Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Ayoqchi sel suv omborini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilash, sel-toshqin suvlarining salbiy taʼsirini yumshatish, shuningdek, meva-sabzavotchilik va chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Bosh loyiha tashkiloti “Oʻzsuvloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 16,8 mln kubm. hajmdagi sel suv ombori qurilishi nazarda tutilgan “Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Ayoqchi sel suv omborini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Ayoqchi sel suv omborini qurish” loyihasining(keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) texnik-iqtisodiy hisobi ilovaga muvofiq asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan tasdiqlansin.
3. Loyihani amalga oshirish boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining “Qashqadaryosuvqurilishinvest” davlat unitar korxonasi buyurtmachi etib belgilansin;
bosh pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tender savdosi asosida aniqlansin;
qurilishni yakunlash muddati 2023-yil 1-sentabr etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bosh loyiha tashkiloti “Oʻzsuvloyiha” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda 2019-yilning1-dekabriga qadar mazkur qarorning 2-bandi bilan tasdiqlangan texnik-iqtisodiy hisobga muvofiq ishchi hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini hamda vakolatli ekspertiza organlaridan belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi mazkur qarorning ilovasiga muvofiq talab etiladigan kapital qoʻyilmalarni:
joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi doirasida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan;
2020 — 2023-yillar davomida asosiy koʻrsatkichlarni har yili aniqlashtirib, Oʻzbekiston Respublikasining kelgusi yillar uchun Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirish jarayonida inobatga olinishini taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlari sifati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat oʻrnatsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Ruziyev loyihani amalga oshirish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanilishi hamda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek, loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardir.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev hamda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Ruziyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 29-iyul,
631-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-iyuldagi 631-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida Ayoqchi sel suv omborini qurish” loyihasi texnik-iqtisodiy hisobining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
|
T/r |
Koʻrsatkich nomi |
Oʻlchov birligi |
Qiymati |
shu jumladan budjet mablagʻlari |
|
1. |
Loyihaning umumiy qiymati* |
ming AQSh dollari ekvivalentida** |
32 277,8 |
32 277,8 |
|
2. |
Kapital qoʻyilmalar summasi, hammasi |
ming AQSh dollari ekvivalentida |
32 277,8 |
32 277,8 |
|
shu jumladan: |
||||
|
mashinalar va asbob-uskunalar |
ming AQSh dollari ekvivalentida |
112,2 |
112,2 | |
|
qurilish — montaj ishlari |
ming AQSh dollari ekvivalentida |
30 516,2 |
30 516,2 | |
|
boshqa xarajatlar |
ming AQSh dollari ekvivalentida |
1 649,4 |
1 649,4 | |
|
3. |
Selsuv ombor hajmi |
16,8 mln kubm. | ||
|
4. |
Sugʻoriladigan maydon |
4,9 ming ga | ||
|
5. |
Yaratilayotgan ish oʻrni*** |
14 kishi | ||
|
6. |
Investitsiya davri |
60 oy | ||
|
7. |
Yaratilayotgan ishlab chiqarish fondlar qiymati |
32 277,8 ming AQSh dollari ekvivalentida | ||
* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichi ishchi hujjatlar ishlab chiqilib, belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilgandan soʻng aniqlanadi.
** AQSh dollari kursi 2019-yil 23aprel holatiga — 8441,36 soʻm/AQSh dollari miqdorida olingan.
*** Suv omboridan foydalanish xizmatini tashkil etish.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 09/19/631/3486-son)