Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi yillarda Jizzax viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda, buning natijasida yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 76 mlrd soʻm va eksport hajmi 20 mln AQSh dollaridan yuqori boʻlgan 5 mingdan ortiq kichik korxonalar tashkil etildi va faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, ayrim tumanlar rahbarlari tomonidan sanoat ishlab chiqarishlarini tashkil etish masalasida tizimli va amaliy choralar koʻrishga zarur eʼtibor qaratilmayapti, viloyatning mavjud ishlab chiqarish, xomashyo va eksport imkoniyatidan yetarli darajada foydalanilmayapti.
Jizzax viloyatini qoʻshimcha quvvatlardan foydalangan holda xom ayoshni chuqur qayta ishlash boʻyicha qoʻshimcha quvvatlarni tashkil etish, yuqori texnologiyali va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish orqali kompleks rivojlantirish, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini yaratish va hudud aholisining farovonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ushbu qarorga 1-ilovaga* muvofiq yer uchastkalari hisobiga “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda “Jizzax” EIZ deb ataladi) hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab quyilsinki:
“Jizzax” EIZ hududi kengaytirilishi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Jizzax” EIZ qatnashchilari tomonidan qoplanadi;
qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarini qoplashdan tushgan mablagʻlar yangi yerlarni oʻzlashtirish va sugʻoriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish uchun maqsadli sarflanadi.
3. Jizzax viloyatidagi foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obyektlari negizida tashkil etiladigan kichik sanoat zonalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar rus tilidgi matnda berilgan.
4. Belgilab quyilsinki:
Jizzax viloyati kichik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat koʻchmas mulki tadbirkorlik subyektlariga 5 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi, keyinchalik biznes-rejalarni bajarish, ish oʻrinlari tashkil etish va saqlash, barcha turdagi soliqlarni hamda boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash sharti bilan mulk huquqi beriladi;
kichik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat koʻchmas mulkidan foydalanganligi uchun ijara muddati davrida ijaraga berilgan maydonda amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab, ortib boruvchi koeffitsiyentlar qoʻllaniladi, ijara toʻlovining eng kam stavkalari belgilanadi.
5. Jizzax viloyat hokimligi:
a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Jizzax” EIZ hududining chegaralarini aniqlash va belgilash toʻgʻrisida Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Transport vazirligi, “Oʻztransgaz” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda “Jizzax” EIZning kengaytiriladigan hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobiga “Jizzax” EIZ hududining bosh rejasi ishlab chiqilishi taʼminlasin;
g) Jizzax viloyatidagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi bilan birgalikda Jizzax viloyatidagi “Jizzax” EIZ va kichik sanoat zonalari hududida loyihalar doirasida obyektlarni qurish yoki modernizatsiya qilish va oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha tasdiqlangan investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda tizimli nazorat qilinishini taʼminlasin;
d) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan Jizzax viloyati kichik sanoat zonalari hududining arxitektura rejasi ishlab chiqilishini taʼminlasin;
e) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda investorlar bilan ishlash va barcha aloqador davlat tuzilmalarining ishlarini “yagona darcha” tamoyili boʻyicha muvofiqlashtirish, shu jumladan, Jizzax viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududlaridan tashqarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi taʼsirchan mexanizmni tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev va Jizzax viloyat hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-avgust,
643-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2019-y., 09/19/643/3505-son)