Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasi bilan xamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaning beshinchi majlisi yakunlariga koʻra erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil apreldagi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi va “Bir makon, bir yoʻl” ikkinchi xalqaro forumda ishtirok etishi, shuningdek muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyatini mustahkamladi.
Oʻzbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda HXK deb ataladi) navbatdagi majlisi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida hukumatlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich boʻldi.
Imzolangan ikki tomonlama bitimlar va erishilgan kelishuvlarning soʻzsiz va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. HXK majlisi yakunlari boʻyicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bank-moliya, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda umumiy qiymati 4 342,0 mln AQSh dollari boʻlgan bitimlar, memorandumlar va toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin va bu tomonlarning strategik sheriklik munosabatlarini yanada faollashtirishga intilishidan dalolat beradi.
2. 2019-yil 27 — 29-avgust kunlari Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaning beshinchi majlisi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha Amaliy tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda Reja deb ataladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
3. Vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar — Rejada koʻrsatilgan masʼul ijrochilar:
har bir loyiha boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
Rejadagi tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, ularning “ljro.gov.uz” tizimidagi ijrosi majburiy aks ettirilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Rejaning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborot hisobot oyidan keyingi oyning 3-sanasigacha taqdim etilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisobot oyidan keyingi oyning 7-sanasigacha har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Reja tadbirlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisida axborot kiritsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ijro etuvchi apparatiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga tasdiqlangan Rejaning bajarilish holatining tanqidiy tahlilini taqdim etsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-sentabr,
805-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2019-y., 09/19/805/3800-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)