O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga tinglovchilarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti” faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlari uchun istiqbolli kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-maydagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga tinglovchilarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-sentabr,
759-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi 759-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-maydagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga tinglovchilarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 13-bandga quyidagi mazmundagi oxirgi xatboshi qo‘shilsin:
“Institutga o‘qishga tavsiya etishda nomzodlarning o‘ziga va ularning hujjatlariga nisbatan qo‘yilgan talablarga qat’iy rioya etish, hujjatlarning haqqoniyligi va to‘g‘riligi bo‘yicha mas’uliyat tavsiya etayotgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklanadi”.
2. 19-bandda:
a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Har bir fan bo‘yicha 20 tadan savol tuziladi. Bunda, har bir savolning to‘g‘ri javobi uchun O‘zbekiston tarixi fanidan — 1,5 ball, iqtisodiyot nazariyasi fanidan — 1,6 ball va huquqshunoslik fanidan — 1,5 ball etib belgilanadi”;
b) to‘rtinchi xatboshidagi “67,5 balldan (75 foiz)” so‘zlari “49,5 (55 foiz) ball va undan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Test sinovidan o‘tganlar soni kvota bo‘yicha ajratilgan tinglovchilar soniga teng yoki undan kam bo‘lganda suhbat o‘tkazilmaydi”.
3. 23-bandda:
a) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Suhbat ikki qismdan iborat bo‘ladi. Birinchi qismda nomzodning vaziyatlar tahlili, muammoning qo‘yilishi, muammoning yechimi, hayotiyligi, ijro mexanizmi va nazorati, ikkinchi qismda vatanparvarligi, yetakchiligi, rahbarlik kasbiy mahorati, tizimli fikrlashi, kreativligi va innovatsiyalar bilan samarali ishlashi baholanadi”;
b) uchinchi xatboshidagi “60 ball” so‘zlari “110 ball” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) to‘rtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
g) beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishlicha to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/759/3730-son)