Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Toshkent shahrida kumushdan yasalgan buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 18-maydagi PF-5721-son Farmoniga muvofiq, umuman zargarlik tarmogʻining ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish, xususan faoliyat koʻrsatmayotgan mulkiy komplekslardan samarali foydalanish yoʻli bilan kumushdan yasalgan buyumlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar, Zargarlik koʻchasi, 46B-uy manzilida joylashgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli boʻlgan kumushdan buyumlar ishlab chiqarish belgilangan binolar va inshootlardan (keyingi oʻrinlarda binolar va inshootlar deb ataladi);
“Asaka” ATBning shuʼba xoʻjalik jamiyati — “Asaka Kapital Invest” MChJga tegishli boʻlgan kumushdan buyumlar ishlab chiqarish boʻyicha uskunadan (keyingi oʻrinlarda uskuna deb ataladi);
“Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga tegishli boʻlgan galvanika va affinaj uskunasidan uzoq vaqt mobaynida foydalanilmayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent shahar hokimligi, “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, “Asaka” ATB va “Souvenir” MChJning:
investor tomonidan uch yil mobaynida ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga hamda binolar va inshootlarni kapital taʼmirlashga, kamida 50 ta yangi ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltiriladigan kamida 1,0 mln AQSh dollari summasida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar olinishini nazarda tutadigan yiliga 2,0 tonnagacha kumushni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun binolar va inshootlarni “nol” sotish qiymati bilan “Souvenir” MChJga (keyingi oʻrinlarda investor deb ataladi) sotish;
“Asaka Kapital Invest” MChJga tegishli boʻlgan asbob-uskunalarni 837 548 724 (sakkiz yuz oʻttiz yetti million besh yuz qirq sakkiz ming yetti yuz yigirma toʻrt) soʻm miqdoridagi balans qiymati boʻyicha, toʻlovni foiz stavkasi hisoblamasdan boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzish, shuningdek, investor tomonidan “Oltin Standart” MChJning (mulkiy kompleks negizida zargarlik faoliyatini tashkil etish uchun “Asaka Kapital Invest” MChJ tomonidan tashkil etilgan) “Asaka Kapital Invest” MChJ tomonidan investitsiyalar va qarzlar tarzida kiritilgan majburiyatlarini qoplash yoʻli bilan sotish;
galvanika va affinaj “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining uskunalarini mol-mulkni baholash yakunlari boʻyicha “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzish yoʻli bilan sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
investor ushbu qarorning 2-bandiga muvofiq oʻz zimmasiga oladigan majburiyatlar bajarilgandan keyin binolar va inshootlarga mulk huquqi belgilangan tartibda toʻliq hajmda investorga oʻtadi;
investitsiya loyihasini amalga oshirish taʼminlanmagan taqdirda ushbu qaror bilan belgilangan shartlarga muvofiq “nol” sotish qiymati boʻyicha sotilgan binolar va inshootlar keyinchalik maqsadli foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qaytariladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 18-maydagi PF-5721-son Farmonida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 1-martdagi PQ-3577-son qarorida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari “Souvenir” MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarga tatbiq etilsin.
5. Toshkent shahar hokimi “1-Zargarlik korxonasi” davlat korxonasi bilan birgalikda “Souvenir” MChJga beriladigan binolar va inshootlarga avtonom kirib-chiqishni taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi investorning buyurtmanomalari boʻyicha investitsiya loyihasi faoliyatini tashkil etishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ega boʻlmagan mutaxassisliklar boʻyicha) hamda ularning oila aʼzolariga kirish vizalari, shu jumladan, koʻp martalik vizalar konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi investorning buyurtmanomalari boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga hamda ularning oila aʼzolariga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik vizalar berilishi va koʻp martalik vizalar uzaytirilishini hamda vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi investorning buyurtmanomalari boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etish uchun xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun ruxsatnomalar belgilangan tartibda oʻz vaqtida berilishini, uzaytirilishini, shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.Y. Xaydarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 27-avgust,
720-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2019-y., 09/19/720/3654-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)