O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 19-iyundagi PQ-3786-son qaroriga muvofiq Toshkent shahrida eksperiment tariqasida joriy etilgan jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi doirasida kunu tun uch smenali patrul rejimi respublikaning boshqa hududlariga ham tatbiq etilganligi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Jamoat joylarida videokuzatuv tizimini qo‘llash va foydalanish metodikasi tasdiqlanganligi;
v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 11-oktabrdagi PF-5552-son Farmoniga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash kuchlarining uch smenali rejimdagi patrulini ta’minlash orqali sayyohlar uchun dam olishni tashkil etish dasturlarini tasdiqlagan holda Nukus shahri, viloyatlar markazlari va sayyohlar tashrif buyuradigan boshqa joylarda savdo-ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati tungi vaqtda cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan zonalarni aniqlash huquqi berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019-yil 15-oktabrdan boshlab jamoat xavfsizligi bo‘yicha umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarda quyidagi talablarni belgilagan holda ularning 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritishini ta’minlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida o‘n besh kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini o‘rnatish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-iyundagi 366-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.07.2024-y., 09/24/366/0459-son)
binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;
binoda shovqinning ruxsat etiladigan shovqin me’yorlariga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari va normalaridan oshmasligini ta’minlash, shu jumladan, obyektlarni to‘liq tovush o‘tkazmaydigan etib jihozlash yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan foydalanmaslik;
yong‘in o‘chirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘plami solingan tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;
binoning barcha uchun ko‘rinarli joylariga yong‘in va boshqa favqulodda (tezkor) vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘rnatish.
21. Ushbu qarorning 2-bandida belgilangan talablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 11-maydagi PQ-5113-son qaroriga muvofiq yirik shaharlar, viloyatlar va tumanlar markazlarida tashkil etiladigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarda tunu kun faoliyat yurituvchi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-sentabrdagi 587-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2021-y., 09/21/587/0894-son — 2021-yil 22-dekabrdan kuchga kiradi)
3. Belgilansinki:
umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlar rahbari tomonidan ushbu qarorning 2-bandida belgilangan talablar bajarilganligi haqida hududiy ichki ishlar organlariga belgilangan tartibda xabarnoma yuboriladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son — 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi)
ushbu qarorning 2-bandida belgilangan talablarga rioya etmagan holda tungi vaqtda faoliyat yuritish taqiqlanadi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ushbu qarorning 2-bandida belgilangan talablarga rioya etgan holda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarning qonuniy faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aralashish taqiqlanadi;
videokuzatuv tizimini o‘rnatish va ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish tegishli umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;
tungi vaqtda faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlar tomonidan mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan talablar buzilsa, Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor etish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomda belgilangan tartibda ularning tungi vaqtda faoliyat yuritish huquqi ichki ishlar organlari tomonidan to‘xtatib turilishi va tugatilishi mumkin.
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son — 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi)
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlardagi videokuzatuv tizimlarini “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksiga integratsiya qilishda ularga har tomonlama ko‘maklashsin;
Milliy gvardiya bilan birgalikda patrul guruhlari tomonidan tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlar joylashgan yo‘nalishlarda doimiy nazorat o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda:
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-iyundagi 366-sonli qarori tahririda —Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.07.2024-y., 09/24/366/0459-son)
belgilangan tartibda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar ro‘yxati majburiy tartibda mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishini.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-iyundagi 366-sonli qarori tahririda —Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.07.2024-y., 09/24/366/0459-son)
ushbu qarorning maqsadi, mohiyati va ahamiyati tadbirkorlik subyektlari orasida tushuntirilishini ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni B.X. Tashmatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-iyul,
624-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.07.2019-y., 09/19/624/3478-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2021-y., 09/21/587/0894-son; 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 02.07.2024-y., 09/24/366/0459-son)