Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni sotish tartibini takomillashtirish hamda mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., 29-son, 335-modda) bilan tasdiqlangan Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 27-sentabr,
819-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi 819-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 6-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tez buziladigan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish barcha zarur hujjatlar (sinov bayonnomalari, ishlab chiqarishni baholash dalolatnomasi, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya xulosalari) taqdim etilgan vaqtdan boshlab bir kun mobaynida amalga oshiriladi. Boshqa turdagi mol-mulklarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish muddati qonun hujjatlarida belgilanadi”.
2. 18-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulklar sotilishini taʼminlashda mahalliy hokimiyat organlari bozor va savdo majmualarda savdo oʻrinlari va yarmarkalar tashkil etish orqali savdo tashkilotlariga koʻmaklashadi”;
ikkinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2019-y., 09/19/819/3819-son)