Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 10-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3113-3]
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-550-son “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-son “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda Oʻzbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-martdagi 2-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3113, 2019-yil 4-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2019-y., 10/19/3113/2422-son) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-oktabr,
463-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 10-oktabrdagi 463-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“xorijda doimiy yashayotgan va konsullik roʻyxatida turgan Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsi — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti;”;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 41-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 6-ilovasida koʻrsatilgan xorijiy mamlakatlar fuqarolari:
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida — 400 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda;
Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida — 200 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida — 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda koʻchmas mulkni sotib olgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi.”.
3. 50 va 51-bandlarning oltinchi xatboshilari “doimiy propiska qilingan” degan soʻzlardan keyin “shaxs tomonidan kamida uch yil lavozimda boʻlganligi munosabati bilan koʻchmas mulk sotib olinayotgan boʻlsa, ushbu” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. 65 va 66-bandlarning ikkinchi xatboshisidagi “Oʻzdavtexnazorat” degan soʻz “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi huzuridagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar koʻrsatish markazi” davlat unitar korxonasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. 116-banddagi “ichki ishlar organlariga” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 10/19/3113-3/3897-son)