O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son Farmonida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqishda oshkoralik va samaradorlikni oshirish maqsadida ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qarorida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasiga 2019-yil 1-aprelga qadar ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlari uchun mobil videokameralar hamda planshetlar xarid qilish choralarini ko‘rish topshirilgan.
2019-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tomonidan ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlari uchun mobil videokameralar hamda planshetlarni salohiyatli yetkazib beruvchilarni o‘rganish, shuningdek, taklif etilayotgan uskunaning texnik talablar va parametrlarga muvofiqligini sinovdan o‘tkazish va qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan ortiqcha sansalorlik va byurokratizm ushbu topshiriqning o‘z muddatida bajarilmasligiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-son qarorining so‘zsiz ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘ini bajarish muddatlari qo‘pol ravishda buzilganligi, belgilangan vazifalar bajarilishini tashkil etish choralari o‘z vaqtida ko‘rilmagani va nazorat o‘rnatilmagani uchun:
Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarorini bajarish muddatlari buzilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari X.B. Yusupovga va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R.M. Ergashevga hayfsan e’lon qilinsin;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘ini o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmaganligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisi A.S. Ibadullayev va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati 2020-yil 1-yanvargacha ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan ta’minlash uchun shaxsan mas’ul ekanligi haqida ogohlantirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qarorida:
1-bandning ikkinchi xatboshidagi “2019-yil 1-iyuldan” so‘zlari “2020-yil 1-yanvardan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
ilovaning (Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizom) 21-bandidagi “eng kam oylik ish haqining” so‘zlari “bazaviy hisoblash miqdorining” so‘zlari bilan almashtirilsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, ushbu qarorning 3-bandi uchinchi xatboshi 2019-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisi A.S. Ibadullayev va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-iyul,
556-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2019-y., 09/19/556/3377-son)