Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ayrim hududlarda yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, ularning sifatini saqlash va zaxiralari kamayishining oldini olish, shuningdek, jadal surʼatlarda foydalanilayotgan ayrim konlarni qayta tiklash uchun ishlatilayotgan mavjud suv resurslarini tejamkorlik bilan sarflash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarining Nurota, Qoʻshrabot hamda Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida yer osti suvlari resurslarining jadal olinishi natijasida yer osti suvlari sathining pasayishi va zaxiralarining kamayishi kuzatilayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019-yil 1-noyabrdan 2021-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davrda Nurota, Qoʻshrabot va Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida suv olish uchun quduqlarni qazishga ruxsatnoma, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun moʻljallangan quduqlardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi tomonidan:
suvni tejash texnologiyalarini joriy etish hisobga olingan holda sugʻorish maqsadlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Oldingi tahrirga qarang.
hududiy rivojlantirish dasturlari va oqilona foydalanish hisobga olingan holda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalanish maqsadida — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda tegishli tumanlar hokimliklari bilan kelishilgan holda beriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi Nurota, Qoʻshrabot va Zomin tumanlari doirasidagi yer osti suvlarining sathi va sifati boʻyicha davlat monitoringini kuchaytirsin hamda monitoring natijalariga koʻra, kelgusida ushbu resurslarni olishni cheklash maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida 2019-yil oxiriga qadar Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
4. Nurota, Qoʻshrabot va Zomin tumanlari hududi doirasida 2020-yildan boshlab suvni kam talab qiladigan ekinlarni ekish va yetishtirishga, shuningdek, yerlarni sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtish mexanizmini joriy etilsin.
5. Ayrim hududlarda yer osti suvlaridan oqilona foydalanish va ularning zaxiralari kamayishining oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb ataladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tili matnida berilgan.
Tashkilotlar rahbarlari — masʼul ijrochilar zimmasiga Kompleks chora-tadbirlarda koʻrsatilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta ishlab chiqarishning har yilgi davlat dasturlari doirasida 2019 — 2021-yillar davrida yer osti suvlarini monitoring qilish ishlarini kuchaytirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Nurota, Qoʻshrabot hamda Zomin tumanlari doirasida quduqlarni noqonuniy burgʻulashga va yer osti suvlari olinishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha nazoratni kuchaytirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har chorakda monitoring olib borsin va hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasiga muntazam ravishda axborot kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qarori bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhga mazkur qaror bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar doirasida Nurota, Zomin va Qoʻshrabot tumanlarida yer osti suv zaxiralari kamayishining oldini olish ishlari bajarilishini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Hamrayev va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-oktabr,
855-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2019-y., 09/19/855/3841-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)