Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi “Surxongeologiya” davlat korxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Surxondaryo viloyati mineral-xom ashyo bazasini jadal rivojlantirish, foydali qazilmalarning yangi konlarini tezkor aniqlash va shu orqali hududda yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish hamda viloyatda bajarilayotgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi “Hisorgeologiya” davlat korxonasining Surxondaryo dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi negizida “Surxongeologiya” davlat korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Surxongeologiya” davlat korxonasining asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlari etib belgilansin:
Surxondaryo viloyati mineral-xom ashyo bazasini jadal rivojlantirish, hududda foydali qazilmalarning yangi turlarini va ularning sanoatbop konlarini aniqlash hamda yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish uchun zamin yaratish;
hududning mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va koʻpaytirish boʻyicha uzoq, oʻrta muddatli va yillik davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, bunda geologiya-qidiruv ishlarining samarali bajarilishini taʼminlash;
geologiya-qidiruv ishlarini bajarishda zamonaviy texnika va texnologiyalarni, jahonda eʼtirof etilgan ilgʻor uslublarni, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
mahalliy kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini muntazam ravishda oshirish, zamonaviy bilim olishlari va tajriba orttirishlari uchun keng imkoniyatlar va zarur shart-sharoitlar yaratish, mehnatni ragʻbatlantirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Surxongeologiya” davlat korxonasini saqlash, xodimlarning mehnatiga haq toʻlash xarajatlari, shuningdek, korxonaning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishni moliyalashtirish mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va koʻpaytirish yillik davlat dasturlari doirasida ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining maxsus hisob raqamlari mablagʻlari, xoʻjalik shartnomalaridan olingan daromadlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bir oy muddatda:
“Surxongeologiya” davlat korxonasining ushbu qarorning 2-bandida belgilangan faoliyati yoʻnalishlari va asosiy vazifalari samarali bajarilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan ustavini va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 12 nafardan iborat tuzilmasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“Surxongeologiya” davlat korxonasining belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini va keyinchalik uning samarali faoliyatini taʼminlasin;
“Hisorgeologiya” davlat korxonasining Surxondaryo dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi obyektlarida foydalanilayotgan asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklarini “Surxongeologiya” davlat korxonasiga operativ boshqarish huquqi bilan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. “Surxongeologiya” davlat korxonasi tomonidan joriy yilda geologiya-qidiruv ishlari 2019-yilgi mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va koʻpaytirish davlat dasturida nazarda tutilgan Surxondaryo viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida bajarilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Surxongeologiya” davlat korxonasi maʼmuriy va ishlab chiqarish binolarini joylashtirish uchun Surxondaryo viloyati, Boysun tumani va unga yaqin hududdagi mavjud boʻsh turgan bino-inshootlar ajratilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqarov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-sentabr,
791-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2019-y., 09/19/791/3795-son)