O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani” MChJ ishtirokida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish, maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanishni yanada yaxshilash, ularning to‘laqonli hayot faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash va ijtimoiy hayotga faol jalb etish, bolalar nogironligining oldini olish ishlarini kuchaytirish hamda imkoniyatlari cheklangan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va “LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani” MChJning:
Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hududida imkoniyati cheklangan bolalar uchun reabilitatsiya markazlari bo‘lgan 150 o‘rinli (har biri) ikkita ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotini;
Buxoro viloyati hududida 250 o‘rinli umumiy tipdagi maktabgacha ta’lim tashkilotini (keyingi o‘rinlarda obyektlar deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Obyektlarning binolari va inshootlarini loyihalashtirish, qurish, jihozlash va foydalanishga topshirish 2021-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda “LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani” MChJning homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga obyektlarni qurish uchun:
Buxoro shahri, G‘ijduvon ko‘chasidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1,5 gektar;
Qarshi shahri, Jayhun ko‘chasidagi “Roguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 1,9 gektar bo‘lgan tegishli yer uchastkalarining bir hafta muddatda belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin.
4. Toshkent viloyati hokimligi Qibray tumani, “Darxon” mahalla fuqarolar yig‘ini, Darxon ko‘chasi 201-uy manzilida joylashgan “Navbahor” sanatoriysi hududining bir qismi hisobidan 2 gektar bo‘lgan yer uchastkasining O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan bir hafta muddatda belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi mazkur qarorning 3 va 4-bandlarida ko‘rsatilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin.
6. Obyektlarni qurish doirasida:
“LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani” MChJ — buyurtmachi;
“SDS Proekt” MChJ — Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi obyektlar bo‘yicha bosh loyiha tashkiloti;
“O’ZSNANARSOZLIK LITI” DUK — Buxoro viloyatidagi obyekt bo‘yicha bosh loyiha tashkiloti;
“Yuksak parvoz qurilish” MChJ — Qashqadaryo viloyatidagi obyekt bo‘yicha bosh pudrat tashkiloti;
“Dong Seung Korea” MChJ — Toshkent va Buxoro viloyatlaridagi obyekt bo‘yicha bosh pudrat qurilish tashkiloti etib belgilansin.
7. Bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlariga, istisno tariqasida, qurilish-montaj ishlarini bir vaqtning o‘zida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan birgalikda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
8. Buyurtmachi — “LUKOYL O‘zbekistan Opereyting Kompani” MChJ, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari 2021-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatga vakolatli organlarda majburiy sertifikatlash tartibotlaridan o‘tishdan, shuningdek, obyektlarni qurish va jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar, detallar, ehtiyot qismlar va materiallar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbektelekom” AK, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish doirasida Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda tegishliligi bo‘yicha barcha muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlarini o‘z mablag‘lari hisobidan bepul asosda ko‘chirish, o‘tkazish va ulashni, irrigatsiya tizimlarini ko‘chirishni, shuningdek, obyektlarga olib boruvchi yo‘llar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi qoshidagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Belgilansinki, obyektlarni qurish va jihozlash doirasida 2022-yil 1-sentabrgacha bo‘lgan muddatda:
(10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 493-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 09/21/493/0759-son)
bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari tomonidan buyurtmachi — “LUKOYL O‘zbekiston Opereyting Kompani” MChJga taqdim etiladigan tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) “nol” stavka bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadi;
qurilish yakunlangandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga bepul asosda beriladigan obyektlar va mol-mulk soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 471-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)
12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha 2020-yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlarini shakllantirishda mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini saqlash uchun budjetdan zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qurilish-montaj ishlarini bajarish sifati bo‘yicha tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligining buyurtmasiga binoan obyektlar qurilishi doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarni qoplash hisob raqamiga yig‘imlar undirmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-oktabr,
839-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2019-y., 09/19/839/3861-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 09/21/493/0759-son; 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)