Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4067-son qaroriga muvofiq, shuningdek, Chorvoq GESini yanada ishonchli va samarali ekspluatatsiya qilishni taʼminlash, obyektda favqulodda holatlar yuzaga kelishi xavfining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2018-yil 9-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasida imzolangan Hamkorlik kelishuviga muvofiq “Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) 2018 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasidagi Hamkorlik dasturiga kiritilganligi;
Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun zayom ajratilishi dastlab maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar investitsiya loyihasining moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Fransiya taraqqiyot agentligining 20 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davrga beriladigan 9,32 mln yevro miqdoridagi zayom mablagʻlari;
“Oʻzbekgidroenergo” AJning 3,39 mln yevro ekvivalentidagi oʻz mablagʻlari.
3. Quyidagilar:
“Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi, asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan birga 1-ilovaga* muvofiq;
“Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligi beradigan zayomni, zayom boʻyicha foizlarni va komissiya toʻlovlarini soʻndirishning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Fransiya taraqqiyot agentligi bilan zayom bitimini va “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan qayta kreditlash bitimini imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasida imzolangan zayom bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Belgilansinki:
“Oʻzbekgidroenergo” AJ investitsiya loyihasining tashabbuskori va zayom mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va loyihaning samarali amalga oshirilishi uchun masʼul zayom oluvchi hisoblanadi;
zayomni soʻndirish va zayom xizmatlari bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzbekgidroenergo” AJning oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
“Oʻzbekgidroenergo” AJning 4-qurilish direksiyasi investitsiya loyihasi doirasida loyiha yechimlarining obyektlardan foydalanish boʻyicha ishonchlilik va obyektlardan foydalanish xavfsizligi talablariga muvofiqligini aniqlash, shuningdek, kuzatib borish va texnik nazorat qilish, tovarlar, ishlar va xizmatlarni qabul qilish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun davlat kafolati ostida ajratilgan zayom mablagʻlari boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” AJ hisobidan haqiqatda qoplab berilgan barcha komissiya toʻlovlari, “Oʻzbekgidroenergo” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari qiymati bilan birga, loyiha qiymatini shakllantirishda inobatga olinadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi PQ-252-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.07.2024-y., 07/24/252/0523-son)
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov va “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.A. Sanginov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 22-avgust,
706-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2019-y., 09/19/706/3613-son; 18.07.2024-y., 07/24/252/0523-son)