha ishchi guruh shakllantirish va Markaz xodimlari orasidan muvofiqlashtiruvchini tayinlash orqali amalga oshiriladi.
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining Vazirlar Mahkamasi va kelajak vazirligi huzuridagi Hukumat akseleratori timsolida Akseleratorni rivojlantirishga, shuningdek, uning xodimlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar xodimlarini oʻqitishni tashkillashtirishga koʻmaklashish uchun tayyor ekanligini bildirganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Markaz zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi PF-5614-son Farmoni bilan tashkil etilgan 2019 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yoʻnalishlarining “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha Iqtisodiy kengash huzuridagi Xalqaro ekspertlar guruhi faoliyatini tashkil etish, respublikaning vazirlik va idoralariga shartnoma asosida jalb qilingan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga texnik koʻmak dasturlarida ishtirok etayotgan xorijiy maslahatchilar bilan hamkorlik qilish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
7. Belgilansinki:
Markaz yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan davlat muassasasi boʻlib, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi oldida hisobdordir;
Markaz qayta tashkil etilgan Iqtisodiy tadqiqotlar markazining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan hamda maqomi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shuʼba mudiriga tenglashtirilgan ikki nafar oʻrinbosarga ega;
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
Markazning rahbar va ilmiy xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari va tibbiy xizmat koʻrsatish tartibi qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markazning ilmiy va amaliy faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalariga yuklansin.
(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
8. Markazga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida tadqiqotlar olib borishga jalb qilish;
tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash boʻyicha xalqaro tashkilotlar, jamgʻarmalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari va oʻquv muassasalari bilan shartnomalar tuzish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot-tahliliy sharhlar va maʼruzalar, “Ekonomicheskoye obozreniye” ilmiy-tahliliy jurnalini va boshqa nashrlarni chop etish;
Markazga yuklangan vazifalarni bajarish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlardan zarur statistik, tahliliy va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-avgustdagi PQ-5223-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 07/21/5223/0797-son)
9. Markaz direktoriga, zarur hollarda, Markazning tasdiqlangan tarkibiy tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, muayyan tashabbuslarni ishlab chiqish va oldiga qoʻyilgan boshqa vazifalarni hal qilish maqsadida shuʼbalar doirasida boʻlinmalar tashkil etish huquqi berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari (Z.Sh. Nizomiddinov) bir oy muddatda Markaz toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
11. Quyidagilar Markazni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi faoliyatiga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari asosida ajratiladigan mablagʻlar;
vazirlik, idora va muassasalar tomonidan ularning buyurtmalari asosida tadqiqotlar va baholash ishlarini olib borish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarining grant va maqsadli mablagʻlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilansinki:
ushbu bandning uchinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan mablagʻlar Markazning maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va Markaz xodimlarini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish va malakasini oshirish, shu jumladan xorijiy stajirovkalarni tashkil etish, tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, Markazning rasmiy veb-saytini yaratish va faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, jalb qilingan mahalliy va xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash uchun yoʻnaltiriladi;
Markaz direktori ushbu bandning toʻqqizinchi xatboshisida nazarda tutilgan hisobvaraq mablagʻlari hisobidan xodimlarga har oylik mehnatga haq toʻlash fondining 100 foizigacha miqdorida ustamalar belgilash huquqiga ega;
Markazning daromadlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari (Z.Sh. Nizomiddinov) 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi faoliyatiga koʻmaklashish jamgʻarmasidan 5 milliard soʻm miqdorida bir martalik begʻaraz moliyaviy yordam ajratsin.
12. Belgilansinki:
Markazning rahbar va ilmiy xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlarining bazaviy lavozim maoshi 1,5 baravar koʻpaytirilgan holda belgilanadi;
Markazning boshqa xodimlariga davlat boshqaruvi organlarida tegishli lavozimlar uchun oʻrnatilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi, ularning (yordamchi xodimlar bundan mustasno) lavozim maoshlarini belgilashda Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash tarif koeffitsiyenti 2 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi;
Markaz xodimlariga ilgari ishlagan joyida berilgan, shu jumladan koʻp yillik mehnati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustamalar va qoʻshimcha haqlar saqlanib qoladi, harbiy va maxsus unvonlarga ega boʻlmagan oliy yuridik maʼlumotli xodimlar uchun esa oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi organlari va muassasalari xodimlari uchun belgilangan martaba darajalari berilishi mumkin.
Markazning ayrim xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi boʻyicha haq toʻlash razryadlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan budjet ajratmalarini 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ijtimoiy soha uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida ajratsin, 2020-yildan boshlab esa ularni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin;
Markazga asoslantirilgan hisob-kitoblarga koʻra, binolarni taʼmirlash va zarur jihozlar, orgtexnika bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash), xizmat avtotransporti sotib olish (yangilash), isitish tizimi, shuningdek, Markaz faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar ajratsin;
Markaz direktori va uning oʻrinbosarlariga 3 dona shaxsiy biriktirilgan, shuningdek, 1 dona navbatchi xizmat avtotransportini saqlash uchun limit ajratsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi yangi tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, Markazning intellektual-tahliliy salohiyatini rivojlantirish uchun, shu jumladan xalqaro donorlarni jalb qilish choralarini koʻrishda Markazga koʻmaklashsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaz xodimlarini zarur aloqa turlari va vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan, shuningdek, keng polosali Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
16. Markaz:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning meʼyoriy va yoʻriqnoma hujjatlari majburiy tartibda yuboriladigan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, boshqa vazirlik va idoralarning statistik axborot byulletenlari majburiy tartibda yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Respublika tovar-xom ashyo birjasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar tadqiqotlar olib borish uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etsin.
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)
17. Markaz Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Novza koʻchasi, 6-uy manzilida joylashtirilsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Markaz tadqiqotlari natijalari ommaviy axborot vositalarida nashr etilishi va muhokama qilinishini tashkillashtirishga koʻmaklashsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 7-apreldagi “Iqtisodiy tadqiqotlar markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi F-982-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
20. Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-oktabr,
PQ-4471-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-avgustdagi PQ-5223-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 07/21/5223/0797-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi PQ-4471-son qaroriga
2-ILOVAOʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ayrim xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi boʻyicha haq toʻlash
RAZRYADLARI
| Lavozimlarning nomlanishi | Razryadlar |
| Bosh buxgalter | 14 |
| Yuriskonsult | 14 |
| Kompyuterda sahifalash boʻyicha muhandis | 12 |
| Xodimlar bilan ishlash boʻyicha mutaxassis | 11 |
| Katta muharrir | 10 |
| Kutubxonachi | 9 |
| Devonxona mudiri | 9 |
| Buxgalter | 9 |
| Muharrir | 9 |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 07/19/4471/3905-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 07/21/5223/0797-son; 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son; 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)